Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Sentabr, 2026   |   6 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:45
Quyosh
06:05
Peshin
12:18
Asr
16:40
Shom
18:33
Xufton
19:49
Bismillah
17 Sentabr, 2026, 6 Rabi`us soni, 1448

Abdul Bosit Hoshim Muhammad

31.03.2017   15051   4 min.
Abdul Bosit Hoshim Muhammad

Shayx Abdul Bosit Homid Muhammad Mutavalliy 1928 yili 1 Yanvarda Manufiya viloyatining “Shabinul kum” markazi Shibrobos qishlog‘ida tug‘ilgan. U zot Abdul Bosit Hoshim Muhammad nomi bilan tanilgan. Chunki Hoshim U zotni otasi vafot etganidan so‘ng o‘z kafilligiga olib tarbiya qilgan edi.

Shayx Abdul Bositni otasi, U zot tug‘ilishidan oldin vafot etgan. Onasi, U zot tug‘ilganidan so‘ng 6 oy o‘tgach vafot etadi. U zotni ko‘zlari 5 yoshlarida ojiz bo‘lib qoladi. Shayx Abdul Bosit opasi va uning eri bilan birgalikda Iskandariyyaga safar qiladi. U zotni yoshlari 7 ga to‘lganida, pochchasi ularni (Shayx Abdul Bosit va opasi) ikkovlarini tashlab ketadi. Shundan so‘ng Qohiraga safar qiladilar. Ularni Hoshim Muhammad o‘z qaramog‘iga olib, ularni tarbiya qiladi.

Shayx Abdul Bosit Qur’oni Karimni Hoshim Muhammaddan ta’lim olib 8 yoshida to‘liq yod oladi.

Hoshim Muhammad Shayx Abdul Bositni Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamgacha bo‘lgan sanad bilan Shayx Ahmad Abdul G‘aniy Abdur Rahimdan o‘tkazib olishi uchun Usyut shahriga yuboradi. Shayx Ahmad Abdul G‘aniy Abdur Rahim 7 qiroatdan ijoza beradigan qorilarning biri edi. Shayx Abdul Bosit U zotdan turli matnlarni o‘tkazib olib, ijoza oladilar.

Shayx Abdul Bosit 11 yoshida 4.5 oyda “Matnush Shotibiyya” ni yod oladi. So‘ng Shayx Ahmad Abdul G‘aniydan 5 yil mobaynida matnni o‘tkazib oladi. Shu asnoda Shayx Abdul Bosit U zotdan “Muvatto” va “Bulug‘ul amniyya fi sharhi ithafil bariyya” kitoblaridan ham dars oladi. Shayx Abdul Bosit 7 qiroatdan ijozani olganidan so‘ng, Shayx Ahmad Abdul G‘aniy U zotni o‘zlarining ustozi bo‘lmish Mahmud Muhammad Xabbutning huzurlariga yuboradilar. Shayx Abdul Bosit Bu zotdan “Durrah” va “Shotibiyyah” yo‘nalishlaridan ijoza oladi. So‘ng Shayx Ahmad Abdul G‘aniyning oldiga qaytib keladi. Shayx Abdul Bosit kelganidan so‘ng Shayx Ahmad Abdul G‘aniy ulug‘ shayxlarni mehmondorchilikka chaqiradi. Shayx Abdul Bosit ularni huzurdariga kiradi. Ularni har biri 15 tadan savol berib, Shayx Abdul Bositni imtihon qiladilar. Imtihondan yaxshi o‘tganidan so‘ng Ular Shayx Abdul Bositga 10 qiroat bo‘yicha ijoza beradilar. Shundan so‘ng Shayx Ahmad Abdul G‘aniy o‘zlari ham ijoza beradilar. Mana shu vaqtda Shayx Abdul Bositni yoshlari 17 da edi.

Shayx Abdul Bosit keyinchalik Qohiraga safar qiladi.  U yerda 2 yil qoladi. So‘ng “Masjidul Qonoiy” ning imomi Shayx Mustafo Hasan Sa’idning huzuriga boradi. U kishidan hech qanday haq olmasdan, Qur’oni Karimdan ta’lim berishga kelishib olishadi va u kishiga Shayx Abdul Bosit 19 yoshida “Toyyiba” matnidan ta’lim berishni boshlaydi. Shu bilan u yerda 8 yil qolib ketadi. Shayx Abdul Bosit “Ankabut” surasini tilovat qilib berganidan so‘ng Shayx Mustafo Hasan vafot etadi. Shayx Mustafo Hasan vafotidan oldin “Toyyiba” yo‘nalishi bo‘yicha Shayx Abdul Bositdan ijoza olgan edi.

Keyinchalik Shayx Abdul Bosit Qohiradagi “Qiroatlar instituti” ga hujjat topshiradi. Buni eshitgan Azharning shayxi Abdur Rahmon Toj Shayx Abdul Bositni fiqh, tafsir, tavhid, nahv, sarf va balog‘at fanlaridan imtihon qiladi. So‘ng Shayx Abdul Bositni buyuk iqtidor sohibi va ilmiy saviyasi juda ham yuqori ekanini bilgach, Shayx Abdul Bositga Azhar universitetiga tafsir yo‘nalishi bo‘yicha Magistr va Doktorlik uchun hujjat topshirishni taklif qiladi. Shundan so‘ng 1962 yili Shayx Abdul Bosit Doktorlikni qo‘lga kiritadi. Va Azhar universitetining usuluddin fakultetida dars bera boshlaydi. Uzoq vaqt dars beradi.

Ustozlari:

  1. Shayx Ahmad Abdul G‘aniy
  2. Shayx Mahmud Muhammad Xabbut
  3. Shayx Mustafo Hasan Sa’id va boshqalar.

Shogirdlari:

  1. Ahmad Homid Abdul Haafiz oli Tu’ayma
  2. Mahdiy Muhammad Haroziy
  3. Xolid Hasan Abul Jud
  4. Ahmad Tolabah
  5. Abdulloh ibn Solih
  6. Abdulloh ibn Nojiy va boshqalar.

Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi

Abdus Somad Abdul Bosit

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

17.09.2026   9185   4 min.
Tarixni anglagan avlod — kelajakni bunyod etadi

Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.

Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.

Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.

Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.

Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.

Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.

Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.

Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.

Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.

Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.

“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.

Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.

Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.

Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari