Bir madrasada dars beradigan odob-axloqli muallima bor edi. Yoshi ham o‘tib borar, eshigiga kelgan sovchilariga rad javobini berar edi. Hamkasblari undan:
– nega turmush qurmaysiz, axir sizda Hudo bergan husn-jamol yetarli-ku? – deb so‘rashsa, u aytardi:
– shu atrofda beshta qizi bor ayol bo‘lgan. Eri unga, agar yana qiz tug‘sang, u menga kerak emas, deb tahdid qildi. Vaqti-soati yetib, ayol yana qiz tug‘di. Bu ulug‘ ne’matga shukr qilish o‘rniga ota go‘dakni ko‘tarib, kimdir olar, deb, xufton namozidan keyin masjid eshigini oldiga tashlab keldi. Bomdodda kelib qarasa go‘dak joyida turganmish, hech kim olmabdi. Qaytarib uyiga olib keladi. Shu zaylda ota har kun murg‘akgina go‘dakni masjid oldiga tashlab kelar, lekin hech kim olmasdi. Yetti kun shu ahvolda o‘tibdi. Onaizor esa Qur’on o‘qib, qizalog‘idan ayrilib qolmasligini Allohdan yolvorib so‘rardi. Ota ham zerikib, go‘dakni qayta olib bormay qo‘ydi. Mehribon ona esa go‘dagidan ajrab qolmaganiga juda quvonibdi. Ayol yana homilador bo‘ldi, yana o‘sha xavotir… ko‘zi yoridi va nihoyat o‘g‘il…
Shu orada katta qizi vafot etdi.
Vaqtlar o‘tib, ayol yana homilador bo‘ldi, bu safar ham o‘g‘illik bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay ikkinchi qizi hayotdan ko‘z yumdi. Shunday qilib, birin-ketin yana uchta o‘g‘illik bo‘ldi-yu, keyingi uchta qizidan ham ayrildi. Negadir, har ko‘zi yorib, o‘g‘il tug‘ganida bittadan qizi qazo qilaverardi. Nihoyat, beshta o‘g‘il va o‘sha oltinchi qizi qoldi. Taqdir taqozosi bilan, Ona ham olamdan ko‘z yumdi.
Oradan bir necha yillar o‘tdi, qizaloq ham bolalar ham ulg‘ayishdi, ishlik, joylik bo‘lishdi.
Muallima aytadi:
– O‘sha otasi menga kerak emas deb, ko‘chaga tashlab kelgan qiz kimligini bilasizlarmi? O‘sha menman. Turmush qurmaganimga sabab: otam yolg‘iz, Yoshi ham ulug‘, men unga yordamchi, shafyor tayinladim, o‘zim ham uning xizmatidaman. Ukalarimga kelsak, ular deyarli otamni ziyoratiga kelishmaydi, kelsa ham bir oyda bir, yana biri ikki oyda bir marta keladi xalos.
Otam menga qilgan o‘tmishdagi ishlariga pushaymon bo‘lib, ko‘p yig‘laydi…
“Qisosun allamatniyal hayat” kitobi asosida Muhammad Yahyo Muhammadxon o‘g‘li tayyorladi.
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi