Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

07.04.2017 y.Rajab oyi hamda Isro va Me’roj voqeasi

03.04.2017   9018   13 min.
07.04.2017 y.Rajab oyi hamda Isro va Me’roj voqeasi

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Oylarning soni o‘n ikkita qilib yaratilgani, bular birgalikda yil hisobini tashkil etishi Qur’oni karimda bayon qilingan. Ushbu oylarning to‘rttasi urush harom qilingan hurmatli oylardir. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qilgan:

إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ ...

ya’ni, “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to‘g‘ri dindir. Bas, o‘sha (oy)larda o‘zingizga zulm qilmangiz!” (Tavba surasi, 36-oyat).

E’tibor qiladigan bo‘lsak, Alloh taolo “Bas, o‘sha (oy)larda o‘zingizga zulm qilmangiz!” deyapti. Ya’ni, bu oylarda gunoh va mas’iyat ishlarini qilib o‘zingizga zulm qilmang. Aslida, boshqa oylarda ham gunohlardan tiyilishimiz lozim. Lekin aynan bu oylarning hurmatini poymol qilib, qilingan gunoh yanada kattaroq hisoblanadi. Mazkur to‘rt oyda agar urush qilinsa, Allohning hukmini o‘zgartirib, harom narsani halol hisoblash bo‘ladi. Binobarin, bu katta gunohdir.

Ushbu oyatda zikr qilingan urush harom bo‘lgan hurmatli oylar muharram, zulhijja, zulqa’da va rajab oylaridir. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَبِي بَكْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الزَّمَانُ قَدْ اسْتَدَارَ كَهَيْئَتِهِ يَوْمَ خَلَقَ اللَّهُ السَّمَوَاتِ وَالْأَرْضَ السَّنَةُ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ثَلَاثَةٌ مُتَوَالِيَاتٌ ذُو الْقَعْدَةِ وَذُو الْحِجَّةِ وَالْمُحَرَّمُ وَرَجَبُ مُضَرَ الَّذِي بَيْنَ جُمَادَى وَشَعْبَانَ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

ya’ni, Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zamon (Alloh taolo) osmonlaru yerni yaratgan kunidagidek holatiga qaytdi. Bir yil o‘n ikki oydir. Shulardan to‘rttasi harom oylari bo‘lib, uchtasi ketma-ketdir: zulhijja, zulqa’da, muharram va jumado (oxir) bilan sha’bon o‘rtasidagi Muzorning rajabidir”, dedilar”. (Buxoriy rivoyat qilgan).

Zamonning qaytishidan murod – johiliyat davrida o‘zgartirib yuborilgan oylar o‘z joyiga qaytarilganidir. Muzorning rajabi deyilishidan murod – johiliyatda Muzor qabilasi rajab oyini boshqalardan ko‘ra ko‘proq ulug‘lagani uchundir.

Muhtaram jamoat! Bugungi juma suhbatimiz hijriy-qamariy taqvimning yettinchi oyi ya’ni, Jumodol-oxir bilan Sha’bon oyi o‘rtasida bo‘lmish Rajab oyi haqida bo‘ladi. Bu oyning fazilati shundaki, ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, nubuvvatning o‘ninchi yili ushbu oyning yigirma yettinchi kechasi mashhur Isro va Me’roj voqeasi sodir bo‘lgan. Isro va me’roj voqeasi Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning mo‘jizalariga dalolat qiluvchi nodir hodisalardan hisoblanadi.“Isro” lug‘atda “tungi sayr” ma’nosini bildiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Masjidul-Haromdan Masjidul-Aqsoga borishlari hodisasi “Isro” deyiladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:

سُبْحَانَ الَّذِي أَسْرَى بِعَبْدِهِ لَيْلًا مِنَ الْمَسْجِدِ الْحَرَامِ إِلَى الْمَسْجِدِ الْأَقْصَى الَّذِي بَارَكْنَا حَوْلَهُ لِنُرِيَهُ مِنْ آَيَاتِنَا إِنَّه هُوَ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ

ya’ni, “(O‘z) bandasi (Muhammad)ni, unga mo‘jizalarimizdan ko‘rsatish uchun (Makkadagi) Masjidi Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilgan Masjidi Aqsoga tunda sayr qildirgan zotga tasbeh aytilur. Darhaqiqat, U Same’ (eshituvchi) va Basir (ko‘ruvchi)dir”. (Isro, 1). Rasulullohning Isro va Me’rojlarini haq deb bilish imon shartlaridandir. Kim Isro haqidagi oyatlarni rad etsa, kofir bo‘ladi

“Me’roj” so‘zi lug‘atda “Zina” degan ma’noni bildiradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom uyg‘oqliklarida jasadlari bilan osmonga va undan Alloh taolo xohlagan joyga chiqqanlari voqeasi «Me’roj» deyiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Me’rojlariga ishonish Ahli Sunna val-Jamoa aqidasining muhim qismidir. Me’rojda musulmonlarga besh vaqt namoz o‘qish farz qilindi. Nima uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Makkadan me’rojga ko‘tarilmasdan, Baytul-Maqdisga borib, so‘ngra ko‘tarilgan deyilsa, unga shunday javob berilgan: “Baytul-Maqdisga olib borilishida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Me’roj haqidagi so‘zlarining rost ekanini tasdiqlash hikmati bor. Chunki Quraysh qabilasi Baytul-Maqdisning vasfini so‘raganida, u zot Baytul-Maqdisni vasflab, hatto yo‘lda ketayotgan ularning karvoni haqida ham gapirib berganlar. Agar u zotning samoga ko‘tarilishi Makkaning o‘zidan bo‘lganda, bu narsa hosil bo‘lmas edi”. Me’roj voqeasida biz uchun eng ahamiyatli bo‘lgan narsa dinimizning ustuni bo‘lgan besh vaqt namozning farz bo‘lganidir.

Muhtaram jamoat! Bu oy muharram-hurmatli oylardan bo‘lgani uchun bu oyda imkon qadar xayrli amallarni ko‘proq qilishimizga targ‘ib qilingan. Aslida, bu oy Ramazon oyi uchun tayyorgarlik oyidir. Bu oy haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا دَخَلَ رَجَبٌ، قَالَ: "اللهُمَّ بَارِكْ لَنَا فِي رَجَبٍ، وَشَعْبَانَ، وَبَلِّغْنَا رَمَضَانَ". (رواه البيهقي والطيراني

ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rajab oyi kirsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohumma barik lana fi rajabin va sha’bana, va ballig‘na ramazona”, der edilar” (Bayhaqiy va Tobaroniy rivoyati). Duoning ma’nosi: “Ey Alloh! Rajab va sha’bon oylarida bizga baraka ato qilgin va bizlarni Ramazon oyiga yetkazgin!”.

Biz Rajab oyida asosan Ramazon oyi uchun tayyorgarlik ko‘rib boramiz. Ramazon oyida muvaffaqiyat qozonish uchun undan oldingi oylarni xususan Rajab va Sha’bon oylarini katta tayyorgarlik bilan o‘tkazishimiz kerak bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Biz bu oyni solih amallarga targ‘ib qilingan oy deyishimiz bilan birga bu oyda muayyan xos ibodatlar sahih hadislar orqali naql qilinmaganini ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimdir. Ya’ni, bu oyda qiladigan ibodatlarimiz ixtiyoriy nafl ibodatlardir. Shuning uchun “falon kechada yuz rakat namoz o‘qish kerak” kabi asli bo‘lmagan rivoyatlarga tayanib ibodat qilmaylik. Agar shunday qilsak, bid’at ishni qilgan bo‘lamiz va savob o‘rniga gunoh orttirib olamiz. Aksincha, biz ixtiyoriy ravishda, namoz, ro‘za, xayri ehson, silai-rahm, poklik, qo‘shnilik haqlari kabi solih amallarni ko‘paytirib amalga oshiraylikki, ortidan kelayotgan Ramazon oyiga tayyorgarlik bo‘lib borsin! Bizning dinimiz yengillik dinidir. Islom dinida qattiqlik, og‘irlik, qiyinchilik va bandani tang ahvolga tushirib qo‘yish yo‘qdir. Bu Islomning go‘zalligidandir. Bandalarning din nomi bilan turli-tuman qiyinchiliklarga duch kelayotganlari ularning dinni yaxshi anglamasligi va dinga bid’at-xurofatlarni aralashtirib yuborganligidandir.  Chunki Qur’oni karimni o‘qiydigan bo‘lsak, uning qanchalar yengil din ekani, insoniyatni baxtli hayot kechirishi uchun kerakli ta’limotni berganiga guvoh bo‘lamiz. Qur’oni karimning bir qancha oyatlari  so‘zimizga dalil bo‘ladi. Jumladan:

 

وَمَا جَعَلَ عَلَيْكُمْ فِي الدِّينِ مِنْ حَرَجٍ

ya’ni, “Dinda sizlarga biror haraj (qiyinchilik) qilmadi”. (Haj surasi, 78-oyat).

Yana bir oyatda esa shunday deyilgan:

مَا يُرِيدُ اللَّهُ لِيَجْعَلَ عَلَيْكُمْ مِنْ حَرَجٍ وَلَكِنْ يُرِيدُ لِيُطَهِّرَكُمْ وَلِيُتِمَّ نِعْمَتَهُ عَلَيْكُمْ لَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ       

ya’ni, “Alloh sizlarga biror qiyinchilik (paydo) qilishni ravo ko‘rmaydi, aksincha, sizlarni poklash va ne’mat(lar)ini sizlarga mukammal berishni xohlaydi, shoyad shukr qilsangiz”. (Moida surasi, 6-oyat).

Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham dinning yengillik dini ekani haqida shunday deganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ الدِّينَ يُسْرٌ وَلَنْ يُشَادَّ الدِّينَ أَحَدٌ إِلَّا غَلَبَهُ فَسَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَأَبْشِرُوا وَاسْتَعِينُوا بِالْغَدْوَةِ وَالرَّوْحَةِ وَشَيْءٍ مِنْ الدُّلْجَةِ.) رَوَهُ الْبُخَارِيُّ

ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Bu din osonlikdir. Kim dinda ashaddiylashsa, (din) uni yengmay qo‘ymaydi. To‘g‘rilikni lozim tutinglar, (hech bo‘lmasa, shunga) yaqin bo‘linglar va xushxabar beringlar. Ertalab, tushdan keyin va tunning oxirida (ibodatga Allohdan) yordam so‘ranglar”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Mazkur oyat-hadislardan ko‘rinib turibdiki, dinimiz yengillik dinidir. Dinimizni to‘g‘ri anglab yetsak, unga muvofiq hayot kechirsak, hamda har xil bid’at-xurofatlarga berilmasak, saodatga qisqa va oson yo‘l bilan borgan bo‘lamiz.

Muhtaram imom-xatib janoblari! quyidagi ilovaga e’tibor qaratishin-gizni so‘raymiz:

Juma tezisiga ilova

 

YO‘L HARAKATI QOIDALARIGA RIOYA ETAYLIK!

 

Muhtaram jamoat! Hammalarimizga shu narsa yaxshi ma’lumki, hozirgi vaqtda jahondagi barcha davlatlarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish, avto-ulov haydovchilari va piyodalarning xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan qonun-qoidalarni mukammallashtirish va ularga jiddiy rioya etish eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Bu haqda ko‘plab xalqaro anjumanlar o‘tkazilmoqda, mahalliy sharoitlarda avto ulov va yo‘l xavfsizligi oyliklari muntazam o‘tkazilib, ularda keng miqyosda haydovchilar va piyodalarga taalluqli qonun-qoidalarga amal qilish tartiblari shu soha mas’ullari va mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Ayniqsa maktab o‘quvchilari o‘rtasida katta tushintirish ishlari olib borilmoqda, zero har bir fuqaroning omonligi, tinchlik va osoyishtalik hamda xavfsizligi davlatimizning muhim ijtimoiy-siyosiy vazifasi hisoblanadi.

Islom ta’limotida ruhiy-ma’naviy va ijtimoiy xayotning barcha sohalarida tartib-nizom va qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish va man etilgan har qanday ishdan uzoq bo‘lish alohida ta’kidlangan.

Muhtaram jamoat! Yo‘ldagi tosh, sim, shisha kabi yo‘lovchilarga zarar yetkazuvchi narsalarni chetga olib tashlash ham imonning bir bo‘lagi hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yo‘ldan odamlarga aziyat beradigan narsalarni olish sadaqadir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Odobli inson boshqalarga ozor bermasligi uchun yo‘lni to‘smaydi balki yo‘l beradi va uni hurmat qiladi.

Odamlar gavjum joylarda ya’ni, bozorlar, sport majmualari, to‘yxonalar, shuningdek, juma namozi vaqtida ba’zi insonlar avto ulovlarini yo‘lning qatnov qismiga tartibsiz qo‘yib ketishlari oqibatida yo‘l harakatlariga qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Masalan tez tibbiy yordam va o‘t o‘chiruvchi mashinalar yo‘lini to‘sib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda. Ko‘plab masjidlarimiz atrofida juma namozlari vaqtida avtomashinalarni ko‘chaning harakat qismida qoldirib ketish holatlari ko‘paymoqda.

Azizlar, niyatimiz Allohning farzini bajarish ekan, ungacha yaratganga xush kelmaydigan ishni qilmaylik. Hadisi sharifda shunday deyilgan:

عن عبدِ الله بن عمرو بن العاصِ رضي الله عنهما، قَالَ: قَالَ رسولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: «المُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ المُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ...» (رواه البخاري و مسلم

ya’ni, Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishi – musulmonlar uning tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, dedilar.

Ko‘chada qancha muhim ishlar, xususan inson taqdiriga bog‘liq masalalarda harakatlanayotgan yurtdoshlarimizga zarar berib, gunohga botmaylik.

Shuningdek, haydovchilar yo‘l qoidalarini buzmasliklari, yo‘l belgilariga qat’iy rioya qilib tezlikni belgilangan me’yordan oshirmasliklari zarur. Aks holda nafaqat o‘ziga balki boshqa insonlarga ham og‘ir zarar va kulfat yetkazib qo‘yishi mumkin ekanligini unutmaylik.

Alloh taolo ogohlantirib amr etadi:

...وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ...

ya’ni: “... o‘z qo‘llaringiz (baxilligingiz)  bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...” (Baqara, 195).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam insonga moddiy va ma’naviy zarar beradigan tezlikdan, hatto u katta savob bo‘ladigan ibodat sohasida bo‘lsa ham qaytarganlar. U zot marhamat qilib aytadilar:

" ايها الناس عليكم بالسكينة فانَّ البرَّ ليس با لايضاح" اي الإسراع (رواه البخارى

ya’ni: “Ey odamlar xotirjamlikni lozim tutinglar. Chunki yaxshilik shashqoloqlik bilan amalga oshmaydi”.

Bunga ayniqsa yo‘l chiroq (Svetafor) ishorasi ruxsat bermay turib, yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lgan piyodalar, muayyan ishorani kutishga sabri chidamaydigan ayrim avto ulov haydovchilari yaxshi eshitib olishlari va amal qilishlari zarur. Darhaqiqat, bir oz sabr qilib kutib tursangiz, hayotingizni xatardan saqlagan bo‘lasiz. Zero, ohistalikda-salomatlik, shoshilishda nadomat bo‘ladi, deb bejizga aytilmagan.  !

Alloh taolo barchamizga dinimizni to‘g‘ri anglab yetishni muvaffaq aylasin! Rajab oyini barchamizga xayrli qilsin! Jannatmakon yurtimizni tinch-omon, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin! Vatanimizda amalga oshiralayotgan islohotlarga Alloh taolo barokatlar ato qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   13849   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari