Qadim zamonda ikki do‘st ov qilish uchun o‘rmonga boribdi. Tasodifan ularga ayiq ro‘para bo‘libdi. Do‘stlardan biri miltig‘ini tashlab, yaqin atrofdagi daraxtlardan birining ustiga chiqib olibdi. Ikkinchisi o‘zini o‘likka solib, yerga nafas olmay yotib olibdi. Ayiq yerda yotgan odamni hidlab ko‘rib, nari ketibdi. Chunki ayiqlar o‘laksa yemaydilar. Ayiq ko‘zdan g‘oyib bo‘lgach, daraxtdagi ovchi yerga tushib, do‘stining oldiga kelib hazillashibdi: "Og‘ayni, ayiq qulog‘ingga bir nima dedimi?" Do‘sti unga: "Ha, u do‘st tanlashda adashibsan, dedi", deb javob beribdi.
Bilingki, yaxshi kuningizda do‘stlaringiz ko‘p bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlar safarda va tijoratda sinaladi.
Akbarshoh Rasulov
Pokistonning “PTV” telekanalida O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ko‘rsatuvda pokistonlik tomoshabinlarga mamlakatimizning betakror tarixiy-madaniy merosi, qadimiy shaharlari, me’moriy obidalari, milliy an’analari hamda zamonaviy sayohat va dam olish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Dasturda boy tarixiy meros va jadal zamonaviy rivojlanishni o‘zida mujassam etgan Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomoshabinlar ko‘rsatuvda Buyuk Ipak yo‘li tarixida muhim rol o‘ynagan O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, arxitektura ansambllari, madaniy meros obyektlari va bugungi kunda ham mamlakatning betakror sayyohlik qiyofasini shakllantirayotgan milliy hunarmandchilik an’analari haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Alohida lavhalar O‘zbekistonning tabiiy-iqlim imkoniyatlari, ziyorat, madaniy-tarixiy va rekreatsion turizmni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Turistik mahsulotlarning xilma-xilligi va sayohatchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar mamlakatning turli davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun jozibadorligini oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Ko‘rsatuv davomida O‘zbekiston milliy taomlari, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va boy madaniy an’analari respublikamizni sayyohlik yo‘nalishi sifatida ommalashtirishga xizmat qiluvchi muhim omillar ekani qayd etildi.
Dasturning ko‘p millionli auditoriyaga ega “PTV” telekanalida efirga uzatilishi O‘zbekistonning turizm salohiyatini Pokistonda targ‘ib qilish va turistlarning e’tiborini mamlakatimiz bo‘ylab sayohat qilishga jalb etishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati