Kalomi sharifida: “Va o‘zingizdan oilasizlarni, qul va cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying, agar faqir bo‘lsalar Alloh O‘z fazlidan boy qilur. Alloh keng va o‘ta bilimdon Zotdir” , degan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin.
Hadisi shariflarida: “Kim uylansa, batahqiq iymonining yarmini mukammal qilibdi. Qolgan yarmida Allohga taqvo qilsin”, degan suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga behisob solavotu durudlar bo‘lsin.
Har bir ota-onaning eng intiqliq bilan kutadigan orzularidan biri farzandlarining nikoh to‘ylariga bosh bo‘lish, kelgan mehmonlarni xursandchilik bilan kuzatib qo‘yishdir. Bir qaraganda, bu ishlar go‘yoki, xamirdan qil sug‘urgandek oson tuyuladi. Shariat ahkomlariga amal qilinsa, aslida ham shunday bo‘ladi o‘zi. Bu hozirgi kunda ba’zilar “Islomiy to‘y” deb o‘tkazayotgan to‘ylar degani emas. Nomi o‘zgargani bilan mohiyati o‘zgarib qolmaydi, balki tushunib-tushunmasdan islom dini ahkomlariga bepisandlik qilishdir. Qolaversa, shariat ahkomlariga amal qilish degani har kim o‘ziga moslab to‘n bichib olishi degani ham emas. Bu borada nikoh valimasiga (ziyofat) tegishli bo‘lgan barcha jarayonlarda olimu ustozlar bilan bamaslahat ish olib borilishi maqsadga muvofiq. Aksincha, bir necha yillar davomida bid’atchilar to‘qib chiqargan va to‘qib chiqarayotgan urflarga, udumlarga amal qilinadigan bo‘lsa natija qanday bo‘lishi kunday ayon.
Odatda nikoh valimasidagi rasmiyatchilik, xo‘jako‘rsin oldi-berdilar yoki odamlar gapirishadi qabilidagi mulohazalar uchun qilinadigan sarfu xarajatlar har ikkala qudaning ham tinka-madorini quritib qo‘yadi. Lekin, xalq orasidagi “obro‘ni” saqlash kerak “ko‘pi ketib ozi qoldi”, “qirqiga chidagan qirq biriga ham chidagin” yoki “ha endi to‘y bir kunda o‘tadi-ketadi-da” degan maqol va taskin beruvchi so‘zlar bilan o‘zimizni yupatamiz. Aslida-chi, bu yupatishlarimizni nafaqat oxiratda, balki bu dunyoda ham sariq chaqalik foydasi yo‘q ekanini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
Agar birorta nasihatgo‘y to‘g‘ri maslahat berib yordam qo‘lini cho‘zadigan bo‘lsa, nasihating o‘zingga siylov, boshingga tushganida ko‘ramiz qanday qilishingni deb jerkib beramiz. Haqiqatni oladigan bo‘lsak, ushbu bid’atu xurofotlar hammani joniga tegib go‘yoki pichoq borib suyakka taqalgandek! Ammo ulardan qutulish uchun go‘yoki hech qanday chora yo‘q, najot yo‘qdek!. O‘z qo‘limiz bilan kovlagan o‘raga qulab boryapmiz. O‘zimiz to‘qigan bid’atu xurofat to‘rlariga o‘zimiz o‘lja bo‘lib tushayapmiz. Bundan kim foyda ko‘rayapti-yu, kim esa zarar –o‘ylab ko‘rmaymiz. Xalqimizda: “Tarixini bilmagan xalqning kelajagi yo‘q”, degan ajoyib naql bor. Demak, bu muammolarning yechimini tarixdan qidirib ko‘rish kerak. Qariyb XIV asr burun butun dunyoni hozirda biz bosh qotirib turgan muammolardan bir necha barobar kattaroq, ko‘proq, shiddatliroq muammolar girdobidan nima qutqardi? Aytingchi, Islom dini emasmi!..
Hozir esa bu muammolardan qutulish uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar mavjud. Faqatgina hammamiz bir tanu bir jon bo‘lib buni astoydil istasak bo‘ldi. Shunda kelajak avlodning oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Biz “ota-bobolarimizdan qolgan odatda, qilmasak bo‘lmaydi” deb majburlangan holda qilayotganimizdek, avlodlarimiz qilmaydilar.
Biz “ota-bobolarimiz nima uchun shunday bid’atlarni qilganlar yoki to‘qib chiqarganlar” deb norozi kayfiyatda eslayotganimizdek, eslamaydilar.
Bu hasratli jumlalarning bitilishiga sabablar juda ham ko‘p. Lekin gap cho‘zilib ketmasligi uchun ikkita bo‘lgan voqeani hukmingizga havola qilish bilan kifoyalanamiz.
Hoji akalardan birining aytishicha: “Toshkentdagi eng obro‘li ikki oila nikoh to‘yigacha bo‘lgan barcha rasmiyatchilik-u oldi-berdilarni nihoyasiga yetkazib nikoh valimasini qachon va qayerda bo‘lishigacha o‘zaro kelishib olishibdi. Obro‘li oilalar bo‘lgani uchun har ikkala taraf ham shahrimizdagi eng hashamatli va katta to‘yxonalardan birini tanlashibdi. To‘yxona bir paytni o‘zida 700-750 ta mehmonni o‘z bag‘riga sig‘dira olar ekan. Odatda shahrimizda ikki yoshni boshini qovushtirish uchun kerak bo‘ladigan sarf-xarajatlarning asosiy qismini kelin taraf o‘z zimmasiga olishga majbur. Shuning uchun ham kelin taraf, kuyov tarafdan nahorgi oshga necha kishi bo‘lib kelishlarini so‘ragan. Quda esa 200 kishi atrofida bo‘lishini aytgan. Odatdagidek erta tongda karnay-surnay sadolari ostida hashamatli to‘yxonaga kiraverishda o‘nlab “hassakash”lar daryodek oqib kelayotgan mehmonlarni xursandchilik bilan kutib olishyapti.
To‘yxonaning oldidagi maydonda esa, birin-ketin kelayotgan quda tarafning mehmonlari jamlanyapti. Ularni bir joyga to‘planayotganidan tobora adadi ko‘payib borayotgani ma’lum bo‘lib qoldi. Bu esa o‘z o‘rnida mezbon tarafni tashvishga sola boshladi. To‘g‘ri-da, kelishuvga muvofiq joy tayyorlangan. Mezbonning tashvishlangani to‘g‘ri chiqdi. Quda taraf ko‘p emas, kam emas naqd 500 kishi bo‘lib kelibdi. Nailoj, mezbon tezlik bilan o‘zining tarafidan bo‘lgan mexmonlarga uzr aytib, ularning joylariga ham qudalarni o‘tqazibdi. Hurmatli o‘quvchi, endi to‘yxonada qanday holat yuzaga kelganini bir o‘zingiz tasavvur qilib ko‘ring-a? Shu bilan hammasi yakuniga yetsa qaniydi. Ziyofat yakunida to‘yxonaning oldidagi maydonda quda tarafdagilarga chopon kiydirish marosimi boshlanibdi. Mezbon quda tishini tishiga qo‘yib bu rasmiyatchilikni ham qoyillatib ado etibdi. Keyin: “Quda, bu mehmonlarning ko‘proq kelishini oldindan aytib qo‘ymabsiz-da, shunga yarasha tayyorgarchilik ko‘rib qo‘yardik, xijolatpazlik bo‘lmas edi”, debdi. Quda esa javoban: “To‘y qilishni chidaganga chiqargan” deb javob beribdi. Shunda mezbon quda atrofda turganlarga murojaat qilib, qo‘llaringizni duoga qo‘taring: “Aziz mehmonlar berilgan osh Alloh yo‘lida ehson, to‘y esa bekor qilindi. Omin!” debdi.
Shu o‘rinda hikoyamizning salbiy qahramoniga va u kishiga o‘xshaganlarga, bu dimog‘dorlik bilan aytayotgan so‘zlaringizni aytishga ozgina shashqoloqliq qildingiz. Agar shu bir og‘iz so‘zingiz o‘g‘lingizning baxtiga chang solish ekanini o‘ylab ko‘rganingizda, manmanlikning oqibati nima bilan yakun topishini bilganingizda, sizdan avvalgilar ham shunga o‘xshash so‘zlarni aytib qo‘yib, zahrini uzoq yillar tortganini bilganingizda, birovning qalb shishasini sindirmoq uni tig‘ bilan jarohatlamoqdan yomon ekanini tushunganingizda, hech bo‘lmasa biror ziyofatga taklif etilganingizda mezbonga nisbatan Islomiy madaniyat ila muomala qilishni, necha kishi bo‘lib borish mumkin ekanini bilganingizda bunday oqibatlar bo‘lmas edi, deb e’tiboringizga quyidagi hadisi sharifni havola etaman va ibrat olursiz degan umiddaman.
وجَاءَ رَجُلٌ يُقَالُ لَهُ أَبُو شُعَيْبٍ إِلَى غُلاَمٍ لَهُ لَحَّامٍ فَقَالَ: اصْنَعْ لِي طَعَامًا يَكْفِي خَمْسَةً فَإِنِّي رَأَيْتُ فِي وَجْهِ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وآله وسلم الْجُوعَ فَصَنَعَ طَعَامًا ثُمَّ أَرْسَلَ إِلَى النَّبِيِّ صلى الله عليه وآله وسلم فَدَعَاهُ وَجُلَسَاءَهُ الَّذِينَ مَعَهُ فَلَمَّا قَامَ النَّبِيُّ صلى الله عليه وآله وسلم اتَّبَعَهُمْ رَجُلٌ لَمْ يَكُنْ مَعَهُمْ حِينَ دُعُوا فَلَمَّا انْتَهَى رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وآله وسلم إِلَى الْبَابِ قَالَ لِصَاحِبِ الْمَنْزِلِ إِنَّهُ اتَّبَعَنَا رَجُلٌ لَمْ يَكُنْ مَعَنَا حِينَ دَعَوْتَنَا فَإِنْ أَذِنْتَ لَهُ دَخَلَ قَالَ: فَقَدْ أَذِنَّا لَهُ فَلْيَدْخُلْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالشَّيْخَانِ.
Abu Shu’ayb ismli bir kishi o‘zining qassob xodimi oldiga kelib:
«Menga besh kishilik taom tayyorlab qo‘y, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlarida ochlik alomatini ko‘rdim», dedi.
U taomni tayyorladi. So‘ngra Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga odam yuborib, u zotni va birga o‘tirganlarni da’vat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turib jo‘naganlarida da’vat qilingan paytlarida bo‘lmagan bir kishi ham ularga ergashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshik oldiga yetib kelganlarida manzil sohibiga:
«Sen bizni da’vat qilganingda biz bilan bo‘lmagan kishi bizga ergashib keldi. Agar izn bersang kiradi», dedilar.
«Batahqiq, unga izn berdik, kiraversin», dedi u» (Termiziy va ikki Shayx rivoyat qilgan).
Ikkinchi voqea: Shahrimizdagi xonadonlardan birida katta tantana, xursandchilik, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish hamma eshitganlar ularni qo‘shaloq kelin tushirayotganidan mamnun. Ko‘pchilik, ayniqsa, ayollar chuqur entikish bilan: “Bizga ham shunday qo‘shaloq kelin tushirish nasib etsin”, deb orzu qilishgan, ba’zilar esa hadikda. To‘g‘ri-da, hozirgi kunda bitta kelinni qabul qilib olib ko‘ngildagidek hayot kechirib ketayotganlarning o‘zi kamchilikni tashkil qiladi, ammo birdaniga ikkita kelinning mashmashasi albatta o‘ziga yarasha bo‘ladi.
Xalqimizning “ajoyib” bid’atu xurofotlaridan biri, kelin tushirilayotgan xonadonga kelin tarafdagilardan bir necha ayollar va uyning o‘lchamini oladigan mutaxassislar kelib ketishidir. Yuqorida aytganimizdek, deyarli barcha xarajatlar kelin tarafidan bo‘lishi yetmaganidek, kuyov taraf mazkur ayollar va mutaxassislar kelishiga bir necha xonadan iborat bo‘lgan uyni bo‘m-bo‘sh qilib (yalang‘ochlab) qo‘yishadi. Bizning qahramonimiz esa bu ishlarni qoyil maqom qilib amalga oshiribdi. Qo‘sh kelin tushirayotgani uchun “adolat” bilan har ikkala kelin tarafdagilarga bir xil sharoitli, ya’ni chor devordan boshqa hech narsasi yo‘q bir necha xonani ko‘rsatib qo‘yibdi. Ana endi tomoshani ko‘ring. Nikoh to‘yiga 10-15 kun qolgunicha har ikkala kelin tarafdagilar bir necha yillardan beri yig‘ib kelgan sarpo-surug‘, turli uy jihozlari, mebellar, gilamlar, ko‘rpa-to‘shaklar qisqasi devorning biror joyi ochiq qolmaydigan darajada qimmatbaho parda va gilamlar bilan bezatishgan. Bularning barchasini tekshiradigan, ko‘rikdan o‘tkazadigan va hisob-kitobi chiqariladigan kun ham yetib kelibdi.
Bunday kun shariatimizda qiyomat kuni deb ataladi. Xalqimizning urfida esa “mol yoyar” kuni deb ataladi. Bu kunda barcha narsani odatda “bosh hakam” qaynona hal qiladi. Hay’at a’zolari esa qavmu qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilardan iborat bir guruh g‘iybatchi ayollar. Bir ovozdan katta kelinning sepi a’lo bahoga loyiq deb topilgan. Bechora kichik kelinga nisbatan haqoratli so‘zlar “guldastasi” otilgan. Emishki, kichik kelinning sepidagi barcha narsalar o‘zimizniki “importniy” hech narsasi yo‘q. Bunday imtihondan kichik kelin tarafdagilar o‘ta olmaganlar. Natijada esa kichik kelin tomon ko‘ch-ko‘ronini ko‘tarib to‘yni bekor qilib ketgan. Bundan bo‘lajak qaynona hech tashvishlangani yo‘q. Chunki u kishining xayollarida kichkina o‘g‘ilga ham katta o‘g‘ilnikidek boy-badavlat xonadonning qizini kelin qilib olib berish niyati bor edi. Ammo u kishining ham xayollari puch ekani ma’lum bo‘lib qoldi.
Birinchi quda bo‘lmish ya’ni katta o‘g‘ilga qiz berayotgan taraf iymonli odamlar ekan. Agar hamma narsa mol-dunyo bilan o‘lchanadigan bo‘lsa, biz ham bunday oila bilan quda-anda bo‘lmaymiz deb, kichik kelin tomon qilganini qilib ketibdi.
Bunday voqealar har kuni, har qadamda uchrashi mumkin. Lekin ko‘pchilik quda-anda bo‘layotganlar bir-birining yuqoridagiga o‘xshagan muammolariga sabr qilishdan o‘zga chorasi yo‘q. Go‘yoki har tarafni o‘ylaydi, mulohaza qiladi, ke, qo‘y, bolamning baxtiga zomin bo‘lmayin, deb past ketishga majbur bo‘ladi. Mana shunday noto‘g‘ri fikrlar, mulohazalarning yig‘indisi esa farzandlarimizning baxtiga chang solish ekanini o‘ylab ko‘rmaydi.
“Dardni davolagandan ko‘ra uning oldini olmoq osondir”, deydilar. Bizning hikoyalarimiz qahramonlari o‘z farzandlarini aynan muqarrar falokatdan saqlab qolgan xaloskorlardir. Agarda hamma otalar ham o‘z farzandlari to‘g‘risida, ularning kelajagi, oilaviy hayoti haqida to‘g‘ri qaror qabul qilganida ko‘p noxushliklarning oldi olinar edi. Qolaversa, bu ishlar faqat ota-onalarga tegishli emas, balki barcha mo‘min-musulmonlarga oiddir. Zero suyukligimiz, Rasulimiz, Muhammad sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida bunday deganlar:
عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وآله وسلم يقول : قَالَ: مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرَهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَذَلِكَ أَضْعَفَ اْلإِيمَانِ. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلاَّ الْبُخَارِيَّ.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Sizdan kim bir munkar ishni ko‘rsa, qo‘li bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, agar qodir bo‘lmasa, dili bilan qaytarsin, ana o‘sha eng zaif iymondir», dedilar» (Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan).
Is'hoqjon BЕGMATOV,
«To‘xtaboy» jome masjidi imom-xatibi
"...Ogoh bo‘ling, Allohni eslash bilan qalblar orom oladi" (Ra’d surasi, 28-oyat).
"Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod etaman..." (Baqara surasi, 152-oyat).
"...Allohni ko‘p eslovchi erkaklar va (Allohni ko‘p) eslovchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni jannatni) tayyorlab qo‘ygandir" (Ahzob surasi, 35-oyat).
"...Ey imon keltirganlar! Alloh doim yodingizda bo‘lsin" (Ahzob surasi, 41-oyat).
"Ey imon keltirganlar! Na mol-dunyolaringiz va na farzandlaringiz sizlarni Allohning zikridan (Unga ibodat qilishdan) chalg‘itib qo‘ymasin!.." (Munofiqun surasi, 9-oyat).
"Biron narsa haqida: "Men, albatta, ertaga shuni qiluvchiman", deya ko‘rmang! Illo, "Inshaalloh (Alloh xohlasa)" (deng. Bu so‘zni) unutgan vaqtingizda (yodingizga kelishi bilan) Robbingizni zikr qiling (ya’ni, "inshaalloh", deng) va: "Shoyad, Robbim meni bundan ham yaqinroq To‘g‘ri yo‘lga hidoyat etsa", deng!" (Kahf surasi, 23-24-oyatlar).
"...(Tongda uyqudan) turgan paytingizda, Robbingizga hamd bilan tasbeh ayting! Shuningdek, tundan (ma’lum vaqt ajratib) va yulduzlar yuz o‘girgach (botgan, saharda) ham, Unga tasbeh ayting!" (Tur surasi, 48-49-oyatlar).
"Ey imon keltirganlar! Biron to‘daga to‘qnash kelsangiz, sabot (va matonat) bilan turingiz va Allohni ko‘p yod etingiz, shoyad (shunda) najot topsangiz!" (Anfol surasi, 45-oyat).
Sahih hadisda aytiladi: "Parvardigorini eslovchi bilan eslamaydigan odamning o‘xshashi huddi tirik bilan o‘lik kabidir".
Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: "Yolg‘iz holda qolganlar o‘zib ketdilar", dedilar. Sahobalar: "Ular kimlar, ey Allohning elchisi", deb so‘rashdi. Shunda u zot: "Allohni ko‘p eslaydigan erkaklar va ko‘p eslamaydigan ayollardir", deb javob berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga: "Sizlarga amallardan eng afzalining xabarini beraymi? Bu amal Rabbingiz oldida eng pok, sizlar uchun oltin-kumushni infoq qilishdan ham yaxshiroq, dushmanga, yo‘liqib, g‘azot qilishdan ham afzalroqdir", dedilar. Sahobalar: "Ha, ayting, yo Allohning elchisi", deyishdi. U zot: "Bu (amal) Allohni eslashdir", deb javob berdilar.
Yana bir hadisda: "Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Allohning elchisi, Islom buyurgan amallar menga ko‘plik qilmoqda. Yoshim ham ulg‘ayib qoldi. Shuning uchun men mahkam ushlashim kerak bo‘lgan amalni ayting", dedi. Shunda u zot alayhissalom: "Tiling doim Allohning zikri bilan nam bo‘lsin", dedilar.
"O‘kinma" kitobidan