Qashqadaryo viloyat hokimligi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi 29-30 mart kunlari masjid imom-xatiblari uchun “Turli yot g‘oyalarga qarshi kurashishda imom-xatiblarning o‘rni va vazifalari” mavzuida o‘quv-seminar o‘tkazdi.
Unda viloyat hokimligi vakili D.Shodmonov, Adliya boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i A.Isoqov, Ichki ishlar boshqarmasi mas’ul xodimlari, Qarshi davlat universitetidan professor S.Choriyev, Viloyat ma’naviyat-targ‘ibot markazi rahbari L.Saodatova ishtirok etdilar.
O‘quv-seminarga viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo Usmonov boshchilik qildi. Ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarni ilm olishga targ‘ib etish, sababsiz dars qoldirib yurgan o‘quvchilar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish, yoshlar ma’naviyatini shakllantirishda islom dinining roli, yoshlarni turli mafkuraviy xurujlar: ommaviy madaniyat va missionerlar tuzog‘idan asrash, diniy ekstremizm, prozelitizmga qarshi kurashish borasida imom-xatiblar oldida turgan dolzarb vazifalar hamda imom-xatiblik mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha atroflicha ma’lumotlar berilib, aniq vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, aqidaparast oqimlarga qarshi kurashishda imom-xatiblarning o‘rni muhim ekanini tushuntirilib, tinchlik va osoyishtalik ulug‘ ne’mat ekani, uning qadriga yetishni targ‘ib qilish lozimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari atroflicha javob berdilar. O‘quv-seminar qiziqarli ma’lumotlarga boy tarzda o‘tkazildi.
Bekmurod SAHRIYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyati vakilligi mas’ul xodimi
Hasan Basriy rahimahulloh bir bemorni ko‘rgani kelsalar, u tuzalib ketgan ekan. Shunda o‘sha kishiga: "Alloh seni yod etibdi, sen ham u zotni yod etgin. Alloh seni darddan forig‘ qilibdi, u Zotga shukr qilgin. Bilib qo‘y, dardu balolar Malikul-Karim Allohning savalaydigan qamchisidir. Bemor odam kasaldan keyin yo chopqir otdek, yo ko‘p qoqiladigan asov eshakdek bo‘ladi".