Boshimizga musibat tushib qiblagohimizdan ayrilib qolganimizda janozaning ertasiga poytaxtdagi do‘stlardan biri hamdardlik bildirgani bordi (qadamlariga hasanot!). Qaytishga chog‘langanda minib borgan hashamatli mashinasiga o‘tirar ekan, “Otamizdan qolgan meros – bu”, dedi. Uning shu gapi kichik kelinimizning qulog‘iga chalinib qolibdi, Kechqurun gaplashib o‘tirganimizda “Mehmonning “Kaptiva”si ota meros ekan, biz ham ertaga bobomdan qolgan “Kaptiva”ni minib chiqsakmikan”, deb mutoyiba qildi. Uning gapini eshitgan akam: “Otamdan qolgan “Kaptiva” uch kundan keyin o‘ladi, necha kundan beri bir joyda bog‘liq turibdi; na soyaga oldinglar, na o‘t berdinglar unga, na suv”, dedi. Bu javobdan so‘ng azalik bo‘lsak ham barchamiz baravar kulib yubordik.
O‘sha kunlarda hammamiz otamizning boshida o‘tirib, hayvonlarga qarash esimizdan ham chiqib qolgandir-u, ammo shu suhbat hayvon haqi to‘g‘risida mushohada yuritishimizga turtki bo‘ldi.
Payg‘ambar alayhissalom Madinaga hijrat qilganlarida butun shahar ahli yo‘llariga peshvoz chiqqan, ularning har biri Sarvari koinotning o‘z uyiga qo‘noq bo‘lishini orzu qilar edi. Payg‘ambarimizning uzoq yo‘l bosib kelgan horg‘in tuyasi og‘ir-og‘ir qadam tashlab borarkan, har uyning qarshisiga yetganda xonadon sohiblari tuyaning jilovidan tutib: “Yo Rasululloh! Bizning mehmonimiz bo‘ling!” deb iltijo qilar edi.
Rasuli akrom bu ajoyib insonlarning hech birini ranjitmaslik uchun tuyalarining yuganini bo‘sh qo‘yib yuborib, u qaysi uyning ostonasiga cho‘ksa, o‘sha uyga mehmon bo‘lishi haqida taklif aytdilar. Bu taklifni barcha birday qabul qildi. Shunday qildilar. Ularning har biri mening eshigimda to‘xtasaydi deb orzu qilar ekan, jilovi bo‘shagan tuya yurib borib bir bo‘sh yotgan tomorqaga cho‘kdi. Payg‘ambar alayhissalom undan tushmadilar. Tuya yana o‘rnidan turdi va ozgina oldinga yurib yana cho‘kdi va qaytib qo‘zg‘olmadi.
Payg‘ambarimiz tuyasi cho‘kkan tomorqani sotib oldilar va masjid qurilishini boshladilar. Ikkinchi cho‘kkan yeri Abu Ayyub Ansoriyning uyi edi. O‘sha uyda bir muddat mehmon bo‘ldilar.
Payg‘ambarimizni hijrat vaqtida ustida olib yurgan, bag‘oyat muhim voqealarda u zotning xizmatida bo‘lgan ushbu tuyaning oti Kisva edi.
Kisvani hazrati Abu Bakr Siddiq sotib olib Payg‘ambarimizga hadya qilgan edi. U shunday omadli hayvon ediki, olamlar sarvarini ustida olib yurish sharafiga yetishgan edi. Payg‘ambarimiz Badr jangiga o‘sha tuyani minib chiqqan edilar. Buyuk zafar mujdasini Madinaga yetkazgan Zayd ibn Xarisa roziyallohu anhu uzoq masofani uning ustida o‘tirib g‘oyat qisqa fursatda bosib o‘tgan edi. Allohning Rasuli Hudaybiya shartnomasini imzolashga ham ana shu tolei baland tuyani minib borgan edilar. Vido xutbasida ham uning ustida bo‘lganlar.
Yana bir oti Adba deyilgan bu tuya har doim poygalarda birinchi o‘rinda kelar va bundan as'hobi kirom behad sevinardi. Bir safar bir badaviyning tuyasi undan uzib ketdi-yu, sahobalarni g‘am bosib, tushkunlikka tushdi. Ularning holini ko‘rgan Payg‘ambar alayhissalom “Sizga nima bo‘ldi?” deb so‘rdilar. Ular: “Adba poygada yutqazdi”, deyishdi. Buni eshitgan Payg‘ambarimiz: “Allohning qonuni bu. Dunyoda yuksalgan hech bir narsa yo‘qdirki, Alloh uni quyiga indirmagan bo‘lsin” (Imom Buxoriy), dedilar.
Rasuli akrom boqiy dunyoga ko‘chganlaridan g‘amga botgan Kisva yemoq-ichmoqdan qoldi. Hazrati Abu Bakr roziyallohu anhu uni baytulmolga oid tuyalarga qo‘shtirdilar. U yerda mahzun bir holda bir necha kun yurib o‘ldi.
Payg‘ambarimizning Sabho ismli bir oti bor edi. Rasuli akrom ba’zan ot poygasi uyushtirar edilar. Sabho bu musobqalarda har doim birinchi bo‘lib kelib as'hobni sevintirar edi. Yana u zotning Bahr degan uchqur oti ham bor edi. Allohning Rasulining otlarni juda sevganini bilgan qabila boshliqlari u zotga otlar hadya etardilar. Ana shu otlardan biri – Mirvah edi.
Nabiy alayhissalom hadya olganlari qadar hadya bermoqni ham sevar edilar. O‘ziga hadya etilgan narsalarning eng yaxshilarini as'hoblariga hadya etardilar. Vard degan otni u zotga Tamimiy Doriy hadya etgan edi. Uni hazrati Umarga hadya etdilar.
Payg‘ambar alayhissalomga Iskandariya qiroli Muqovqis bir xachir bilan eshak hadya etgandi. Payg‘ambarimiz va musulmonlar mingan birinchi xachir shu edi. Rasuli akrom unga Duldul deb ot qo‘ydilar. Biroq xachirlar avlodini davom ettira olmaydigan hayvon bo‘lgani bois yana xachirlarni qo‘lga kiritmoq uchun otni eshakka qo‘shmoqni ma’qul ko‘rmadilar.
Insoniyat tarixida hayvon haqidan so‘zlagan payg‘ambar alayhissalom: “Alloh taolo hayvonlarga yaxshi munosabatda bo‘lishimiz zarurligini amr etadi. Yashil bir daladan kecharkan hayvonlarning bir oz o‘tlashiga qo‘yib bering! Qurg‘oq yerda lanjlik qilib hayvonlarni och qoldirib qo‘ymasdan tezroq o‘tib olishga harakat qiling!” deb marhamat qilganlar (Ibn Hojar).
Payg‘ambar alayhissalom mo‘minlarning qalbiga joylagan go‘zal axloqlardan biri jamiki maxluqotga nisbatan shafqatli bo‘lmoq edi. Dinimiz bu dunyodagi har bir maxluqot Allohning quli ekanini bayon etgan. Oyati karimada Robbimiz: “Yer yuzidagi har bir yuruvchi jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir. Kitobga hech narsani qo‘ymay yozganmiz. So‘ngra Robbilariga jamlanurlar” (An’om surasi 38-oyat), deb marhamat qilgan.
Bilhissa, tili bo‘lmagan, ya’ni dunyodagi haqini talab qila olmagan hayvonlar haqini oxiratda oladi. Shu jihatdan, tabiat va hayvonlarga munosabatda insonlar Allohning qarshisida javobgardir.
Bir hadisi sharifda bu mavzuda quyidagicha marhamat qilingan: “Kimki hech sababsiz chumchuqni o‘ldirsa, hatto undan ham kichik bir jonivorning joniga qasd qilsa, qiyomat kuni da’vosini Alloh ko‘radi, “Ey Robbim! Falonchi ko‘ngil xushligi uchun meni o‘ldirdi”, deydi” (Nasoiy, Ahmad ibn Hanbal)
Hayvonlardan foydalanarkan, ularning haqlariga rioyat etishimizni amr etgan Payg‘ambarimiz qo‘yini sog‘ayotgan bir kishiga “Qo‘zichoqqa ham sut qoldir”, dedilar (Husaymiy).
Yana sahobalardan bir zot Payg‘ambarimizning o‘ziga sog‘in tuyalar berganlaridan so‘ng “Oilangga ayt, hayvonlarga yaxshi qarasin, yemishlarini vaqtida bersin, yana ularga tirnoqlarini olib yurishlarini tayinlaginki, hayvonlarni soqqanlarida emchaklariga tirnog‘i botib ozor yetkazmasinlar!” deya buyurganini aytgan (Ahmad ibn Hanbal).
Shafqatli Payg‘ambarimiz hayvonlarning dardiga ham sherik bo‘lar, ularga ozor berganlardan ranjir edilar. Bolasi olib qo‘yilgan ona qushning chirqillab uchayotganini ko‘rganlarida muztarib bo‘lib, “Kim bu bechoraning chaqasini olib unga aziyat berdi, chaqasini darhol joyiga qo‘ying!” dedilar (Abu Dovud).
Payg‘ambar alayhissalom bir kuni yo‘lda ketayotib bolasini emizayotgan bir mushukni ko‘rib qoldilar. Biror kishi uning tinchini buzmasin deya navbatchilik tashkil etdilar. Ortga qaytayotganlarida uni uylariga olib ketdilar. Bu mushuk Payg‘ambarimizning uylarida emin-erkin yurardi, Allohning rasuli u ichgan suvdan tahorat olar edilar (Abu Dovud).
Eng ko‘p hadis rivoyat etgan sahobalardan biri Abu Hurayra roziyallohu anhuning asl ismi Abdurrahmon bin Sahr edi. Bir kuni Payg‘ambar alayhissalom oldilariga kelganlarida quchog‘ida mushuk bolasi uxlab yotgan edi. Bu holdan uyalib mushuk bolasin olib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Uni ko‘rgan Payg‘ambarimiz bundan xijolat bo‘lmaslini aytdilar va unga “Mushukchalarning otasi” ma’nosida Abu Hurayra laqabini berdilar. Shu laqab unga Payg‘ambar alayhissalom bergan unvon bo‘lib qoldi.
Allohning Rasuli faqat uy hayvonlariga emas, yovvoyi hayvonlarga ham shafqat ko‘rsatar edi. As'hobi bilan Makkaga borarkan, yo‘llari ustida uxlab yotgan bir jayronni ko‘rib qolib as'hobidan birini qoldirib, hamma o‘tib bo‘lguncha shu yerda qolib uni qo‘riqlab turishni buyurdilar (Nasoiy).
Bir necha sahobaning rivoyat etishicha, echki boqib yurgan bir cho‘ponning otariga bo‘ri oralab bitta echkini ayrib oldi. Cho‘pon chopqilab kelib echkini bo‘ridan ayirib oldi. Bo‘ri cho‘ponga: “Mening rizqimni qo‘limdan olarkan, Allohdan qo‘rqmadingmi?” dedi. Bo‘rining gapirganini eshitib aqli shoshgan cho‘pon: “Ajabo, bo‘ri so‘zlayaptimi”, dedi. Bo‘ri unga: “Ajablanarlisi sening holing – shu dara ortida bir zot sizni jannatga da’vat etmoqda. Siz esa uni Payg‘ambar deb bilmaysiz”, dedi.
Cho‘pon darhol Payg‘ambarimizning oldilariga borib u zotni ko‘rib, iymon keltirdi va ortiga qaytdi. Bu vaqt ichida bo‘ri uning suruviga cho‘ponlik qilib turdi. Cho‘pon unga mukofot tariqasida bir echki berdi (Ahmad ibn Hanbal)
Jamiki maxluqot Payg‘ambar alayhissalomning Allohning rasuli ekaniga iymon keltirgan edi. Umar roziyallohu anhudan naql qiladilarki, Payg‘ambarimizning oldilariga bir badaviy keldi. Qo‘lida kaltakesak bor edi. U “Agar mana shu hayvon shahodat bersa men sizga iymon keltiraman, yo‘qsa, keltirmayman”, dedi. Rasuli akrom u hayvondan o‘zining kim ekanini so‘rdilar. Kaltakesak ravon tilda payg‘ambarimizga iymon keltirdi, shahodat berdi (Husaymiy).
U zot mushriklarning ta’qibidan qutulmoq uchun g‘orga yashiringanlarida g‘orning og‘ziga o‘rgimchak tur to‘qib qo‘ygan edi. O‘rgimchak turini ko‘rgan mushriklar bu yerda hech kim yo‘q deb qaytib ketgan edi.
Hazrati Oyisha onamiz deydilarki, “Uyimizda bir kaptar bor edi. Rasululloh uyda vaqtlarda qilt etmasdan o‘tirardi, u zot uydan chiqqanlaridan so‘ng tinmasdan harakatlanib qolar edi. Demak, bu qush Allohning Rasuli qarshisida odob saqlab turgan” (Husaymiy).
Tilsiz, zabonsiz hayvonlar uchun Allohning huzurida so‘ralar ekanmiz, ularga ehtayotkorlik bilan munosabatda bo‘lmog‘imiz lozim ekan. Masalan, oyog‘imizga erkalanib suykalanayotgan mushukni oyoq uchiga ilib otib yubormasligimiz, eshakligiga borib bexosdan oyog‘imizni bosib olgan bechora hayvonni xalacho‘p bilan bas deguncha kaltaklamasligimiz, atrofda yurgan itlarni ko‘ngilxushligi uchun quvib solmasligimiz va boshqa hayvonlarga ozor yetkazmasligimiz lozim. Aks holda, tasavvur qiling, qiyomatda bir eshak xalacho‘p olib birimizni kaltaklab yotsa, dahshat-ku – bu! Shu holga tushmaslik uchun bugundan ehtiyotimizni qilganimiz ma’qul, Siz nima deysiz?
Damin JUMAQUL,
jurnalist
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi