Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Mart, 2026   |   1 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:07
Quyosh
06:25
Peshin
12:35
Asr
16:47
Shom
18:40
Xufton
19:52
Bismillah
21 Mart, 2026, 1 Shavvol, 1447

Ulug‘ allomaning ilmiy merosi

04.04.2017   13554   6 min.
Ulug‘ allomaning ilmiy merosi

Ilm yo‘li mashaqqat va riyozatni talab etadi. Bunga qat’iyati va bardoshi yetmagan kishi yuksak ilm cho‘qqisini zabt eta olmaydi. Ulug‘ vatandoshimiz Abu Iso  Termiziyning hayot yo‘li va qoldirgan ilmiy merosi bilan tanishganda islom olamida tan olingan ulug‘ olti muhaddisdan biri deya tan olinishi bejiz emasligiga amin bo‘lamiz. Ayniqsa, allomaning  “Sunani Termiziy” asari asrlar osha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotgan emas. Bugungi kunda ham bu asarning poklik, odob-axloq, yosh avlodni ma’naviy kamollikka yetaklashda o‘ziga xos o‘rni va xizmati alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur asarning “Tahorat kitobi” tahoratga ham, namozga ham, zakot-sadaqaga ham, halol yo‘l bilan mol topish farzligiga ham tegishli muborak hadis bilan boshlanadi. Hazrati Ibn Umar (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilindi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tahoratsiz kishidan namoz va harom puldan sadaqa qabul qilinmaydi”, dedilar. Imom Termiziy hadisni har tomonlama o‘rganib: “Bu hadis ushbu bobda vorid bo‘lgan hadislarning eng sahihi va eng hasanidir”, degan xulosaga keladi. Tahoratning fazilati haqida Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg‘ambarimizdan: “Musulmon (yoki mo‘min) banda tahorat olayotib yuzini yuvganida ko‘zlari bilan qarab qilgan har bir gunohi tahorat suvi bilan yoki suvning oxirgi tomchisi bilan (yoki shunga o‘xshash ta’bir qo‘lladilar) yuzidan yuvilib tushadi; qo‘llarini yuvayotganida qo‘llari bilan sodir qilgan har bir gunohi suv yoki suvning so‘nggi qatrasi bilan qo‘llaridan to‘kiladi, nihoyat, banda gunohlaridan poklanib chiqadi”, degan hadisni rivoyat qiladi. Abu Iso Termiziy bu hadisni o‘rganib, hasan-sahih, degan fikrni bildiradi. Abu Umoma (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlarida obid va olim zikr etildi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Olim kishining obiddan afzalligi, mening sizlarning eng quyingizdan afzalligim kabidir”, deb marhamat qildilar. So‘ng yana u zot  (alayhissalom): “Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahli, hatto inidagi chumoli va dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi haqiga duo qiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyat qilgan). Mazkur hadis bizga yaxshilik o‘rgatuvchi kishining naqadar ulug‘ martaba va maqomga egaligini ko‘rsatib beradi. Yana Imom Termiziy rivoyatida keltirilgan boshqa bir hadisda: “Olimning obiddan afzalligi o‘n to‘rt kunlik oyning boshqa yulduzlardan afzalligi kabidir. Darhaqiqat, olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmagan, ular faqat ilmni meros qoldirishgan. Kim uni olsa, katta baxtni qo‘lga kiritibdi”, deyilgan. Shundan bilib olamizki, olim kishilar payg‘ambarlarning merosxo‘rlari va ular ilmdan boshqa narsani meros qoldirmaydilar.  

Savfon ibn Abbos (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)  marhamat qilib dedilar: “Farishtalar ilm tolibiga talab etilayotgan ilmidan rozi bo‘lib, qanotlarini qo‘yishadi (yozishadi)” (Imom Ahmad, Termiziy va Ibn Moja rivoyati). Imom Termiziyning to‘plagan hadis kitobida poklanish va dunyo ilmlarini mukammal o‘rganishga targ‘ib-tashviq etadigan hadislar ham mavjud. O‘tgan ulamolarimiz: “Oz o‘rganib, uni amal qilish umringga kifoya qilsin”, deganlar. Biz yoshlarga u zotning ilm va hadis bobidagi g‘ayrat va shijoat, qobiliyat va iste’dodlari yuksak namunadir. Chunki Imom Termiziy yoshlik paytidan hadis ilmiga mehr qo‘yib, ularni to‘plashga alohida e’tibor qaratadi va bu borada uchragan qiyinchiliklarni yengib o‘tadi. O‘zlari o‘qigan yoki birorta roviydan eshitgan hadisning asli va isnodini diqqat va ogohlik bilan aniqlab, qayta-qayta tekshirib, to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilgandan keyin ularni alohida qog‘ozlarga qayd etib boradi. O‘ziga shubhali bo‘lib ko‘ringan hadislarni esa alohida qog‘ozlarga bitib, sahih va shubhali hadislarni sahih, hasan, zaif, g‘arib kabi sifat va turlarga ajratadi. Imom Termiziy (rahimahulloh) vaqtdan unumli foydalanish, zehnni foydali ishlarga sarflash orqali kelajak avlodga foydali va umrboqiy asar qoldirishda katta jonbozlik ko‘rsatdi.

Muhaddis olim o‘z zamonasida Hijoz, Iroq va Xurosondagi eng yetuk muhaddis ulamolarga uchrab, ular bilan ilmiy suhbat va bahs-munozaralarda bo‘ldi. Biz yoshlar ulug‘ muhaddisning hayotiy va boy tajribasini teran o‘rganib, aniqlamasdan xabarlarni ko‘r-ko‘rona qabul qilish, boshqalarga yetkazishda va buzg‘unchi g‘oya va qarashlarni qabul qilishda ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Ayniqsa, aqlli va farosatli yoshlarga yaxshi tanimagan odamning so‘ziga va g‘oyalariga maftun bo‘lish yarashmaydi. Shuning uchun hozirgi kunimizda xavf solib turgan barcha yovuz kuchlarga qarshi yoshlarimizda immunitet hosil qilish va sog‘lom muhitni shakllantirishimiz kerak. Yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy va Mahmud Zamaxshariy kabi dunyo ilm ahlini lol qoldirgan zabardast allomalar bo‘la turib, ularning boy ilmiy merosini o‘rganmasdan chetdan turli yo‘llar orqali kirib kelayotgan yot g‘oya va qarashlar ta’siriga berilishni aql bovar qilmaydi. Oldingi zamonlarda ustozlar ilm olishni istagan kishini olti oy sinovdan o‘tkazmasdan shogirdlikka olmagan ekan. Chunki shu vaqt ichida shogirdning barcha xato va ayblari aniq bo‘lib qolar ekan. Shogird olgandan keyin ham ustozi ilmini to‘liq egallash uchun uning huzurida besh-o‘n yillar qolib ketar ekan. Hozirgi vaqtda bir-ikki marta ko‘rishib, bir-biriga ustoz va shogird bo‘lib, yot g‘oya va qarashlarning farqiga bormayotgan yoshlar yo‘q deb o‘ylaysizmi?

Xullas, imom Termiziyning ilmiy merosini tadqiq etish va ommaga yetkazish bugungi kunda juda zarur. Shu ma’noda bu zotni ma’naviy illatlarni davolash va muolaja qilishda mohir tabibga o‘xshatish mumkin. Mohir tabibning so‘ziga quloq solgan bemor o‘zini qiynayotgan darddan tez forig‘ bo‘ladi. Imom Termiziyning ilmiy merosini ma’naviy shifo ekannini hech bir yurtdoshimiz yoddan chiqarmasligi va undan foydalanishi kerak. 

Urol Nazar MUSTANOV,

Imom Buxoriy nomidagi islom instituti

“Ijtimoiy fanlar” kabinet mudiri

Hadisi sharif
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

19.03.2026   5337   1 min.
Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifining ikkinchi kuni Imom Moturidiy yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining qaroriga muvofiq, o‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirishga kirishilgandi.

Ayni paytda majmua va uning atrofida qurilish-obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Umumiy maydoni 10,2 gektar bo‘lgan hududda Imom Moturidiy majmuasi qayta qurilib, 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh bunyod etilmoqda.

Shuningdek, qurilish ishlari jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy ham aniqlanib, bu yerda maqbara qurilmoqda.

Allomalar yodga olinib, Qur’on tilovat qilindi.

Davlatimiz rahbari bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, ushbu maskan dunyo musulmonlari talpinadigan ziyorat manzillaridan biri ekanini qayd etib, bu yerda ular uchun zamon talablariga mos sharoit yaratish zarurligini ta’kidladi.

– Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi, islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak, – dedi Prezident.

Qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.

https://president.uz/ru/lists/view/9028

 

Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda Imom Moturidiy majmuasi yangi qiyofaga kirmoqda
O'zbekiston yangiliklari