Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447

Hofiz Bag‘aviy

27.03.2017   10226   4 min.
Hofiz Bag‘aviy

Hofiz Bag‘aviyning to‘liq ismi: Abu Muhammad Al–Husayn ibn Mas’ud ibn Muhammad Al–Farro Al–Bag‘aviydir. “Muhyis sunnah”, “Imom” va “Shayxul Islom” degan nomlar ila e’tirof etilgan.

“Farro” so‘zi mo‘yna bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan ishlatiladi. Masalan: mo‘ynafurush va mo‘ynado‘z deyiladi.

“Bag‘aviy” so‘zi esa, Marv va Hirot oralig‘ida joylashgan Xurasonning (Bag‘) “Bag‘shur” shahriga nisbatan ishlatiladi.

Yoqut Hamaviyning “Mu’jamul buldon” da aytishiga qaraganda: Husayn ibn Mas’ud hijriy 433 yili tug‘ilgan.

Zarkaliyning so‘ziga qaraganda: hijriy 436 yili tug‘ilgan.

Husayn ibn Mas’ud Ahli sunna val jamoa e’tiqodida, Shofiiy mazhabida bo‘lgan.

Ilm talabida Hurasonning turli hududlariga safar qilgan. Shofiiy mazhabining faqihlaridan bo‘lib, ulug‘ muhaddis va musavvirlar  qatoridan joy olgan, dinning ustuni, sunnatning tiriltiruvchisi unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Husayn ibn Mas’ud Bag‘aviy nihoyatda taqvodor, sabrli bo‘lgan. Rivoyat qilinishiga qaraganda biror darsni betahorat aytmagan. Asosan uning taomi non bo‘lib, undan boshqa taom emas, keyinchalik keksaygan vaqtida nonga yog‘ surib taomlangan zohid inson edi.

Shofiiy ulamolaridan At–Toj  As–subkiy Husayn ibn Mas’ud Bog‘aviyni shunday ta’riflaydi : “Al–Bog‘aviy ulug‘ imom, taqvodor, faqih, ilm bilan amalni jamlagan obid, mufassir va muxaddis olimdir.

Husayn ibn Mas’ud Bag‘aviyning tafsiri haqida “Kashfo‘z-Zunun” muallifi shunday deydi: “Besh yuz un oltinchi yilda vafot etgan Imom Husayn ibn Mas’ud Bag‘aviyning “Ma’olimut Tanzul tafsiri” O‘rtacha tafsirlardan bo‘lib, ulug‘ sahobalar, tobeiynlar va keyingi ulamolardan naql qilingan. Uni 805-yilda vafot etgan Ash-Shayx Tojuddin Abu Nasr Abdulvahob ibn Muhammad al–Husayn muxtasar qilgan”.

Mufassirlardan Al–Xozin o‘zning tafsiri muqaddimasida shunday yozadi: “Husayn ibn Mas’ud Bog‘aviyning tafsiri shu ilm sohasidagi  shubhadan holi, rost so‘zlarni jamlagan, shariat ahkomlari bayon etilgan, ajoyib  xabarlari va kissalari bilan o‘ralgan bebaho kitoblaridandir”.

Ustozlari:

  • Abu Ali Hasayn ibn Muhammad ibn Ahmad Marzaviy.
  • Abu Amr Abdulvohid ibn Ahmad ibn Abu Qosim Malihiy Hiraviy.
  • Abul Hasan Ali ibn Yusuf Juvayniy.
  • Abu Bakr Ya’qub ibn Ahmad Naysoburiy.
  • Abu Ali Hasson ibn Sa’id Munay’iy.
  • Abu Bakr Muhammad ibn Abdussomad Turobiy Marzaviy.
  • Abu Qosim Abdul Karim ibn Abdulmalik ibn Tolha Naysoburiy Qurashiy, Xurason shayxi nomini olgan.
  • Abu Solih Ahmad ibn Abdul Malik ibn Ali ibn Ahmad Naysoburiy.
  • Abu Turob Abdulbofiy ibn Yusuf ibn Ali ibn Solih ibn Abdul Malik Marog‘iy Shofiiy.
  • Umar ibn Abdul Aziz Fashshoniy.
  • Abul Hasan Muhammad ibn Muhammad Shurayziy.
  • Abu Sa’d Ahmad ibn Muhammad ibn Abbos Xatib Humaydiy.
  • Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdussomad ibn Ahmad ibn Muso Javzoniy.
  • Abu Ja’far Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Muallim Tusiy.
  • Abu Tohir Muhammad ibn Ali ibn Muhammad ibn Ali Zarrod.
  • Abu Bakr Ahmad ibn Abu Nasr Ko‘foniy.
  • Abu Mansur Muhammad ibn Abdul Malik Muzaffariy Saraxsiy.
  • Abu Abdulloh Muhammad ibn Fazl ibn Ja’far Xiraqiy.
  • Abu Hasan Ali ibn Husayn ibn Hasan Qurayniniy.
  • Abu Hasan Abdur Rahmon ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muzaffar Dovudiy.

Shogirdlari:

  • Abu Mansur Muhammad Ibn As’ad ibn Muhammad, 571 yili vafot etgan.
  • Muhaddis Abul Futuuh Muhammad ibn Muhammad ibn Ali Toiy Hamazoniy, 555 yili vafot etgan.
  • Abul Makorim Fazlulloh ibn Muhammad Navqoniy.

Asarlari:

  • “Maolimut tanzil fit tafsir”;
  • “Sharhus sunnah”;
  • “Masobiih”;
  • “Jam’u bayna Sahihayn”;
  • “Anvor fi shamoilil muxtor”;
  • “Arba’ina hadisan”;
  • “Majmu’atul fatovo”;
  • “Tahzib fil fiqh” va boshqa ta’lifotlar.

Husayn ibn Mas’ud 80 yoshdan o‘tib 516 yili vafot etadi.

Manbalar asosida

Abdussomad Abdulbosit tayyorladi

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Katta jamoaga ergashish

30.06.2025   4010   3 min.
Katta jamoaga ergashish

“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili –  bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.

Bu haqda alloma Ibn Rajab  o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.

Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar. 

Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.

Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.

Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.

U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).

To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.

Shamsuddin Xapizov,

Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA