frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

31.03.2017 y. Dehqonchilik – rizq-ro‘zimiz

25.03.2017   8051   10 min.
31.03.2017 y. Dehqonchilik – rizq-ro‘zimiz

بسم الله الرحمن الرحيم

Qadrli  namozxonlar! Alloh taolo yer yuzini inson uchun obod qilib, osmondan barokot suvlarini yog‘dirib, shu suv orqali daraxtlar, o‘t-o‘lan va barcha nabototlarni o‘stirib, insonlar va hayvonlarning rizqini berib qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida Alloh taolo ekinlar va bog‘larni misol qilib keltirilgan.

Bu haqida Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:

هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لَكُمْ مِنْهُ شَرَابٌ وَمِنْهُ شَجَرٌ فِيهِ تُسِيمُونَ  يُنْبِتُ لَكُمْ بِهِ الزَّرْعَ وَالزَّيْتُونَ وَالنَّخِيلَ وَالْأَعْنَابَ وَمِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

Ya’ni, “U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 10-11 oyatlar)

Rizqu-ro‘zimizning aksari Yerda yetishtiriladigan narsalardan iboratdir. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْتَمِسُوا الرِّزْقَ فِي خَبَايَا الْأَرْضِ رواه البيهقي والطبراني 

Ya’ni, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Rizqni yer ostidan talab qilinglar”, dedilar”. (Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyat qilgan).

Darhaqiqat, dasturxonimizdan dehqonlar, chorvadorlar va bog‘bonlar yetishtirgan narsalar uzulmaydi. Biz esa baraka so‘rab iste’mol qilaveramiz.

Alloh taolo insonni  yerdan yaratib, yer yuzini obodligi uchun uni yerga qo‘ygandir:

هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنْ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا

 Ya’ni, “U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi”. (Hud surasi, 61-oyat)

Ushbu oyati karimada Alloh taolo odamzotning asli yer jinsidan yaratilgani hamda ular yer yuziga uni obod qilish uchun qo‘yilgani xabari berilyapti.

Muhtaram  jamoat ! Aslida, Alloh taolo yerni O‘zi obod qilib yaratib berib,obod holatda saqlash hamda yanada obod qilishni bizdan talab qilgan. Dehqonchilik agar Alloh buyurganidek amalga oshirilsa, bu – Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamdan juda ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْسًا أَوْ يَزْرَعُ زَرْعًا فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ أَوْ إِنْسَانٌ أَوْ بَهِيمَةٌ إِلَّا كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Qaysi bir musulmon birorta daraxt o‘tqazsa yoki biror ekin eksa va undan birorta qush yoki inson yoki hayvon tanovul qilsa, u sababli unga sadaqa (savobi) bo‘ladi – dedilar”.  Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Yana bir hadisda shunday deyilgan:

عَنْ جَابِرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم: مَنْ أَحْيَا أَرْضًا مَيْتَةً، فَلَهُ فِيهَا أَجْرٌ، وَمَا أَكَلَتِ الْعَافِيَةُ مِنْهَا فَلَهُ مِنْهَا صَدَقَةٌ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ

Ya’ni, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya’ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar”. Dorimiy rivoyat qilgan.  

Boshqa bir hadisda quyidagicha marhamat qilingan:

عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: ... وَمَنْ أَحْيَا أَرْضًا مَيِّتَةً ثِقَةً بِاللَّهِ وَاحْتِسَابًا كَانَ حَقًّا عَلَى اللَّهِ أَنْ يُعِينَهُ وَأَنْ يُبَارِكَ لَهُ ». رواه البيهقي والطبراني

Ya’ni, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedi”. Bayhaqiy va Tabaroniylar rivoyat qilgan. (Allohga lozim bo‘ldi degani – mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir)

Ushbu hadisda zikr qilingan Alloh taoloning va’dasiga yetishish uchun dehqonlar qilayotgan ishlarni ibodat deb qilishlari lozimdir. Halol pokiza bo‘lsa, halol pokiza yo‘llar bilan mehnat qilsa, inshoalloh, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi.

Sahobalardan bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar ichida zohidlardan biri bo‘lsada, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu vaqqos roziyallohu anhu dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi.

Darhaqiqat, dehqonchilikning sharafli kasb ekaniga dalolat qiladigan sabablardan biri bu kasb haqiqiy tavakkal qiladigan kasbdir. Ekishda tavakkal, hosilini o‘rib olguncha tavakkal, hatto sotib bo‘lguncha tavakkal qiladi.

Dehqondan tavakkal qilib mehnat qilish talab qilgan bo‘lsa, asl o‘stirib beruvchi esa Alloh taolodir.

Inson g‘ururga ketib qolmasligi uchun Alloh taolo bu ne’matlar Uning O‘zidan ekanini eslatib shunday deydi:

فَلْيَنْظُرِ الإنْسَانُ إِلَى طَعَامِهِ * أَنَّا صَبَبْنَا الْمَاءَ صَبًّا * ثُمَّ شَقَقْنَا الأرْضَ شَقًّا * فَأَنْبَتْنَا فِيهَا حَبًّا * وَعِنَبًا وَقَضْبًا * وَزَيْتُونًا وَنَخْلا * وَحَدَائِقَ غُلْبًا * وَفَاكِهَةً وَأَبًّا * مَتَاعًا لَكُمْ وَلأنْعَامِكُمْ

Ya’ni, “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan quyidagi ne’matlarimizga bir) boqsin: Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. (Bularni) sizlarning va chorva hayvonlaringizning iste’moli uchun (yaratdik)(Abasa surasi, 24-32 oyatlari)

أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاءَ الَّذِي تَشْرَبُونَ * أَأَنْتُمْ أَنْزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنْزِلُونَ * لَوْ نَشَاءُ جَعَلْنَاهُ أُجَاجًا فَلَوْلا تَشْكُرُونَ

Ya’ni, “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki biz yog‘diruvchimizmi?! Agar biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, (shu obi hayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?!” (Voqea surasi, 68-70 oyatlari)

E’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu oyatlarda Alloh taolo barcha ishlarni O‘ziga nisbat beryapti. Chunki aslida bandani ham, uning qiladigan ishini ham Alloh taolo yaratgan. Shuning uchun banda hech qachon kibrga ketmasligi lozimdir:

Bandalarning kasbi-koriga baraka yog‘ilishi, yomg‘ir-qorning mo‘l-ko‘l bo‘lishi uchun bandalar gunoh qilishdan saqlanishi, imkon qadar ko‘proq istig‘for etishlari lozimdir. Chunki Alloh taolo istig‘forga ko‘p narsani va’da qilgan. Bu haqida Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:

اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا (10) يُرْسِلِ السَّمَاءَ عَلَيْكُمْ مِدْرَارًا (11) وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ وَيَجْعَلْ لَكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَلْ لَكُمْ أَنْهَارًا  سورة نوح 12 

 Ya’ni, “Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur”. (Nuh surasi, 10-12 oyatlari)

     Muhtaram jamoat! Shu kunlarda dala va bog‘larda qizg‘in mehnat avjida. Yurtdoshlarimiz xalq farovonligi, turmush obodligi yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demay barakali mehnat qilishyapti, bu yilgi hosillarining mo‘l va barakali bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilishyapti. Ularning halol mehnatlari, kasb-korlari, inshoalloh, samarasiz qolmaydi.

Alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan qo‘shni va xorijiy mamlakatlar bilan meva-sabzavotlarimizni sotish bo‘yicha katta hajmdagi shartnomalar tuzilib, xalq boyishi uchun zalvorli ishlar qilinmoqda. Mazkur ishlarda hukumatimizga kamarbasta bo‘lishimiz darkor.

   Azizlar namozxonlar! Bu kunlar, ya’ni, bahor kunlari yomg‘irlar yog‘adigan kunlardir. Alloh taolo yomg‘irning baraka olib kelishi haqida shunday marhamat qilgan:

وَنَزَّلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً مُبَارَكًا فَأَنْبَتْنَا بِهِ جَنَّاتٍ وَحَبَّ الْحَصِيدِ

Ya’ni, “Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik”. (Qof surasi, 9-oyat)

Yomg‘ir Alloh taoloning fazli-rahmati bo‘lgani uchun yomg‘ir yog‘ayotgan paytda qilingan duoning ijobat bo‘lishi umid qilinadi. Shunday ekan, yomg‘ir tomchilab turgan paytda yurtimiz va o‘zimiz uchun muhim bo‘lgan narsalarni Alloh taolodan so‘rab olishimiz maqsadga muvofiqdir: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

عن سهل بن سعد قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "ثنتان ما تُرَدَّانِ الدعاء عند النِدَاءِ وَ تَحْتِ الْمَطَرِِ رواه الحاكم والطبراني حديث صحيح 

Ya’ni, Ikki narsa rad qilinmaydi; Azon paytida hamda yomg‘ir yog‘ib turgan paytda qilingan duo (rad qilinmaydi), dedilar”. Imom Hokim va Tobaroniylar rivoyat qilishgan.

Biz namozxonlar ham ibodatlarimiz nihoyasida dehqonchilik va ziroatchilik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimizga hosillariga baraka va ishlariga omadlar tilab, yaxshi duolar qilamiz.

Alloh taolo dehqonlarimizga, bog‘bonlarimizga, barcha qishloq xo‘jalik xodimlariga bu yilgi hosillari mo‘l-ko‘l bo‘lishini, yurtimizga O‘zining barakotlari yog‘ilishini, yetishtirilgan hosillarini nest-nobud va uvol qilmay yig‘ib-terib olishlarini nasib etsin. Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, turmushimizni yanada farovon qilsin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   2874   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari