O‘zbekiston davlat budjetining qariyb 60 foizini ijtimoiy sohalarga yo‘naltiradigan sanoqli mamlakatlar sirasiga kiradi. Hozirda yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar, maktab va kollejlarda ko‘zni quvontiradigan sharoitlarni ko‘rib Yaratganga shukrlar aytasiz. Ming afsuski, shunday sharoitlardan foydalanish o‘rniga ko‘chalarda tentirab yurib, maktab va kollejlarga bormayotgan yoshlarimiz uchrab turibdi. Bundaylarni ko‘rganda besamar o‘tayotgan vaqtga achinasiz.
Muhtaram yurtboshimiz Qashqadaryoga borganlarida O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va viloyat bosh imom xatibi Rahmatilla Usmonovga darslarni muntazam qoldirib kelayotgan talaba yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatmalar berdilar. Ana shu asosda diniy xodimlar tadbirlar o‘tkazib kelmoqdalar.
Ajdodlarimiz: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga bitilgan kabi mustahkam bo‘ladi”, deganlar. Vatandoshimiz Imom al-Buxoriy hayotini ilmga baxshida etib: “Ilmdan boshqa najot yo‘q va hech qachon bo‘lmaydi” deb, inson dunyo va oxiratini obod qilish uchun ilm izlashi kerak ekanini uqtirdilar. Demak, shunday yurtning farzandlarining ilmsiz bo‘lib qolishga haqqi yo‘q. Yoshlarimizning bahor faslidek bebaho davrini befoyda narsalarga sarflashlariga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Ilm Allohni tanitadi. Shu o‘rinda bir ibratli voqeani keltiramiz: Mashhur yozuvchi Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” romanini yozish oldidan Shayx Ismoil Maxdumdan maslahat olish niyatida Namanganga keladi. Suhbat chog‘ida Abdulla Qodiriy Shayx Ismoil Maxdumdan yoshlarni dunyoviy ilmlarga qanday qiziqtirish kerakligi haqida maslahat so‘raydi. Shunda u kishi Qur’oni karimning “G‘oshiya” surasidagi oyatlardan keltirib, “Axir, ular tuyalarga qarab, qanday yaratilganiga (zoologiya), osmonlarning qanday ko‘tarib qo‘yilganiga (astronomiya), tog‘larning qanday tiklanganiga (jo‘g‘rofiya) va Yerning qanday yoyib – tekislab qo‘yilganiga (minerologiya) boqmaydilarmi?!” debdilar-da, ana shunday qilib, diniy ilmga dunyoviy ilmni bog‘lab o‘rgatish kerakligini tushuntiribdilar.
Maktab va kollejlarda o‘quvchi yoshlar “ilmni insonlarga foyda yetkazish uchun o‘rganaman”, deb niyat qilsa, ham ilm o‘rgandi, ham savob oladi.
Ustozlarimiz o‘rgatganidek; “dars” so‘zi arab tilida “درس”
“d” – davomat (doim bo‘lish);
“r” – riyozat (mashaqqat chekish);
“s” – sog‘lom va salomat bo‘lish degan ma’nolarni anglatadi.
Obidxon Ikramov,
O‘MI Namangan viloyat vakili o‘rinbosari, “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi