Yurtimiz bozorlari va do‘konlarining peshtaxtalari turli-tuman noz-ne’matlarga to‘la. Xohlasak xorijda, xohlasak o‘zimizda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xarid qilamiz.
Xorijiy mamlakatlarda mahsulotlarni soxta yo‘l bilan tayyorlab sotuvga chiqaruvchi shirkatlar yo‘q emas. Ayrim nobakor tadbirkorlar boylik orttirish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini soxtalashtirish yo‘li bilan mahsulotni asliga o‘xshatib, chiroyli qog‘ozlarga o‘rab sotish hollari kundalik hayotimizda uchrab turibdi.
Pishloq o‘rniga unga o‘xshash narsani, qaymoq o‘rniga sousni, apelsin sharbati o‘rniga uning mazasini beruvchi ichimlikni tayyorlashganini balki eshitgandirsiz. Mutaxassislar buni qanday aniqlash mumkinligi, mahsulotlarning qaysilari haqiqiy ekanligini, soxtalarini qanday yo‘l bilan tayyorlanganini aniqlash ustida muayyan ish olib bordilar.
Asalning tabiiyligini bir necha xil uslubda aniqlash mumkin:
Soxta asaldan kuydirilgan shakar mazasi kelib turadi.
Uni muzlatgichda saqlashni tavsiya etishadi. (Tabiiysiga bu shart emas.).
Uyingizda kimyoviy qora qalam bo‘lsa, uning yozadigan uchini asalga kirgazing. Agar mahsulot ko‘karib ketsa, bu unga suv yoki shakar sharbati qo‘shilganini bildiradi.
Asalni soxtalashtirish uchun unga kraxmal, yanchilgan soya daraxti uni yoki sharbat qo‘shishadi.
Soxta qaymoq mahsulotining haqiqiy qaymoqdan farqi unga jonivor yog‘ining o‘rniga o‘simlik yog‘i qo‘shilgan bo‘ladi, sut oqsili soya daraxti oqsili bilan almashtirilgan bo‘ladi.
Agar siz bir qoshiq qaymoqni qaynoq suvga solsangiz, u butunlay aralashib ketadi. Soxta qaymoq bunday holatda aralashmay, qaynoq suv solingan idish tagiga cho‘kadi.
Kelayotgan daromadni ko‘paytirish maqsadida nopok ishlab chiqaruvchilar sutga palma yog‘i, melamin, soda yoki kraxmal aralashtirishadi.
Soxtalashtirilgan sutni xarid qilmaslikning birgina to‘g‘ri yo‘li— ishonchli qo‘llardan, sinalgan sotuvchilardan sotib olishdir.
Qizil ikrani soxtalashtirib, ayrim kishilar juda katta boylik orttirishadi. Uni bo‘yashadi yoki suv o‘tlaridan tayyorlashadi. Tabiiy ikra barmoqlar orasida ezilganda yorilib ketadi va biroz taxir mazali bo‘ladi, soxtasi bunday holatda ezilib, shaklini o‘zgartiradi. Tabiiy ikrada uning donalari butun, tagidagi suyuqlik juda oz holatda bo‘ladi.
Taajjublanarli, lekin fakt. Italiya mafiyachilari soxtalashtirilgan zaytun yog‘idan oladigan daromadlari narkotrafika foydalari bilan raqobatlashadi. Uning nopok ishlab chiqaruvchilari unga yoki boshqa narsa aralashtirishadi yoki eng arzon yog‘lardan qo‘shishadi. Zaytun yog‘ining haqiqiyligini uning narxi qimmatligidan bilsa bo‘ladi.
Kichkina eksperiment: paxtadan pilik o‘rab, zaytun yog‘iga botirib olib, uni yoqiladi. Agar olov yallig‘i tiniq va qurumsiz bo‘lsa, demak shishadagi yog‘ shubhasiz, zaytun yog‘idir. Soxta yog‘ qora rangda tutab, chirsillab yonadi.
Manba: marketium.ru
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati