Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Hamadon shahrida 440 hijriy sanada tug‘ilganlar.
U zotning to‘liq ismlari Abu Ya’qub Yusuf ibn Husayn ibn Ayyub Hamadoniydir.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi tasavvufning yirik namoyandasi, buyuk olim edi. Bog‘dodda Abu Is'hoq Sheroziydan tahsil olgan. Isfahon, Samarqand, Buxoroda ilmlarini oshirganlar. Tasavvufni Abu Ali Formadiy, Abdulloh Juvayniy va Hasan Simnoniylardan oladilar. Zamonasining buyuk allomalari Abdul Qodir Giloniy, G‘azzoliy, Hamiduddin Multoniylar bilan muloqatda bo‘lganlar. 30 marotaba Haj ziyoratiga borganlar.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi Buxoroda uzoq muddat yashab, Ahmad Yassaviy va Abdul Qodir G‘ijduvoniy va boshqa mashoyixlarga ustozlik qilganlar va keyinchalik Xojagon Naqshbandiyya tariqatining ayrim qoidalarini ishlab chiqqanlar. Xoja Abdulloh Barroqiy Xorazmiy, Xoja Hasan Andoqiy Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Abdul Xoliq G‘ijduvoniy Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhidan so‘ng uning xalifalari sifatida muridlarning tarbiyasi bilan shug‘ullanganlar.
“Rutbatul hayot” (“Hayot mezoni”), “Kashf”, “Risola dar odobi tariqat”, “Risola dar axloq va munojot” kabi asarlar yozganlar. “Hayot mezoni” risolasi o‘zbek tilida nashr qilingan (Toshkent, 2003).
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi 18 yoshlarida Hamadondan Bag‘dodga keladilar. U yerda Abu Ja’far ibn Maslama, Abdus Somad ibn Mamun, Ibnul Muhtadiy billah, Xatib Abu Bakr, Ibn Hizormard, Ibn Nuqud, Abu Hattob Muhammad ibn Ibrohim Tobariy, Ahmad ibn Muhammad ibn Fazl Forsiy va boshqa bir necha ulamolardan ilm olganlar. Yusuf Hamadoniy rahmatillohi alayhi silsila omonatini Abu Ali Farmoniy rahmatullohi alayhdan olganlar.
Abu Sa’d Sam’oniy aytadilar: “U zot taqvodor, parhezkor, ibodatgo‘y, ilmiga amal qiluvchi, hol va maqomlar sohibi edi. Uning karvonsaroyida Alloh taologa yaqinlik hosil qilish uchun dunyo ishlaridan uzilgan muridlar yashaganlar”.
506 yili bog‘dodga keladilar. Keyinchalik Marvda yashaganlar. So‘ng Hirotga safar qilganlar. U yerda bir necha yil yashaganlar. Shundan so‘ng Marvga qaytadilar. So‘ng yana Hirotga ikkinchi bor safar qiladilar. Yo‘lda ketayotib “Bag‘shur” yaqiniga yetganlarida vafot etadilar.
Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayh o‘z suhbatlarida mashoyihlarning hikmatli so‘larini ham ko‘p ishlatar edilar. U kishining himmatlari oliy edi. Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayh Hirot bilan Marvning orasida borib kelib turar va va’zu nasihatda davom etar edilar.
U kishidan istifoda etganlardan besh odam buyuk shayh va tariqat namoyandalari bo‘lib yetishdilar. Ular: Xoji Ubaydulloh Barkiy, Xoja Hasan Antokiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Xoja Hakim Sano‘iylardir.
Hazrati Xoja Bahouddin Naqshbandning bosh xalifalari Muhammad Porso hazratlari o‘zlarining “Faslul Xitob” nomli kitoblarida Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhining har biri bir kitobga teng keladigan hikmatli so‘zlaridan bir qismini to‘plaganlar.
Hijriy 535 sanada Marvda vafot etganlar. Xoki Bomiyondan Marv shahriga olib kelinib, qayta dafn etilganlar. Abdul Xoliq G‘ijduvoniy, Fariduddin Atttor, Abdur Rahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarida Yusuf Hamadoniy rahmatullohi alayhi haqida ma’lumotlar uchratish mumkin.
Toshkent islom instituti 4 kurs talabasi
Abdus Somad Abdul Bosit
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi