Umar ibn Xattob roziyallohu anhu birinchi bo‘lib bir yurtdan ikkinchi yurtga insonparvarlik yordamini uyushtirgan shaxsdirlar.
Ibn Abdul-Hakam al-Lays ibn Sa’ddan rivoyat qiladi:
«Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik davrida Madinada odamlarga qattiq ochlik yetdi. Bas, u kishi Misrdagi Amr ibn Ossga maktub yozdi:
«Allohning bandasi, mo‘minlarning amiri Umardan Osiy ibn Osiyga. Salom! Ammo ba’d: Umrim ila qasamki, ey Amr! Sen o‘zing va sen bilan bo‘lganlar to‘q bo‘lsa, men va men bilan bo‘lganlar halok bo‘lsa ham ishing yo‘qmi?! Yordam! Yordam!»
Amr ibn Oss unga maktub yozdi:
«Allohning bandasi, mo‘minlarning amiri Umarga Amr ibn Ossdan. Ammo ba’d: Labbayka! Yana labbayka! Batahqiq, sizga bir karvon yubordim. Uning avali sizning huzuringizda, oxiri mening huzurimda. Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu».
Amr katta karvon yubordi. Uning avvali Madinaga yetib kelganida, oxiri Misrda edi. Nihoyatda uzun karvon edi. U Umarga yetib kelganida odamlarga kenglik yaratdi. U Madinadagi har bir uy ahliga bir tuyani ustidagi taomi bilan berdi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abdurrahmon ibn Avf, Zubayr ibn Avvom va Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhumni odamlarga ularni taqsimlab berish uchun yubordi. Ular har bir xonadon ahliga bir tuyani ustidagi taomi bilan berdilar. Taomni yeydilar, tuyani so‘ydilar, go‘shtini yeydilar, yog‘ini eritib oldilar, terisini oyoq kiyimi qildilar va taom solingan matoni choyshab yoki boshqa narsa qildilar. Shu bilan Alloh odamlarga kenglik yaratdi».
Ibn Abu Shayba, al-Bazzor va Bayhaqiylar G‘afraning ozod qilgan quli Umardan, jumladan rivoyat qiladilar:
Umar: «Bu mol bo‘yicha Abu Bakrning o‘z fikri bor edi.
Mening boshqacha fikrim bor. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi urush qilganlarni u zot bilan birga urush qilganlarga o‘xshatmayman», dedi. Bas, u muhojir va ansorlarni afzal qildi. Ulardan Badrda ishtirok etganlariga besh ming-besh mingdan tayin qildi. Islomga Badr ahlidan avval kirganlarga to‘rt ming-to‘rt mingdan tayin qildi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zavjalaridan har bir ayolga o‘n ikki mingdan tayin qildi. Faqat Sofiya va Juvayriya roziyallohu anhumoning har birlariga olti mingdan tayin qildi. Ular uni olishdan bosh tortdilar.
Shunda u: «Men ularga hijratga qarab tayin qildim», dedi. «Sen ularga hijratga qarab emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning martabalariga qarab tayin qilding. Biz ham ularning martabasidamiz», dedilar.
Buni qayta ko‘rib chiqib, ularning hammalarini teng qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarobatini hisobga olib, Abbos ibn Abdulmuttolibga o‘n ikki ming tayin qildi. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuga to‘rt ming tayin qildi.
Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga besh mingdan tayin qildi. Ularning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarobatlari tufayli otalariga qo‘shdi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga uch ming tayin qildi. Shunda u:
«Ey otajon! Usoma ibn Zaydga to‘rt ming tayin qildingiz. Menga uch ming tayin qildingiz. Uning otasining senda yo‘q fazli bo‘lgan emas. Uning o‘zining menda yo‘q fazli bo‘lgan emas», dedi. Umar: «Uning otasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sening otangdan mahbubroq bo‘lgan! Uning o‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sendan ko‘ra mahbubroq bo‘lgan!» dedi.
Badrda ishtirok etgan muhojirlarning bolalariga ikki mingdan tayin qildi. Uning oldidan Umar ibn Abu Salama o‘tayotganida:
«Bunga ming ziyoda qilinglar! (Yoki) «Ey g‘ulom, bunga ming ziyoda qil!» dedi. Muhammad ibn Abdulloh:
«Bunga nima uchun ziyoda qilasan? Uning otasining bizning otalarimizda bo‘lmagan fazli yo‘q edi!» dedi.
«Unga Abu Salama roziyallohu anho uchun ikki ming tayin qildim. Ummu Salama uchun ming ziyoda qildim. Agar sening Ummu Salamadek onang bo‘lganida, senga ham ming ziyoda qilar edim», dedi.
U Tolha ibn Ubaydullohning akasining o‘g‘li Usmon ibn Abdulloh ibn Usmonga sakkiz yuz tayin qildi. Nazr ibn Anasga ikki ming tayin qildi. Shunda Tolha unga: «Senga Usmonning o‘g‘li kelganda sakkiz yuz tayin qilding. Ansorlardan bir g‘ulom kelgan edi, ikki ming tayin qilding?!» dedi. U: «Men buning otasiga Uhud kuni duch keldim. U mendan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida so‘radi. Men, u zot qatl bo‘lgan bo‘lsalar kerak, dedim. U qilichini yalang‘ochlab, o‘qlarini to‘g‘riladi-da: «Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qatl qilingan bo‘lsalar, Alloh tirik, o‘lmaydi!» deb, qatl bo‘lgunicha jang qildi.
Anavi bo‘lsa qo‘y boqadi. Ikkovlarini barobar qilishimni xohlaysizlarmi?!» dedi. Umar umri davomida shunga amal qildi».
Bundan hazrati Umar roziyallohu anhuning fuqarolarga jamiyat nafaqasini avvalgi qilgan xizmatlariga qarab tayin qilishni birinchi bo‘lib tartibga solganlarini ko‘rmoqdamiz.
Hatto ota va onaning xizmatlari tufayli ularning bolalariga ham jamiyat nafaqasi tayin qilingan ekan.
Nargiza ODILOVA,
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Allohga taqvo qilishni tijorat deb bil, shunda u senga molsiz foyda keltiradi.
2. O‘zingni senga muhtoj bo‘lmagan, lekin sen unga muhtoj bo‘lgan kishining o‘rniga qo‘y.
3. Xarsang toshlarni joyidan ko‘chirish, ongsiz odamga anglatishdan osonroqdir.
4. Jannatni talab qilishda oliy himmatli bo‘l.
5. Allohdan shunday umid qilki, u bilan Uning makridan omonda bo‘lma va Allohdan shunday qo‘rqki, u bilan Uning rahmatidan umidsiz bo‘lma.
6. Men hech qachon sukutdan afsuslanmadim. Agar gap kumush bo‘lsa, sukut — oltin.
7. Hikmat kambag‘allarni podsholarning majlislarida o‘tkazgan.
8. “Yo Robbim, meni mag‘firat qil” — deb ko‘p takrorla, zero Allohning bir soati borki, u vaqtda so‘rovchi rad etilmaydi.
9. Kim yolg‘on gapirsa, yuzining suvini (obro‘yi) ketadi, kimning xulqi yomon bo‘lsa, g‘am-tashvishi ko‘payadi.
10. Allohdan qo‘rq, lekin qalbing fojir bo‘laturib, odamlar seni hurmat qilishlari uchun o‘zingni ularga Allohdan qo‘rqadigan qilib ko‘rsatma.
11. Amal faqat yaqiniy ishonch (e’tiqod) bilangina mukammal bo‘ladi, kimning e’tiqodi zaif bo‘lsa, amali ham zaif bo‘ladi.
12. Yolg‘on gapirishdan ehtiyot bo‘l, zero u pishirilgan chumchuq go‘shti kabi ishtahalidir, lekin ko‘p o‘tmay egasini ichini yondiradi.
13. Majlisni ko‘zing bilan ko‘rib tanla, agar Alloh zikr qilinadigan majlis bo‘lsa, u yerda o‘tir. Agar olim bo‘lsang, ilming naf beradi, agar johil bo‘lsang, senga o‘rgatishadi, agar Alloh u majlisga rahmatini nozil qilsa, sen ham shu rahmatdan bahramand bo‘lasan.
14. Qarzdorlikdan ehtiyot bo‘l, chunki u kunduzi xorlik va tunda g‘amdir.
15. To‘qlik ustiga ovqat yemagin — chunki unday taomni yegandan ko‘ra itga tashlagan yaxshiroq.
16. Agar shayton senga shubha va gumon orqali kelsa, uni yaqiniy ishonch va nasihat bilan yeng, agar u tanballik va zerikish tomonidan kelsa, qabr va qiyomatni eslab yeng, agar u xohish va qo‘rquv tomonidan kelsa, unga dunyo tark etiladigan va qoldiriladigan narsadir, deb ayt.
17. Tilingdan chiqqan gaplarga ehtiyot bo‘l, sukut qilgan kishi omonda bo‘ladi, faqat foydasi bor gaplarni gapir.
18. Yuzingni niqoblashdan (ya’ni shubhali qiyofadan) saqlan — chunki, u kechasi odamlarni qo‘rqitadi, kunduzi esa xo‘rlik keltiradi.
19. Men tosh, temir va og‘ir yuklarni ko‘tardim, ammo yomon qo‘shnidan og‘irroq narsani ko‘rmadim.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV