Hazrati Ayyub alayhissalom mubtalo bo‘lgan xastaligining azobini tortarkan, har sahar vaqtida Alloh taolo undan hech qanday vositasiz hol-ahvol so‘rab (bemorning ziyorati uchun) lutfu karami bilan: “Habibim Ayyub, ahvoling qanday?” (ya’ni, balomizning kelishi bilan qandaysan), der ekan. Hazrati Ayyub alayhissalom o‘sha choqda halovat xitobi izzati ila bemorligining og‘rig‘ini unutar ekan. O‘ziga kelib olgandan so‘ng janobi Haqning xitobidagi lazzatning g‘oyib bo‘lishidan cho‘chigani bois qo‘rquv va qayg‘u ichida hasrat bilan dardidan shikoyat qila boshlar ekan.
Ulamolar uning bu shikoyati dardning og‘irligiga tob bera olmaslikdan emas, balki xitob izzatining kalimasini yana qayta tinglamoq, undan fayz olmoq orzusi sababidandir, deganlar.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati