Abu Abdulloh Salmon al-Forsiy (? - 658) – sahoba; Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning as'hoblaridan. Asli isfahonlik. Yoshligidan fitratida Haqqa intilish bo‘lgani tufayli haq dinni qidirib safarga chiqqan. Majusiy dinidagi otasidan qochgan. Dastlab nasroniy diniga kirgan, Payg‘ambar alayhissalomning xabarini eshitganidan so‘ng u zotning huzurlariga kelib islom dinini qabul qilgan. Iroq hokimi bo‘lgan kezlarda ham bo‘yra to‘qib sotib, o‘z mehnati evaziga tirikchilik o‘tkazgan; maoshini muhtojlarga sadaqa etgan. Rasuli Akram (sav)dan ko‘plab hadislar rivoyat qilgan.
Salmon FORSIY
Qo‘lga kiritgan hurligim tatimayotgan, shu qadar farahbaxsh tuyg‘udan sarmast bo‘la olmayotgan edim. Chunki hali men kabi minglarcha mazlumlar eng og‘ir sharoitlarda hayot kechirib, zolimlarning zulmi ostida ezilayotgan edi. Bu holni fir’avinlar zulmiga uchragan Musoning as'hobiga mengzash mumkin edi.
Ey aziz! Ichimdagi bu zimiston dunyo qachon yorishadi? Insonlar faqat qora tanli bo‘lgani uchun, faqir holda tug‘ilgani uchun saroylarda qul sifatida sotilayotir? Men Salmon hech qachon bunday adolatsiz dunyoda o‘zimni ozod insondek his eta olmayman. Kelib chiqishim va tanimning rangi ularniki kabi bo‘lmasa ham har doim mazlumlarga o‘zimni yaqin his etaman. Zero, men o‘zimni aslzoda bilan yonma-yon kelganimda dushman, yo‘qsil bilan duchma-duch kelganda bir do‘st kabi his etaman. Shu bois o‘zimni tanitganimda hurriyat otashi bir kuni badanimni kuydirishini so‘zlar, o‘zimni haqiqat istagan bir qul o‘laroq ta’rif etar edim. Bu hislarim meni yangi bir izlanishga yetakladi. Negaki, bunchalar chirkin dunyoda yuz berayotgan nohaqliklarga aslo tomoshabin bo‘lib tura olmas edim.
Menga o‘xshagan qullar har kuni hisobsiz, savol-so‘roqsiz, sababsiz, ulkan ibodatxonalar, obidalarda, saroylar qurilishida og‘ir toshlari ostida ezilib, qonlar ichida jon bermoqda. Qorinni tuydirish ilinjida qirollarning, imperatorlarning xizmatiga kirmoq va ularga itoat etmoq qanday bo‘ladi-da, inonganim elchining, sig‘inganim tangrining mening taqdirimga baxsh etgani bir haqiqat qanday? Yo‘q! Bu ko‘rguliklarim va barcha birodarlarim torgan azoblar (Tangrilar) bizga baxsh etgan taqdir bo‘lishi mumkin emas. Bular to‘yish nimaligini bilmaydigan boylarning chegarasiz istaklarini ta’min etmoq uchun o‘ylab topgan uydirmalaridir. Hech bir tangri o‘zi yaratgan va taqdirini belgilagan bandasini bu qadar shafqatsiz hayot ichida sinamaydi. Yoki men ishongan tangri o‘z otashi bilan faqat boylarni aziz biladimi? Mabodo, olovi o‘chib qolsa, o‘ziga bir foyda keltira oladimi? Buni o‘zi ham bilmaydi! Axir men dunyoga hurligimni yo‘qotib, qullik kishanlari ostida, og‘ir toshlar yara-chaqa qilib yuborgan majruh bir tanani ko‘tarib yurmoq uchun kelmadim-ku!
Cho‘llardan oshdim, saroylardan qutuldim, qullik, horg‘inlik, aziyat, shuvillagan qamchilar zarbi, oyoqqa urilgan zanjirlar, vahshiyona baqirishlar, ko‘z yoshlari, berahmlik... bular mening ozodligimga daxl qila olmaydi. Erkinligim uzoq diyorlarda, otini o‘zim ham bilmaydigan bir makonda. Qayda bo‘lsam ham xuddi tug‘ilgan vaqtimdagi kabi hurligimni yana topaman. Ichimdagi ozodlik uchqunlari yolqinlanib, katta bir vulqon holiga kelmog‘i uchun bir otash istadim. Dovullari qaynagan bu ozodlik orzusi tanamda kundan kunga yolqinlanib borayotgan edi. Ko‘zlarimni ochganim zahoti uzun bir yo‘l ko‘rar edim. Vallohi, tog‘li, darali, bepoyon va uzundan uzun yo‘l. Bu yo‘lni ochmoqqa zo‘r ehtiyojim bor edi. Ammo dardlarimni, iztiroblarimni, xayollarimni baham ko‘radigan asomdan boshqa kimsam yo‘q edi.
Keldim va uni topdim go‘yoki. Bu diyorlar menga yetisha olmagan ozodligimni ko‘rsatgandek bo‘ldi. Bir donishmand tanishimdan (pop) ilm, hikoya, kichik tadqiqotlar, tarixni, o‘qish-yozishni o‘rgandim. U: “Ozodlik qo‘ldan ketib, yana qul bo‘lib qolishing mumkin, biroq bilimni hech kim sendan tortib ola olmaydi”, derdi. U ikki tangriga sig‘inmas, “Yo pulga yo Allohga sig‘inasan”, degan Iso alayhissalomning izidan borar edi. Unga va Isoga inondim va itoat etdim. Har bir insonning tangrisi bo‘lgan buyuk Mavloga qullik idrokim ila bog‘landim. Bu bog‘lanish menga yo‘qotgan hurligimni qabul etmaganim ibodatxonalardan, aslzodalardan tortib olib bergan edi. Men kimsasiz bir musofir edim yoki bir qul, ammo uning dini bularning hech birini sabab qilib meni quyida ko‘rsatmadi.
Qo‘lga kiritgan hurligim tatimayotgan, shu qadar farahbaxsh tuyg‘udan sarmast bo‘la olmayotgan edim. Chunki hali men kabi minglarcha mazlumlar eng og‘ir sharoitlarda hayot kechirib, zolimlarning zulmi ostida ezilayotgan edi. Bu holni fir’avinlar zulmiga uchragan Musoning as'hobiga mengzash mumkin edi. Ammo mazlumlar haqqini himoya qilish uchun hech bir inson harakat qilmayotgan edi. Aksincha, men yangi mansub bo‘lgan din odamlari o‘z dinlariga oid bo‘lmaganlar (atrof o‘lkalar) bilan g‘avg‘oga kirishgan edi. Muttasil fath harakatlari va urushlar davom etardi. Insonlar yanada vahshiylashgan va Isoning nasihatlarini unutar holga kelgan edi.
Har ishga qodir bo‘lgan tangrining bizlarga baxsh etgan taqdiri faqat achchiq azoblardan iborat bo‘lmoqda edi. Menga hurriyat yo‘lini ko‘rsatgan ruhoniy hayotdan ko‘z yumgan va kuchli iztirob ila meni yolg‘iz tashlab ketgan edi. Uning o‘limi ozodligimning nihoyasi bo‘ldi. Ojiz tanim yana qul o‘laroq xizmat qilishga mahkum etildi.
Ruhoniyning o‘limidan so‘ng bir musofirning emin-erkin yurishi aslzodalarning ko‘ziga milliy qadriyatlarga va nasroniylikka zid harakat o‘laroq qabul etildi. Takror qul bo‘lishim, og‘ir toshlarni tashishim, qamchilar zarbini tortishim, aziyatlar ostida qolishim ayon bo‘lib qoldi. Ruhimdagi hurriyat otashidan ungan novdalarni zolimlar burda-burda qildi. Hamma narsadan umidimni uzdim. Cho‘l endi menga Erondan Kisroning qochganim kabi uzun ko‘rinmas, bu yerlarda bir vaqtlardagi umidlarimni ham ko‘rmas edim.
Muhtasham saroylar, ibodatxonalar, havoga bo‘y cho‘zgan obidalar yana mening ustimdan, to‘kkan terlarim hisobidan yuksalayotgan edi. Ammo pop menga o‘rgatgan o‘qish va yozish menga birmuncha yengillik tug‘dirar edi. Pop menga: “Bu hududlarda arab bir payg‘ambar keladi, uning diniga kir va uning dining vorislaridan bo‘l”, degan edi. Ismi Mustafo emish. U – Alloh tarafidan yer yuziga tushirilgan bir nur, haqiqatni bildiradigan, botilni taqiqlaydigan, odobsizlikka bo‘yin egmaslikni o‘rgatadigan yo‘lboshchidir. Kim bu payg‘ambar? Nima uchun pop menga o‘zi ishongan Isoni va Tangrini qo‘yib, boshqasi ko‘rsatgan bir dinga kirishimni istayotir?..
So‘radim, izladim va tingladim. U Makkadagi Hoshim o‘g‘illari qabilasiga mansub Muhammad ibn Abdulloh emish. U hali tug‘ilmasidanoq otasidan ayrilgan ekan va kichik yoshida onasining ham hasartida qolibdi. Shu kunlarda Madinaga ko‘chish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida eshitdim. Har kim uning yolg‘ondan qochib haqiqatga, botildan qochib vahdatga, zulmga to‘siq bo‘lib adolatni ta’min etmoqqa jahd etgan bir inson ekanini so‘zlayotgan edi. Bu yerdagi qulligimdan qochib zudlik bilan Muhammadni topmoqni istar edim. Mo‘tabar elchining bu yo‘lida unga yo‘ldoshlik qilib zulm sari ketgan har bir yo‘lga g‘ov bo‘lmoqni orzu etdim.
Qochdim va Makkaga keldim. Bu yerda har kishi u haqida so‘zlardi; biri uning hech qo‘rqmasdan boylar va mulk sohiblarini Alloh yo‘lida tahdid etganini, yana biri uning oddiy bir cho‘pon bo‘lganini va och ko‘rinmaslik uchun qorniga tosh bog‘lab yurishini gapirar edi. Quloqlarimga ishonmadim. Axir Muso ham, Ibrohim ham cho‘ponlar orasidan tanlangan bir ogohlantiruvchi, vahdatni ko‘rsatuvchi elchi edi. Ka’bada doimiy yig‘ilishlarning bo‘lib o‘tayotgani, uning va’zlarining faqir va miskinlarni kuchli isyonning eshigiga keltirib qo‘yganini ko‘rsatar edi, Makkada uning yo‘llariga ming turli to‘siqlar qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu yerda juda katta o‘zgarishlar bo‘lishi sezilib qolgan edi. Mushriklar uni yolg‘onchi, soxtakor, otalarining omonat qoldirib ketgan muqaddas dinning ashaddiy dushmani deb hisoblamoqda edi. U esa to‘xtamasdan va’z etar, insonlarga yillar davomida yo‘qotgan haqiqatlarini bayon etmoqda edi.
Kecha tanho edi. Zim-ziyo qorong‘ulikda faqat cho‘l hasharotlari chiqargan ovozdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Ka’bada mushriklar yana to‘planib olib u Rasulni g‘iybat qilayotgan edi. Bahslashuv turli fikrlar bilan kuchayib borayotgan choqda U paydo bo‘ldi va men uni ilk da’fa ko‘rdim. Gaplarini boshlaganda yana bir marta quloqlarimga ishonmadim. “Insonlarni ezmoq uchun qo‘llanayotgan bu tangrilaringiz nega sizdan boshqa qullariga yordamini qizg‘anmoqda. Bu tangrilar nega gunohsiz bo‘lgan go‘daklarning o‘limlarini istamoqda. Muqaddas hisoblaganingiz oylarda yig‘ilgan mollarni tangringiz uchun xarjlaysizmi, yo‘qsa, o‘z manfaatlaringiz uchunmi? O‘zi bu butlar sizdan mulk istaydigan qadar ojizmi? O‘zingiz yo‘nib yasagan bu haykalchalardan nimalarni umid qilmoqdasiz? Molu mulk Alloh yo‘lida sarflangunga qadar insonning ichini yoqadigan bir qur olov bo‘lib turaveradi!” Ko‘zlarimga ishona olmayotgan edim. So‘zlariga hayrat etishnimi, xitobatini, go‘zalliginimi?.. nima qilishni bilmay angrayib qolgan edim. U qo‘rqmasdan yolg‘iz holida o‘zining joniga qasd qilish rejasini tuzayotgan zolimlar to‘dasiga kirib ularga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatayotgan edi.
Payg‘ambar bu so‘zlarni aytganidan so‘ng mushriklar ustiga yuraverdi. Olomon uni ayovsizlarcha ura boshladi. U esa adl turib so‘zlarini hech e’tiroz bildira olmaydigan tarzda davom ettirar edi. Yugurib borib g‘avg‘oga qo‘shilib ketdim, Zulmga qarshi mening ilk mujodalam ana shu edi. Mushriklar mening o‘rtaga kirganimni ko‘rganidan so‘ng bizni Ka’badan surib chiqardi. Ushbu buyuk tanishuv o‘sha kecha boshlandi. Yillar davomida izlaganim haqiqat, erkinlik, hurriyat otashi ilk marta to‘g‘ri uzanga tushdi. Uning yuzi qonagan edi, go‘zalligining timsoli bo‘lgan ko‘zlarini yuzimga tikdi:
– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom, yo Rasululloh!
Har ish shunday boshlandi va har ish shunday nihoyasiga yetdi.
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Yomonlikdan qaytarish
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Raslulloh sollallohu alayhi vasallamning shaklu shamoyillarini, suratlariyu siyratlarini ta’riflab: «Birinchi bor ko‘rgan kishi u zotdan haybatlanar edi. U zot bilan aralashib, tanigan kishi esa yaxshi ko‘rib qolardi. U zotni sifatlagan kishi: “Undan oldin ham, keyin ham u zotdek biror kishini ko‘rmadim”, deydi, degan» (Imom Termiziy, “Shamoili Muhammadiya”).
Haqiqatan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamda salobat ham, viqor, marhamatu shafqat ham – xullas, hamma go‘zal sifatlar, fazilatlar jamlangan edi. U zotni ilk marta ko‘rgan har qanday kishi sergak tortar, viqorlaridan, salobatlaridan haybatlanar edi. Lekin Nabiy alayhissalom bilan gaplashgan, suhbatda bo‘lgan odam u zotning halimliklari, go‘zal so‘zlari, mukammal odob va axloqlariga mahliyo bo‘lib qolardi...
Bugun o‘zini Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatiman deb hisoblab, u zotning sunnatlariga mos tarzda do‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan ayrim kishilarning, ayniqsa, yoshlarning oldiga borib, ular bilan tanishsangiz, dastlab xursand bo‘lasiz. Biroq biroz o‘tib ularning xatti-haraktalaridan yoqa ushlaysiz.
“Albatta, jasading (tanang)ning ham senda haqqi bor” (Imom Buxoriy rivoyati) hadisiga muvofiq har chorshanba sport bilan shug‘ullanamiz. Maydonga borsak, bizlar bilan bir vaqtda yonimizdagi maydonga ham yigitlar yig‘ilishdi. Soqol qo‘ygan, ayrimlarining boshida do‘ppi ham bor. Salom berishdi, alik oldik.
Chamasi yarim soatlar o‘tib, ulardan biri so‘kina ketdi. Yigitlarga qilgan havasimiz nafratga aylandi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqavergach, oxiri ularga tanbeh berishga majbur bo‘ldim. Bir-ikki nafari tamaki ham tutata ketdi.
“Yoshlar qiziqqon bo‘ladi-da”, deya ularni oqlashga shoshmasligimiz kerak. Milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan, butun bir avlodga salbiy ta’sir qilayotgan illat – yoshlarning soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib, tamaki tutatgancha so‘kinayotganini hech ham tushunib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Ertalab ishga shoshib ketayotsam, chamasi 55-60 yoshni qoralab qolgan bir otaxonning ulovini bir yigit mashinasi bilan biroz siqib qo‘ydi. Shunda soqolli, boshida do‘ppisi yarashib turgan kishi ulovining oynasidan haligi yigitni bo‘ralatib so‘kib ketdi.
Shu voqeani ko‘rib, soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib olgan, biroq og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan yoshlar osmondan tushmaganiga, ular ham bizning oramizda, o‘zbek oilalarida yashab ulg‘ayayotganiga amin bo‘ldim.
Yoshlarning aynib ketayotganiga internet va ijtimoiy tarmoqlarga soqolli blogerlar, do‘ppi kiyib olgan vaynerlar va yana allakimlar joylayotgan bema’ni, tuturuqsiz lavhalar ham sabab bo‘layapti. Yoshlar taqlidga o‘ch bo‘ladi. Shu bois ular oilada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan narsalarini amalda qo‘llashni istaydilar.
Ko‘chada do‘ppi kiyib, soqol qo‘yib yurgan yoshni ko‘rgan odam uni odobli, tarbiyali yoki taqvodor deb o‘ylashi mumkin. Ammo tashqi ko‘rinish insonning ichki dunyosiga kafil bo‘la olmaydi. Insonni kiyimi bilan emas, xulqi bilan tanish kerak. Do‘ppi kiyish yaxshi fazilatlarning o‘rnini bosmaydi, soqol qo‘yish odobning kafolati emas. Agar inson tashqi qiyofasidagi ma’naviy da’voni ichki tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirsa, shunda uning ko‘rinishi ham, so‘zi ham, amali ham bir-biriga mos keladi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ikki yil ilm oldim. Odob-axloqni o‘n sakkiz yil o‘rgandim. Qaniydi, yigirma yil ham odob-axloqni o‘rganganimda edi”, deb bejiz aytmagan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odobni o‘ttiz yil o‘rgandim, ilmni yigirma yil o‘rgandim”, degan.
Biz yuqorida tasvirlagan yoshlarda aynan odob-axloq yetishmayapti, deya olamiz. Bunday kimsalarga kiygan do‘ppisi aqlini ishlatishga monelik qilyapti, iyagida soqol o‘sibdi-yu, ammo ongi o‘smabdi, deyish mumkin.
Yoshlik – jo‘shqin davr. Shu bilan birga, bu davrda yoshlar kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadilar. Shunday ekan, kattalar ham odob-axloqda barchaga namuna bo‘lsalar, yoshlar ulardan ibrat olib, milliy qa diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil holatlardan yiroq bo‘ladilar.
Sodiqul masduq zot – Muhammal sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo O‘z soyasiga oladigan yetti toifaning ikkinchisi “...Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit...”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Xo‘sh, Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit kim, u qanday bo‘ladi?
Avvalo, u so‘zi va amali uyg‘un bo‘lgan, Rasulullohning suratlariyu siyratlarini o‘zida mujassam etgan navqiron avlod vakili bo‘ladi. U har bir ishini Alloh uchun qiladi, xatti-harakatlari, muomala-munosabatlari Islomnng zilol chashmasidan sug‘orilgan, milliy qadriyatlarimizda belgilangan mezonlarga asoslanadi.
U o‘ziga Nabiy alayhisalomning: “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Alloh fahsh va iflos so‘z aytuvchini yomon ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati), degan muborak hadislarini mezon qilib oladi.
U, hadisi sharifda aytilganidek, dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tashlab qo‘ymaydi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
“Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit” maktabu madrasada Imom Buxoriy, Xorazmiydek “a’lochi”, oliy ta’lim muasssasida Abu Hafs Kabir Buxoriydek tirishqoq, peshqadam, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda Xolid ibn Validdek, Najmiddin Kubrodek mohir askar, tijoratda Abdurahmon ibn Avfdek uddaburon, ziroatda Sa’d ibn Abu Vaqqosdek mirishkor dehqon, tibbiyotda Abu Ali ibn Sinodek hoziq tabib, handasada Ahmad al-Farg‘oniydek kuchli muhandis, xullas, hayotning har jabhasida barchaga ibrat bo‘lishi kerak. Ana shunda unga aytgan gaplari, kiygan kiyimlari, shaklu shamoyili yarashib tushadi. Hamma unga va ota-onasisiga rahmat aytadi.
Tolibjon NIZOM