Turli xalqlar va millatlar hayotiga islomiy qadriyatlar kirib borganida dastlab qarshilikka uchragan. Islom dini o‘zining insonparvarlikka asoslangan qadriyatlari tizimini tavsiya qilar ekan, murosa va kelishuv yo‘lidan borgan.
Bugungi zamonaviy qadriyatshunoslik fanida milliy qadriyatlar kishilarning tabiiy, tarixiy va ijtimoiy birligini ta’minlaydigan etnik makonda shakllanadi. Rang-barang tarzda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi, kishilarning ongiga, hayot tarziga o‘ziga xos tarzda ta’sir qiladi, deyiladi. Shuningdek, milliy qadriyatlarni kishilarning o‘zaro munosabatlarida, ijtimoiy faoliyatlarida ko‘zga tashlanib turishidan hamda ana shu munosabat, faoliyat, maqsad, ehtiyoj va intilishlar uchun ma’naviy asosdan bilib olsa bo‘ladi.
O‘zbek xalqining milliy qadriyatlari va ularning aloqadorligi ifodasi bo‘lgan qadriyatlar tizimi, millatimizning tarix silsilalari, zamona zayllari, turli ijtimoiy va siyosiy jarayonlar ta’sirida shakllanib keldi. Milliy qadriyatlarimiz millatning kelib chiqish xususiyatlari va hududiy makoni bilan bog‘liq holda shakllandi. Qardosh xalqlarning ijtimoiy taraqqiyoti esa ularning milliy-hududiy qadriyatlari ravnaqi bilan uzviy aloqadorlikda davom etdi. Shu tariqa millatimiz o‘ziga xos rang-barang qadriyatlarni takomillashtirib borishi natijasida, umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirib, uning qirralarini rivojlantirib bordi.
Milliy qadriyatlar tabiatiga ko‘ra, tor doirada to‘xtab qolmaydi, balki ravnaq topib, turmush jarayonida yangilanib, boshqa xalqlar qadriyatlarining yutuqlari bilan boyib boradi. Ayonki, har bir el, elat, urug‘ yoki xalqning urf-odatlarida o‘ziga xoslik bo‘ladi. O‘ziga xos qadriyatlarni boshqa joyda, boshqacha tarzda yashayotgan kishilarning tarozisi bilan o‘lchash yoki bu masalada boshqalarning hakam bo‘lishi maqsadga muvofiq emas. Umuminsoniylik tuyg‘usi faqat o‘z xalqi qadriyatini ardoqlash, ko‘z-ko‘z qilish va boshqalar orasiga yoyish uchun intilishga asoslanmaydi, balki har bir xalq, elat, urug‘ qadriyatlarini qanday holatda bo‘lsa, shundayligicha qabul qilib, ularni hurmat qilishdan boshlanadi.
Milliy qadriyatlarimiz rivojida islom dinining ahamiyati va o‘rni juda katta bo‘lib, u milliy qadriyatlarimizni boyitdi. Ayniqsa, xalqimiz ma’naviy qadriyatlarining takomillashib borishida islom dini keltirgan insonparvar g‘oyalar sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Islom dini kelganidan keyin Markaziy Osiyo xalqlari hayotida diniy qadriyatlar tizimi yangilandi, zaminimizdan ko‘plab mutafakkirlar, qomusiy olimlar yetishib chiqdi. Shuningdek, bu din o‘zining bunyodkorlik taomiliga ko‘ra ko‘plab me’moriy obidalar, shaharlarning bunyod bo‘lishiga sababchi bo‘ldi.
Milliy qadriyatimizga aylangan islom dini g‘oyalari va ko‘rsatmalari millatimizning tabiiy-tarixiy rivoji, ijtimoiy turmushi, yashash tarzi, o‘tmishi, kelajagi, madaniyati, ma’naviyati, urf-odatlari, an’analari, tili, u vujudga kelgan hudud va boshqalar bilan uzviy bog‘langan. U milliy qadriyatlarimiz bilan xilma-xil shakllarda, bir-biri bilan uzviy aloqada namoyon bo‘ldi, o‘ziga xos milliy qadriyatlar tizimini tashkil qildi. Bu tizimda tabiiy-tarixiy birlikni ta’minlovchi qadriyatlar – yagona e’tiqodlilik, qarindoshlik, madaniy-ma’naviy yaqinlik, o‘tmish va ma’naviy meros, ona yurt tuyg‘usi va boshqalar barqaror hisoblanadi.
Bu borada marhum Prezidentimiz Islom Karimov asarlarida quyidagi fikrni keltirganlar: “Bizning musulmonchiligimiz, Allohga, dinimizga munosabatimiz ba’zi milliy qadriyatlarimizda ham yaqqol ko‘rinadiki, har bir musulmon yurtdoshimiz ularga beixtiyor rioya qiladi”.
Milliy qadriyatlarimiz tarkibidagi ba’zi islomiy qadriyatlarimiz kishilarning yashash joylari, turmush sharoitlari bilan bog‘liqlikda shakllandi. Shu sababli ham mintaqamizda bizning turmush tarzimiz, shart-sharoitlarimizga mos tarzda shariatning hanafiylik yo‘nalishi rivojlandi.
Xalqimizning ma’naviy merosi, an’analari, urf-odatlari, adabiyoti, san’ati bilan umuminsoniy qadriyatlarning milliy darajada namoyon bo‘lish shakllari islomiy qadriyatlar bilan bog‘lanib ketgan. Ular millatimizning tarixiy rivojlanish jarayonida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan madaniy xususiyatlar va jihatlarda o‘z aksini topadi.
“Eng muhimi, biz bu ishlarni namoyish uchun emas, iymonimiz, e’tiqodimiz amri bilan ado etamiz”, degan birinchi Prezidentimiz Islom Karimov. Demak, din bizning qon-qonimizga, ongu shuurimizga shu qadar teran singib ketganki, uni hech qanday kuch, hech handay tashviqot bilan chiqarib bo‘lmaydi.
Aytmoqchimanki, biz o‘z millatimizni mana shu muqaddas dindan ayri holda aslo tasavvur qila olmaymiz. Diniy qadriyatlar, islomiy tushunchalar hayotimizga shu qadar singib ketganki, ularsiz biz o‘zligimizni yo‘qotamiz. Xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin, har bir o‘zbek nimagaki munosabat bildirmasin, albatta, uni beixtiyor Yaratguvchining amri bilan bog‘laydi” (Islom Karimov).
Abdus Somad Abdul Vosit TOJIDDINOV,
Toshkent islom institutining 4-kurs talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
May oyida saraton hayotimizga ruxsatsiz kirib keldi...
U otamning ko‘kragida boshlandi. Alloh u kishini rahmatiga olsin. Keyin kasallik suyaklariga ham tarqaldi.
Maydan dekabrgacha bo‘lgan olti oy davomida hayotim butunlay o‘zgardi. Doimiy tekshiruvlar, shifokor qabuli, kasalxonalar, eng yaxshi mutaxassislarni izlash va turli dori-darmonlar...
Bu olti oy davomida butun hayotim otamga g‘amxo‘rlik qilish atrofida aylandi.
Men otamning asta-sekin kuchsizlanib borayotganini ko‘rdim. Avvaliga hassa bilan yurardi. Keyin yurish moslamasi bilan. So‘ngra nogironlar aravachasiga o‘tirdi. Oxiri esa to‘shakka mixlanib qoldi.
Kuch-quvvat timsoli bo‘lgan otangizni shu ahvolda ko‘rish inson uchun eng og‘ir sinovlardan biri ekan.
Shu qiyin kunlarning birida kasalxonada meni hayratga solgan voqea yuz berdi.
Men otamning oldiga har kuni borardim. Ba’zan ishdan keyin, gohida esa uydan to‘g‘ri kasalxonaga kelardim. Shuning uchun kiyimlarim ham har xil bo‘lardi: rasmiy ham, oddiy ham.
Bir kuni shippakda bordim. Otam bilan biroz o‘tirdik. Keyin u kishi qahva so‘radi. Men oshxonaga tushdim.
Navbatda turganimda orqamdagi bir yigit meni boshdan-oyoq kuzatib turdi. Keyin:
— Siz televizorda chiqadigan odammisiz? deb so‘radi.
— Ba’zan, dedim.
U esa:
— Rostini aytsam, siz haqingizdagi fikrim o‘zgarib ketdi. Men sizni boshqacharoq tasavvur qilardim, — dedi.
— Nega? — dedim.
— Kasalxonaga shippak kiyib kelibsiz-ku, — dedi.
O‘sha paytda ruhiy holatim juda og‘ir edi. Bir necha oylik tashvishlardan charchagan edim.
Men unga:
— Otam saraton bilan kurashyapti. Siz esa menga poyabzal haqida gapiryapsizmi? — dedim.
Ichimda g‘azab qaynardi. Keyin o‘zimni bosib:
— Birodar, har bir gapning o‘z vaqti va joyi bo‘ladi. Ayniqsa kasalxonada. Bu yerdagi har bir insonning o‘z dardi bor, — dedim.
Voqea tugadi. Ammo mening ichimda tugamadi.
Qahvani olib, otamning oldiga qaytdim. Otam mening asabiyligimni darrov sezdi.
Hammasini aytib berdim.
Otam so‘zlarimni xotirjam tingladi va bunday dedi:
— Agar sen noto‘g‘ri ish qilmaganingga ishonching komil bo‘lsa, nega bir begona odamning gapi sening ruhiyatingga ta’sir qilishi kerak?
Men:
— Lekin uning gaplari meni qattiq ranjitdi, — dedim.
Otam biroz sukut saqlab:
— Nega uning sen haqingdagi fikri sen uchun shunchalik muhim? Sen ruhiyatingning kalitini uning qo‘liga topshirib qo‘yding. Odamlarga ruhiyatingning kalitini berma. Agar bersang, ular seni xohlaganicha boshqaradi, dedilar.
So‘ng qo‘shimcha qildi:
— Eng muhimi, sen o‘zingdan mamnun bo‘l.
Ruhiyatingning kalitini o‘zingda saqla. Uni hech kimga berma.
Biz qahvamizni ichishda davom etdik.
Men unga:
— Qani endi men ham sizdek xotirjam bo‘lishni o‘rgansam, — dedim.
U kishi jilmayib:
— Inshaalloh, o‘g‘lim. Agar xohlasang, albatta o‘rganasan, — dedilar.
Butun bu hikoyaning xulosasi bitta:
“Ruhiyatingiz — uyingizdir. Uning kalitini hech qachon boshqalarga bermang”.
Otam vafot etganlaridan keyin yana bir haqiqatni angladim:
Bu dunyoda ota o‘rnini bosadigan hech narsa yo‘q.
U haqda qancha she’r yozmang, qancha so‘z aytmang, baribir kam.
Otangiz tirik ekan, uni qadrlang. Duosini oling. Chunki qabr ustida to‘kilgan ko‘z yoshlar endi hech narsani o‘zgartirmaydi.
Davron NURMUHAMMAD