Oqil inson hayoti davomida solih kishilarning fazilatli jihatlaridan o‘rnak olib yashaydi. Bizlar ham biror tabarruk, ahli solih insonlar bilan uchrashib qolganimizda yoki ularning yaxshi xislatlarini zikr qilganimizda xavas qilib, “Bizga ham sizning yo‘lingizni bersin”, “Falonchiga o‘xshab yuraylik” degan iboralarni ishlatamiz. Aslida mo‘min-musulmon kishi uchun o‘rnak bo‘lishga eng loyiq va haqli zot Muhammad sollallohu alayhi vasallam bo‘ladilar. Zero, Payg‘ambarimizning hayotlari bizlar uchun ibrat maktabidir.
Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam naqadar go‘zal o‘rnak namunasi ekanlinlarini bayon qilib shunday deydi:
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
“(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”. Haqiqatda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotning hamma jabhalarida go‘zal namuna va o‘rnakdirlar.
Bundan tashqari, Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni aynan xulq jihatidan ham go‘zal o‘rnak ekanliklarini maqtab:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz”,-deb marhamat qilgan (Qalam surasi, 4- oyat).
Oisha onamizdan “Payg‘ambarimizning xulqlari qanday edi?”,-deb so‘ralganda: “Xulqlari Qur’on edi”,-deb javob berganlar.
Odob axloqning dinda qanchalik ahamiyatga ega ekanligi ko‘pgina hadislarda bayon qilingan. Jumladan, Abu Zar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Zarga shunday deganlar: “Qayerda bo‘lsang ham Allohdan qo‘rq! Yomon ish qilgan bo‘lsang orqasidan uni o‘chiradigan yaxshi ish qil va insonlarga go‘zal xulq bilan muomala qilgin!” (Imom Termiziy rivoyati).
Odob aslida insonning qanday tarbiya ko‘rgani bilan belgilanadi. Albatta, inson jamiyatda insonlar bilan o‘zaro muloqot qilar ekan, avvalo samimiy va odob ila munosabat bildirmog‘i lozim. Shundagina, ushbu odob ila qilgan samimiy munosabati u uchun bu dunyoning o‘zida sharaf bo‘lsa, ohiratda uni izzat kursisiga ega qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haq bo‘la turib janjallashmagan kishiga jannatning eng pastidan bir uy berilishiga kafilman. Hazil qilayotgan bo‘lsa ham yolg‘on gapirmagan kishiga jannatning o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Xulqi go‘zal bo‘lgan kishiga esa jannatning eng yuqorisidagi uyga kafilman,” dedilar. (Abu Dovud rivoyati).
Muqaddas dinimiz ta’limotlarida inson chiroyli hulqi orqali hattoki ibodat qilgan darajasiga ega bo‘lishligi ta’kidlangan. Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishi go‘zal xulqi bilan kunduzi ro‘zador, kechasi bedor bo‘lganlarning darajasiga yetadi,” deganlar. (Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, eng avvalo inson go‘zal hulq egasi bo‘lish uchun Yaratgan Allohdan duo qilib so‘rashi lozimligi ta’kidlangan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Meni eng go‘zal axloqqa hidoyat qil. Zotan, unga Sendan boshqasi hidoyat qila olmaydi. Yomonlarni mendan uzoqlat. Albatta, Sendan boshqasi ularni mendan uzoqlatolmaydi,” deb duo qilar edilar. Ushbu hadisi sharifda inson avvalo chiroyli xulq sohibi bo‘lishi uchun o‘zida intilish, xohish, istak va umid bo‘lishi lozim ekan. Shu bilan birgalikda, uning aksi bo‘lgan yomon xulq va odatlardan yiroqroq tursagina bu fazilatga sazovor bo‘lishi mumkin ekan.
Go‘zal xulqlardan biri – kechirimlilikdir. “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan Najd tomondagi yurishdan qaytayotganlarida peshin payti yo‘lda dam olishdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir daraxtga qilichlarini ilib soyasida uxladilar. Sahobalar ham uxlashdi. Uyg‘onganlarida bir a’robiy qilichlarini o‘g‘irlab olib, Rasulullohga niqtab: “Mendan seni kim qutqara oladi?” dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh deb uch marta aytdilar. Shunda uning qo‘lidan qilich tushib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni olib a’robiyga: “Endi seni mendan kim qutqara oladi” dedilar. U: “Sen yaxshi odamsan” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon bo‘lasanmi?” deganlarida, u: “Yo‘q, lekin senga qarshi urushmaslikka va sen bilan urushadiganlar tarafda bo‘lmaslikka va’da beraman” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qo‘yib yubordilar. Haligi kishi sheriklarining oldiga borib: “Eng yaxshi odamning oldidan kelayabman”,-dedi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bundan tashqari, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shirinso‘z, o‘zgalarga aziyat bermaydigan, haqorotomus va uyatli so‘zlarni aytmaydigan, hayoli, o‘zgalar ko‘nglini ko‘taradigan, dardlariga darmon bo‘ladigan, mehmonni va qo‘shnini hurmat qiladigan, qo‘yinki barcha mukammal chiroyli xulq-odoblar sohibi bo‘lganlar. Zero, Buyuk Alloh payg‘ambarimizga O‘zi odob berganligidandir. ”Meni Robbim tarbiya qildi va tarbiyamni go‘zal qildi” –deya Janobimiz marhamat qilganlar.
Zotan, U zotning siyratlari, axloqi hamidalari va ibratli hayot yo‘llariga ergashmoq insonlar uchun ikki dunyo saodat yo‘li hisoblanadi. Alloh bizlarga Payg‘ambarimizga ergashib eng go‘zal xulq egalari bo‘lish baxtini nasib aylasin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Yomonlikdan qaytarish
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Raslulloh sollallohu alayhi vasallamning shaklu shamoyillarini, suratlariyu siyratlarini ta’riflab: «Birinchi bor ko‘rgan kishi u zotdan haybatlanar edi. U zot bilan aralashib, tanigan kishi esa yaxshi ko‘rib qolardi. U zotni sifatlagan kishi: “Undan oldin ham, keyin ham u zotdek biror kishini ko‘rmadim”, deydi, degan» (Imom Termiziy, “Shamoili Muhammadiya”).
Haqiqatan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamda salobat ham, viqor, marhamatu shafqat ham – xullas, hamma go‘zal sifatlar, fazilatlar jamlangan edi. U zotni ilk marta ko‘rgan har qanday kishi sergak tortar, viqorlaridan, salobatlaridan haybatlanar edi. Lekin Nabiy alayhissalom bilan gaplashgan, suhbatda bo‘lgan odam u zotning halimliklari, go‘zal so‘zlari, mukammal odob va axloqlariga mahliyo bo‘lib qolardi...
Bugun o‘zini Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatiman deb hisoblab, u zotning sunnatlariga mos tarzda do‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan ayrim kishilarning, ayniqsa, yoshlarning oldiga borib, ular bilan tanishsangiz, dastlab xursand bo‘lasiz. Biroq biroz o‘tib ularning xatti-haraktalaridan yoqa ushlaysiz.
“Albatta, jasading (tanang)ning ham senda haqqi bor” (Imom Buxoriy rivoyati) hadisiga muvofiq har chorshanba sport bilan shug‘ullanamiz. Maydonga borsak, bizlar bilan bir vaqtda yonimizdagi maydonga ham yigitlar yig‘ilishdi. Soqol qo‘ygan, ayrimlarining boshida do‘ppi ham bor. Salom berishdi, alik oldik.
Chamasi yarim soatlar o‘tib, ulardan biri so‘kina ketdi. Yigitlarga qilgan havasimiz nafratga aylandi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqavergach, oxiri ularga tanbeh berishga majbur bo‘ldim. Bir-ikki nafari tamaki ham tutata ketdi.
“Yoshlar qiziqqon bo‘ladi-da”, deya ularni oqlashga shoshmasligimiz kerak. Milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan, butun bir avlodga salbiy ta’sir qilayotgan illat – yoshlarning soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib, tamaki tutatgancha so‘kinayotganini hech ham tushunib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Ertalab ishga shoshib ketayotsam, chamasi 55-60 yoshni qoralab qolgan bir otaxonning ulovini bir yigit mashinasi bilan biroz siqib qo‘ydi. Shunda soqolli, boshida do‘ppisi yarashib turgan kishi ulovining oynasidan haligi yigitni bo‘ralatib so‘kib ketdi.
Shu voqeani ko‘rib, soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib olgan, biroq og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan yoshlar osmondan tushmaganiga, ular ham bizning oramizda, o‘zbek oilalarida yashab ulg‘ayayotganiga amin bo‘ldim.
Yoshlarning aynib ketayotganiga internet va ijtimoiy tarmoqlarga soqolli blogerlar, do‘ppi kiyib olgan vaynerlar va yana allakimlar joylayotgan bema’ni, tuturuqsiz lavhalar ham sabab bo‘layapti. Yoshlar taqlidga o‘ch bo‘ladi. Shu bois ular oilada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan narsalarini amalda qo‘llashni istaydilar.
Ko‘chada do‘ppi kiyib, soqol qo‘yib yurgan yoshni ko‘rgan odam uni odobli, tarbiyali yoki taqvodor deb o‘ylashi mumkin. Ammo tashqi ko‘rinish insonning ichki dunyosiga kafil bo‘la olmaydi. Insonni kiyimi bilan emas, xulqi bilan tanish kerak. Do‘ppi kiyish yaxshi fazilatlarning o‘rnini bosmaydi, soqol qo‘yish odobning kafolati emas. Agar inson tashqi qiyofasidagi ma’naviy da’voni ichki tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirsa, shunda uning ko‘rinishi ham, so‘zi ham, amali ham bir-biriga mos keladi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ikki yil ilm oldim. Odob-axloqni o‘n sakkiz yil o‘rgandim. Qaniydi, yigirma yil ham odob-axloqni o‘rganganimda edi”, deb bejiz aytmagan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odobni o‘ttiz yil o‘rgandim, ilmni yigirma yil o‘rgandim”, degan.
Biz yuqorida tasvirlagan yoshlarda aynan odob-axloq yetishmayapti, deya olamiz. Bunday kimsalarga kiygan do‘ppisi aqlini ishlatishga monelik qilyapti, iyagida soqol o‘sibdi-yu, ammo ongi o‘smabdi, deyish mumkin.
Yoshlik – jo‘shqin davr. Shu bilan birga, bu davrda yoshlar kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadilar. Shunday ekan, kattalar ham odob-axloqda barchaga namuna bo‘lsalar, yoshlar ulardan ibrat olib, milliy qa diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil holatlardan yiroq bo‘ladilar.
Sodiqul masduq zot – Muhammal sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo O‘z soyasiga oladigan yetti toifaning ikkinchisi “...Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit...”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Xo‘sh, Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit kim, u qanday bo‘ladi?
Avvalo, u so‘zi va amali uyg‘un bo‘lgan, Rasulullohning suratlariyu siyratlarini o‘zida mujassam etgan navqiron avlod vakili bo‘ladi. U har bir ishini Alloh uchun qiladi, xatti-harakatlari, muomala-munosabatlari Islomnng zilol chashmasidan sug‘orilgan, milliy qadriyatlarimizda belgilangan mezonlarga asoslanadi.
U o‘ziga Nabiy alayhisalomning: “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Alloh fahsh va iflos so‘z aytuvchini yomon ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati), degan muborak hadislarini mezon qilib oladi.
U, hadisi sharifda aytilganidek, dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tashlab qo‘ymaydi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
“Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit” maktabu madrasada Imom Buxoriy, Xorazmiydek “a’lochi”, oliy ta’lim muasssasida Abu Hafs Kabir Buxoriydek tirishqoq, peshqadam, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda Xolid ibn Validdek, Najmiddin Kubrodek mohir askar, tijoratda Abdurahmon ibn Avfdek uddaburon, ziroatda Sa’d ibn Abu Vaqqosdek mirishkor dehqon, tibbiyotda Abu Ali ibn Sinodek hoziq tabib, handasada Ahmad al-Farg‘oniydek kuchli muhandis, xullas, hayotning har jabhasida barchaga ibrat bo‘lishi kerak. Ana shunda unga aytgan gaplari, kiygan kiyimlari, shaklu shamoyili yarashib tushadi. Hamma unga va ota-onasisiga rahmat aytadi.
Tolibjon NIZOM