بسم الله الرحمن الرحيم
Qadrli namozxonlar! Alloh taolo yer yuzini inson uchun obod qilib, osmondan barokot suvlarini yog‘dirib, shu suv orqali daraxtlar, o‘t-o‘lan va barcha nabototlarni o‘stirib, insonlar va hayvonlarning rizqini berib qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida Alloh taolo ekinlar va bog‘larni misol qilib keltirilgan.
Bu haqida Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:
هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لَكُمْ مِنْهُ شَرَابٌ وَمِنْهُ شَجَرٌ فِيهِ تُسِيمُونَ يُنْبِتُ لَكُمْ بِهِ الزَّرْعَ وَالزَّيْتُونَ وَالنَّخِيلَ وَالْأَعْنَابَ وَمِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
Ya’ni, “U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 10-11 oyatlar)
Rizqu-ro‘zimizning aksari Yerda yetishtiriladigan narsalardan iboratdir. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: الْتَمِسُوا الرِّزْقَ فِي خَبَايَا الْأَرْضِ رواه البيهقي والطبراني
Ya’ni, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rizqni yer ostidan talab qilinglar”, dedilar”. (Bayhaqiy va Tabaroniy rivoyat qilgan).
Darhaqiqat, dasturxonimizdan dehqonlar, chorvadorlar va bog‘bonlar yetishtirgan narsalar uzulmaydi. Biz esa baraka so‘rab iste’mol qilaveramiz.
Alloh taolo insonni yerdan yaratib, yer yuzini obodligi uchun uni yerga qo‘ygandir:
هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنْ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا
Ya’ni, “U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi”. (Hud surasi, 61-oyat)
Ushbu oyati karimada Alloh taolo odamzotning asli yer jinsidan yaratilgani hamda ular yer yuziga uni obod qilish uchun qo‘yilgani xabari berilyapti.
Muhtaram jamoat ! Aslida, Alloh taolo yerni O‘zi obod qilib yaratib berib,obod holatda saqlash hamda yanada obod qilishni bizdan talab qilgan. Dehqonchilik agar Alloh buyurganidek amalga oshirilsa, bu – Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamdan juda ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْسًا أَوْ يَزْرَعُ زَرْعًا فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ أَوْ إِنْسَانٌ أَوْ بَهِيمَةٌ إِلَّا كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon birorta daraxt o‘tqazsa yoki biror ekin eksa va undan birorta qush yoki inson yoki hayvon tanovul qilsa, u sababli unga sadaqa (savobi) bo‘ladi” – dedilar”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Yana bir hadisda shunday deyilgan:
عَنْ جَابِرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم: مَنْ أَحْيَا أَرْضًا مَيْتَةً، فَلَهُ فِيهَا أَجْرٌ، وَمَا أَكَلَتِ الْعَافِيَةُ مِنْهَا فَلَهُ مِنْهَا صَدَقَةٌ. رَوَاهُ الدَّارِمِيُّ
Ya’ni, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya’ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar”. Dorimiy rivoyat qilgan.
Boshqa bir hadisda quyidagicha marhamat qilingan:
عَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ: ... وَمَنْ أَحْيَا أَرْضًا مَيِّتَةً ثِقَةً بِاللَّهِ وَاحْتِسَابًا كَانَ حَقًّا عَلَى اللَّهِ أَنْ يُعِينَهُ وَأَنْ يُبَارِكَ لَهُ ». رواه البيهقي والطبراني
Ya’ni, Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedi”. Bayhaqiy va Tabaroniylar rivoyat qilgan. (Allohga lozim bo‘ldi degani – mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir)
Ushbu hadisda zikr qilingan Alloh taoloning va’dasiga yetishish uchun dehqonlar qilayotgan ishlarni ibodat deb qilishlari lozimdir. Halol pokiza bo‘lsa, halol pokiza yo‘llar bilan mehnat qilsa, inshoalloh, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi.
Sahobalardan bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar ichida zohidlardan biri bo‘lsada, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu vaqqos roziyallohu anhu dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi.
Darhaqiqat, dehqonchilikning sharafli kasb ekaniga dalolat qiladigan sabablardan biri bu kasb haqiqiy tavakkal qiladigan kasbdir. Ekishda tavakkal, hosilini o‘rib olguncha tavakkal, hatto sotib bo‘lguncha tavakkal qiladi.
Dehqondan tavakkal qilib mehnat qilish talab qilgan bo‘lsa, asl o‘stirib beruvchi esa Alloh taolodir.
Inson g‘ururga ketib qolmasligi uchun Alloh taolo bu ne’matlar Uning O‘zidan ekanini eslatib shunday deydi:
فَلْيَنْظُرِ الإنْسَانُ إِلَى طَعَامِهِ * أَنَّا صَبَبْنَا الْمَاءَ صَبًّا * ثُمَّ شَقَقْنَا الأرْضَ شَقًّا * فَأَنْبَتْنَا فِيهَا حَبًّا * وَعِنَبًا وَقَضْبًا * وَزَيْتُونًا وَنَخْلا * وَحَدَائِقَ غُلْبًا * وَفَاكِهَةً وَأَبًّا * مَتَاعًا لَكُمْ وَلأنْعَامِكُمْ
Ya’ni, “Endi inson o‘zining taomiga (ibrat ko‘zi bilan quyidagi ne’matlarimizga bir) boqsin: Biz (osmondan) suvni mo‘l yog‘dirdik. So‘ngra yerni (giyohlar unsin, deb) yordik. So‘ngra Biz unda donlarni undirdik, uzum va ko‘katlarni, zaytun va xurmolarni, qalin daraxtzor bog‘larni, mevayu giyohlarni ham. (Bularni) sizlarning va chorva hayvonlaringizning iste’moli uchun (yaratdik)” (Abasa surasi, 24-32 oyatlari)
أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاءَ الَّذِي تَشْرَبُونَ * أَأَنْتُمْ أَنْزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنْزِلُونَ * لَوْ نَشَاءُ جَعَلْنَاهُ أُجَاجًا فَلَوْلا تَشْكُرُونَ
Ya’ni, “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi?! Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki biz yog‘diruvchimizmi?! Agar biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lur edik. Bas, (shu obi hayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?!” (Voqea surasi, 68-70 oyatlari)
E’tibor beradigan bo‘lsak, ushbu oyatlarda Alloh taolo barcha ishlarni O‘ziga nisbat beryapti. Chunki aslida bandani ham, uning qiladigan ishini ham Alloh taolo yaratgan. Shuning uchun banda hech qachon kibrga ketmasligi lozimdir:
Bandalarning kasbi-koriga baraka yog‘ilishi, yomg‘ir-qorning mo‘l-ko‘l bo‘lishi uchun bandalar gunoh qilishdan saqlanishi, imkon qadar ko‘proq istig‘for etishlari lozimdir. Chunki Alloh taolo istig‘forga ko‘p narsani va’da qilgan. Bu haqida Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:
اسْتَغْفِرُوا رَبَّكُمْ إِنَّهُ كَانَ غَفَّارًا (10) يُرْسِلِ السَّمَاءَ عَلَيْكُمْ مِدْرَارًا (11) وَيُمْدِدْكُمْ بِأَمْوَالٍ وَبَنِينَ وَيَجْعَلْ لَكُمْ جَنَّاتٍ وَيَجْعَلْ لَكُمْ أَنْهَارًا سورة نوح 12
Ya’ni, “Rabbingizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta kechirimli zotdir. (Shunda, ya’ni istig‘for aytsangiz) ustingizga osmondan (barakali) yomg‘ir yog‘dirur, sizlarga mol-dunyo, farzandlar bilan madad berur hamda sizlarga bog‘lar (barpo) qilur va sizlarga anhorlarni (ato) qilur”. (Nuh surasi, 10-12 oyatlari)
Muhtaram jamoat! Shu kunlarda dala va bog‘larda qizg‘in mehnat avjida. Yurtdoshlarimiz xalq farovonligi, turmush obodligi yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demay barakali mehnat qilishyapti, bu yilgi hosillarining mo‘l va barakali bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilishyapti. Ularning halol mehnatlari, kasb-korlari, inshoalloh, samarasiz qolmaydi.
Alohida ta’kidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan qo‘shni va xorijiy mamlakatlar bilan meva-sabzavotlarimizni sotish bo‘yicha katta hajmdagi shartnomalar tuzilib, xalq boyishi uchun zalvorli ishlar qilinmoqda. Mazkur ishlarda hukumatimizga kamarbasta bo‘lishimiz darkor.
Azizlar namozxonlar! Bu kunlar, ya’ni, bahor kunlari yomg‘irlar yog‘adigan kunlardir. Alloh taolo yomg‘irning baraka olib kelishi haqida shunday marhamat qilgan:
وَنَزَّلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً مُبَارَكًا فَأَنْبَتْنَا بِهِ جَنَّاتٍ وَحَبَّ الْحَصِيدِ
Ya’ni, “Biz osmondan barakotli suv (yomg‘ir) yog‘dirib, u bilan bog‘larni va o‘rib olinadigan donlarni undirdik”. (Qof surasi, 9-oyat)
Yomg‘ir Alloh taoloning fazli-rahmati bo‘lgani uchun yomg‘ir yog‘ayotgan paytda qilingan duoning ijobat bo‘lishi umid qilinadi. Shunday ekan, yomg‘ir tomchilab turgan paytda yurtimiz va o‘zimiz uchun muhim bo‘lgan narsalarni Alloh taolodan so‘rab olishimiz maqsadga muvofiqdir: Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
عن سهل بن سعد قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: "ثنتان ما تُرَدَّانِ الدعاء عند النِدَاءِ وَ تَحْتِ الْمَطَرِِ رواه الحاكم والطبراني حديث صحيح
Ya’ni, “Ikki narsa rad qilinmaydi; Azon paytida hamda yomg‘ir yog‘ib turgan paytda qilingan duo (rad qilinmaydi), dedilar”. Imom Hokim va Tobaroniylar rivoyat qilishgan.
Biz namozxonlar ham ibodatlarimiz nihoyasida dehqonchilik va ziroatchilik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimizga hosillariga baraka va ishlariga omadlar tilab, yaxshi duolar qilamiz.
Alloh taolo dehqonlarimizga, bog‘bonlarimizga, barcha qishloq xo‘jalik xodimlariga bu yilgi hosillari mo‘l-ko‘l bo‘lishini, yurtimizga O‘zining barakotlari yog‘ilishini, yetishtirilgan hosillarini nest-nobud va uvol qilmay yig‘ib-terib olishlarini nasib etsin. Yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo, turmushimizni yanada farovon qilsin!
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi