Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2026   |   25 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2026, 25 Rajab, 1447

Islom va milliy qadriyatlar

11.04.2017   30059   4 min.
Islom va milliy qadriyatlar

Turli xalqlar va millatlar hayotiga islomiy qadriyatlar kirib borganida dastlab qarshilikka uchragan. Islom dini o‘zining insonparvarlikka asoslangan qadriyatlari tizimini  tavsiya qilar ekan, murosa va kelishuv yo‘lidan borgan. 

Bugungi zamonaviy qadriyatshunoslik fanida milliy qadriyatlar kishilarning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy birligini ta’minlaydigan etnik makonda shakllanadi. Rang-barang tarzda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi, kishilarning ongiga, hayot tarziga o‘ziga xos tarzda ta’sir qiladi, deyiladi. Shuningdek, milliy qadriyatlarni kishilarning o‘zaro munosabatlarida, ijtimoiy faoliyatlarida ko‘zga tashlanib turishidan hamda ana shu munosabat, faoliyat, maqsad, ehtiyoj va intilishlar uchun ma’naviy asosdan bilib olsa bo‘ladi.

O‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va ularning aloqadorligi ifodasi bo‘lgan qadriyatlar tizimi, millatimizning tarix silsilalari, zamona zayllari, turli ijtimoiy va siyosiy jarayonlar ta’sirida shakllanib keldi. Milliy qadriyatlarimiz millatning kelib chiqish xususiyatlari va hududiy makoni bilan bog‘liq holda shakllandi. Qardosh xalqlarning ijtimoiy taraqqiyoti esa ularning milliy-hududiy qadriyatlari ravnaqi bilan uzviy aloqadorlikda davom etdi. Shu tariqa millatimiz o‘ziga xos rang-barang qadriyatlarni takomillashtirib borishi natijasida, umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirib, uning qirralarini rivojlantirib bordi.

Milliy qadriyatlar tabiatiga ko‘ra, tor doirada to‘xtab qolmaydi, balki ravnaq topib, turmush jarayonida yangilanib, boshqa xalqlar qadriyatlarining yutuqlari bilan boyib boradi. Ayonki, har bir el, elat, urug‘ yoki xalqning urf-odatlarida o‘ziga xoslik bo‘ladi. O‘ziga xos qadriyatlarni  boshqa joyda, boshqacha tarzda yashayotgan kishilarning tarozisi bilan o‘lchash yoki bu masalada boshqalarning hakam bo‘lishi maqsadga muvofiq emas. Umuminsoniylik tuyg‘usi faqat o‘z xalqi qadriyatini ardoqlash, ko‘z-ko‘z qilish va boshqalar orasiga yoyish uchun intilishga asoslanmaydi, balki har bir xalq, elat, urug‘ qadriyatlarini qanday holatda bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, ularni hurmat qilishdan boshlanadi.

Milliy qadriyatlarimiz rivojida islom dinining ahamiyati va o‘rni juda katta bo‘lib, u milliy qadriyatlarimizni boyitdi. Ayniqsa, xalqimiz ma’naviy qadriyatlarining takomillashib borishida islom dini keltirgan insonparvar g‘oyalar sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Islom dini kelganidan keyin Markaziy Osiyo xalqlari hayotida diniy qadriyatlar tizimi yangilandi, zaminimizdan ko‘plab mutafakkirlar, qomusiy olimlar yetishib chiqdi. Shuningdek, bu din o‘zining bunyodkorlik taomiliga ko‘ra ko‘plab me’moriy obidalar, shaharlarning bunyod bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.

Milliy qadriyatimizga aylangan islom dini g‘oyalari va ko‘rsatmalari millatimizning tabiiy-tarixiy rivoji, ijtimoiy turmushi, yashash tarzi, o‘tmishi, kelajagi, madaniyati, ma’naviyati, urf-odatlari, an’analari, tili, u vujudga kelgan hudud va boshqalar bilan uzviy bog‘langan. U milliy qadriyatlarimiz bilan xilma-xil shakllarda, bir-biri bilan uzviy aloqada namoyon bo‘ldi, o‘ziga xos milliy qadriyatlar tizimini tashkil qildi. Bu tizimda tabiiy-tarixiy birlikni ta’minlovchi qadriyatlar – yagona e’tiqodlilik, qarindoshlik, madaniy-ma’naviy yaqinlik, o‘tmish va ma’naviy meros, ona yurt tuyg‘usi va boshqalar barqaror hisoblanadi.

Bu borada marhum Prezidentimiz Islom Karimov asarlarida quyidagi fikrni keltirganlar: “Bizning musulmonchiligimiz, Allohga, dinimizga munosabatimiz ba’zi milliy qadriyatlarimizda ham yaqqol ko‘rinadiki, har bir musulmon yurtdoshimiz ularga beixtiyor rioya qiladi”.

Milliy qadriyatlarimiz tarkibidagi ba’zi islomiy qadriyatlarimiz kishilarning yashash joylari, turmush sharoitlari bilan bog‘liqlikda shakllandi. Shu sababli ham mintaqamizda bizning turmush tarzimiz, shart-sharoitlarimizga mos tarzda shariatning hanafiylik yo‘nalishi rivojlandi.

Xalqimizning ma’naviy merosi, an’analari, urf-odatlari, adabiyoti, san’ati bilan umuminsoniy qadriyatlarning milliy darajada namoyon bo‘lish shakllari  islomiy qadriyatlar bilan bog‘lanib ketgan. Ular millatimizning tarixiy rivojlanish jarayonida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan madaniy xususiyatlar va jihatlarda o‘z aksini topadi.

Eng muhimi, biz bu ishlarni namoyish uchun emas, iymonimiz, e’tiqodimiz amri bilan ado etamiz”, degan birinchi Prezidentimiz Islom Karimov. Demak, din bizning qon-qonimizga, ongu shuurimizga shu qadar teran singib ketganki, uni hech qanday kuch, hech handay tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi.

Aytmoqchimanki, biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayri holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz. Xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin, har bir o‘zbek nimagaki munosabat bildirmasin, albatta, uni beixtiyor Yaratguvchining amri bilan bog‘laydi” (Islom Karimov).

 

Abdus Somad Abdul Vosit TOJIDDINOV,

Toshkent islom institutining 4-kurs talabasi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

13.01.2026   5461   1 min.
“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo, shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Yusufxon to‘ra Shokirov – umrini islom ma’rifatiga bag‘ishlagan alloma” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Davra suhbatida ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Najmiddinov, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi A.Hamidov, madrasa ustozlari va talabalar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar allomaning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan bo‘lib, ilm yo‘lidagi dastlabki qadamlarini mashhur “Mir Arab” madrasasida (1948–1954 yillar) boshlagan. Keyinchalik Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universitetida (1955–1961 yillar) tahsil olib, yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan.

Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida nafaqat ma’muriy mas’ul lavozimlarda ishlagan, balki Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning qalamiga mansub:

· “Qissasi Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislar”,

· “Islom – iymon, e’tiqod va hayot ramzi” kabi monografiyasi,

· “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” kabi ilmiy ishlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni buyuk ulamolarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.

Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

A.Najmiddinov

 

Idora faoliyati