Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

Tishlardagi toshdan uy sharoitida forig‘ bo‘lish usuli

06.04.2017   42337   1 min.
Tishlardagi toshdan uy sharoitida forig‘ bo‘lish usuli

Biz barchamiz tishda paydo bo‘lgan tosh (kariyes)ni yomon ko‘ramiz. Tish doktoriga har doim ham borib davolanishga imkon topa olmaymiz.

Sizga bu yoqimsiz illatdan xalos bo‘lishning oddiy tabiiy retseptini  tavsiya etamiz. Bu retsept tishlarni toshdan tozalab, ularning salomatligini ta’minlab, muammoni hal etishda yordam beradi. Tishdagi emalni shikast yetishdan saqlanmasa, ularda paydo bo‘lgan toshlar o‘z vaqtida tozalanmasa, periodontit deb ataladigan tishlar shamollashi kasalligi rivojlanishiga yo‘l ochilishi mumkin. Periodontit kasalligi bilan chalinganda infeksiya ildiz kanallaridan tishga o‘tib, tish qobig‘i va uni o‘rab turuvchi milklarning shamollashi kasalligi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday hollarda bu yoqimsiz kasallikning oldini olish va undan qutilishning oson  tabiiy usuli bor.

Tishda paydo bo‘lgan toshdan qutilish yo‘li:

Buning uchun faqat quyidagilar kerak bo‘ladi:

  • 40 g yong‘oq po‘chog‘i
  • 1 stakan suv
  • Yong‘oq po‘chog‘ini suvda 20 minut davomida past olovda qaynatiladi. Keyin olovdan olib, sovutilib, dokadan o‘tkaziladi.
  • Tish cho‘tkasini 10 minut davomida yong‘oq po‘chog‘i qaynatmasida ivitiladi. So‘ng tish cho‘tkasi bilan tishlarni yaxshilab ishqalab tozalanadi.
  • Bu usul kuniga 3 mahal tishlar toshdan musaffo bo‘lib, toza bo‘lgunigacha davom ettiriladi.

Ikki hafta davom ettirilgach, natija sizni quvontiradi.

Yong‘oq po‘chog‘i kuchli antibakterial vosita bo‘lib, u shuningdek, tish emalida ovqat qoldiqlari va keyinchalik toshga aylanadigan yoqimsiz moddalardan tozalashda qo‘l keladi. Bu usul shuningdek, milklari qonab turadigan kishilar uchun foydali, qon oqishiga sabab bo‘layotgan shamollash jarayonlari tezda barham topadi.

Manba headinsider

Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi

6 aprel 2017 yil

 

 

Tabobat
Boshqa maqolalar

Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

27.06.2025   8126   3 min.
Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.

Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:

— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!

Xotin dedi:

— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.

Er dedi:

Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.

Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:

— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:

«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).

Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.

Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.


Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!

Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.

Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!

Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!


Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!

Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.

Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi