Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ لَزِمَ الْاِسْتِغْفَارَ جَعَلَ اللهُ لَهُ مِنْ كُلِّ ضِيقٍ مَخْرَجًا، وَمِنْ كُلِّ هَمٍّ فَرَجًا، وَرَزَقَهُ مِنْ حَيْثُ لَا يَحْتَسِبُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan kushoyish nasib qiladi. Hamda uni o‘zi bilmagan joydan rizqlantiradi", dedilar (Abu Dovud va Nasoiy rivoyati).
Sharh: Doimo istig‘for aytib yurgan banda kam bo‘lmaydi. Ruhiy tarbiya ustozlari yangi muridlariga ertalab yuz marta, kechqurun yuz marta istig‘for aytishni vazifa qilib beradilar. Ana shunga amal qilish lozim.
"Hadis va hayot" kitobi 35-juz