Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Yusuf Hamadoniy (quddusa sirruhu)

27.03.2017   13371   3 min.
Yusuf Hamadoniy (quddusa sirruhu)

Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Hamadon shahrida 440 hijriy sanada tug‘ilganlar.

U zotning to‘liq ismlari Abu Ya’qub Yusuf ibn Husayn ibn Ayyub Hamadoniydir.

Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi tasavvufning yirik namoyandasi, buyuk olim edi. Bog‘dodda Abu Is'hoq Sheroziydan tahsil olgan. Isfahon, Samarqand, Buxoroda ilmlarini oshirganlar. Tasavvufni Abu Ali Formadiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniylardan oladilar. Zamonasining buyuk allomalari Abdul Qodir Giloniy, G‘azzoliy, Hamiduddin Multoniylar bilan muloqatda bo‘lganlar. 30 marotaba Haj ziyoratiga borganlar.

Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abdul Qodir G‘ijduvoniy va boshqa mashoyixlarga ustozlik qilganlar va keyinchalik Xojagon Naqshbandiyya tariqatining ayrim qoidalarini ishlab chiqqanlar. Xoja Abdulloh Barroqiy Xorazmiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Abdul Xoliq G‘ijduvoniy Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhidan so‘ng uning xalifalari sifatida muridlarning tarbiyasi bilan shug‘ullanganlar.

“Rutbatul hayot” (“Hayot mezoni”), “Kashf”, “Risola dar odobi tariqat”, “Risola dar axloq va munojot” kabi asarlar yozganlar. “Hayot mezoni” risolasi o‘zbek tilida nashr qilingan (Toshkent, 2003).

Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi 18 yoshlarida Hamadondan Bag‘dodga keladilar. U yerda Abu Ja’far ibn Maslama, Abdus Somad ibn Mamun, Ibnul Muhtadiy billah, Xatib Abu Bakr, Ibn Hizormard, Ibn Nuqud, Abu Hattob Muhammad ibn Ibrohim Tobariy, Ahmad ibn Muhammad ibn Fazl Forsiy va boshqa bir necha ulamolardan ilm olganlar. Yusuf Hamadoniy rahmatillohi alayhi silsila omonatini Abu Ali Farmoniy rahmatullohi alayhdan olganlar.

Abu Sa’d Sam’oniy aytadilar: “U zot taqvodor, parhezkor, ibodatgo‘y, ilmiga amal qiluvchi, hol va maqomlar sohibi edi. Uning karvonsaroyida Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchun dunyo ishlaridan uzilgan muridlar yashaganlar”.

506 yili bog‘dodga keladilar. Keyinchalik Marvda yashaganlar. So‘ng Hirotga  safar qilganlar. U yerda bir necha yil yashaganlar. Shundan so‘ng Marvga qaytadilar. So‘ng yana Hirotga ikkinchi bor safar qiladilar. Yo‘lda ketayotib “Bag‘shur” yaqiniga yetganlarida vafot etadilar.

Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayh o‘z suhbatlarida mashoyihlarning hikmatli so‘larini ham ko‘p ishlatar edilar. U kishining himmatlari oliy edi. Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayh Hirot bilan Marvning orasida borib kelib turar va va’zu nasihatda davom etar edilar.

U kishidan istifoda etganlardan besh odam buyuk shayh va tariqat namoyandalari bo‘lib yetishdilar. Ular: Xoji Ubaydulloh Barkiy, Xoja Hasan Antokiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Xoja Hakim Sano‘iylardir.

Hazrati Xoja Bahouddin Naqshbandning bosh xalifalari Muhammad Porso hazratlari o‘zlarining “Faslul Xitob” nomli kitoblarida Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhining har biri bir kitobga teng keladigan hikmatli so‘zlaridan bir qismini to‘plaganlar.

Hijriy 535 sanada Marvda vafot etganlar. Xoki Bomiyondan Marv shahriga olib kelinib, qayta dafn etilganlar. Abdul Xoliq G‘ijduvoniy, Fariduddin Atttor, Abdur Rahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarida Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi haqida ma’lumotlar uchratish mumkin.

Toshkent islom instituti 4 kurs talabasi

Abdus Somad Abdul Bosit

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Olti haqning biri

07.07.2025   2546   2 min.
Olti haqning biri

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Musulmonning (boshqa) musulmon zimmasidagi haqqi oltitadir: “Unga ro‘baro‘ kelsang, salom ber, sen (biror narsaga) taklif etsa, uni qabul qil, sendan nasihat so‘rasa, unga nasihat qil, agar aksirib, Allohga hamd aytsa, unga tashmit ayt, betob bo‘lsa, uni ziyorat qil, vafot etsa, (janozasiga) ergash (ya’ni qatnash)” dedilar” ( Imom Muslim rivoyati). Bu olti haqning biri nasihat berishdir. Agar musulmon boshqa musulmondan nasihat so‘rab kelsa, unga xolis nasihat berishi lozim. Zero, nasihat qilish har bir mo‘min-musulmonning boshqa mo‘min-musulmondagi haqlaridan biridir.

 

Nasihat qilishning quyidagi odoblari bor: 

 

  1. Nasihat so‘rab kelgan kishini ochiq yuz bilan qarshi olish.
  2. Nasihat so‘rab kelgan kishidan hol-ahvol so‘rash.
  3. Nasihat so‘rab kelgan kishining fikrini oxirigacha tinglash.
  4. Nasihat berishni yaxshi niyat bilan boshlash.
  5. Nasihat so‘rab kelgan kishining ko‘ngliga tegmasdan unga chiroyli nasihat qilish.
  6. Nasihat o‘zida dunyo va oxirat manfaatlarini qamrab olishi.
  7. Nasihatda  ishonarli naqliy va aqliy dalillar keltirish.
  8. Kishining xato va kamchiliklari bo‘lsa, yotig‘i bilan tushuntirish;
  9. Nasihatda kishining ijobiy tomonlarini ko‘rsatib o‘tish.
  10. Nasihatning o‘rni va vaqtini topa bilish.
  11. Ko‘pchilik orasida nasihat qilishdan tiyilish.
  12. “Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb yaxshi umid berish.

 

Xulosa qilib aytamizki, har tomonlama yaxshi niyatda, ta’sirchan uslubda, samimiyat bilan qilingan nasihat katta ajr-savoblarga sabab bo‘ladi. U insonlar o‘rtasida yomonlikni mavh qilib, yaxshilikni bardavom bo‘lishi uchun xizmat qiladi. 

 

Ruhiddin Akbarov,

O‘zbekiston musulmonlar idorasining

Qashqadaryo viloyati vakilligi xodimi