بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Xalqimizning to‘ylari ko‘p. Ota-ona borki, topgan-tutganini farzandimning to‘yiga sarflayman, degan orzu-havas bilan yashaydi. Shuningdek, keksalarimiz: “Topganing to‘ylarga buyursin”, deya duo qilishadi. Muqaddas dargoh bo‘lmish oilada ko‘zlar quvonchi farzand tug‘ilibdiki, o‘g‘il bo‘lsa, uylasam, kelinlar olsam, qiz bo‘lsa, yaxshi joyga uzatsam, men ham qudalik – andalik bo‘lsam, deb har bir ota-ona niyat qiladi.
Aslida, qudachilik Alloh taoloning bandalariga bergan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, Qur’oni karimning “Furqon” surasi 54-oyatida shunday marhamat qilinadi:
وَهُوَ الَّذِي خَلَقَ مِنَ الْمَاءِ بَشَرًا فَجَعَلَهُ نَسَبًا وَصِهْرًا وَكَانَ رَبُّكَ قَدِيرًا
Ya’ni, “U yana (haqir) suvdan (maniydan) insonni yaratib, so‘ngra uni nasl-nasabli va quda-anda qilib qo‘ygan zotdir. Darhaqiqat, Rabbingiz (har ishga) qodirdir”. (Furqon surasi, 54-oyat)
Qudachilik – nikoh orqali shakllangan qarindoshlik munosabatlaridir. Ya’ni, bir-biriga mutlaqo notanish va begona bo‘lgan kishilar - kelin va kuyovning ota-onasi, oila-a’zolari, urug‘lari qudachilik orqali o‘zaro qarindoshga aylanadilar. Bu shunchaki oddiy munosabat emas, balki Yaratgan nomi bilan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatlari hamda ko‘pchilik mo‘min va musulmonlarning guvohligida o‘rnatilgan muqaddas aloqadir. Shuning uchun islomda qudachilik aloqalariga katta ahamiyat berilgan va bunga oid shar’iy hukmlar ham batafsil bayon qilingan.
Muhtaram jamoat! Aslida qudachilik munosabatlari dastlab sovchilikdan boshlanadi. Chunki bizning mintaqamizda odatda, sovchilik yigitning ota-onasi yoki yaqinlari tomonidan amalga oshiriladi. Kelin olishni niyat qilgan xonadon ahli o‘g‘liga munosib qizi bor xonadonga yaxshi niyatlar bilan tashrif buyuradi. Qiz o‘stirgan xonadon esa, qizi bo‘yi yetgach, har kuni sovchilar kutishga tayyor turadi, sovchilar ularning odatiy mehmonlariga aylanadi. Sovchilikdan oldin nimalar qilinishi kerakligi to‘g‘risida dinimiz kerakli tavsiyalar bergan.
Eng avvalo oila qurayotgan kelin va kuyov imkoni boricha bir-biriga yaqin qarindosh bo‘lmasliklari ulamolar tomonidan tavsiya etiladi. Ikkinchidan, sovchi qo‘yadigan va sovchi kutadigan oila o‘g‘il-qizlari nikohga tayyor ekanligi haqida bosh qotirishi lozim. Shuning uchun avval o‘g‘ilning risoladagidek er, qizning risoladagidek rafiqa bo‘lishiga ishonchlari komil bo‘lgandan keyingina, to‘y harakatiga kirishish kerakligi aytilgan. Bizda ayrim oilalarda nikohga tayyorgarlik deb – faqat moddiy tayyorgarlik tushuniladi. Go‘yoki to‘y qilish xarajatlari topilsa, to‘yni boshlayverish kerak, deb o‘ylashadi. Aslida, eng asosiysi bo‘lgan – to‘ydan keyingi hayoti baxtli bo‘lishi uchun qay darajada tayyor ekanini o‘ylab ham ko‘rishmaydi.
Muhtaram jamoat! Bir hadisda shunday deyilgan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِىَ اللَّهُ عَنْهَا قَالَتْ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «تَخَيَّرُوا لِنُطَفِكُمْ وَانْكِحُوا الأَكْفَاءَ وَأَنْكِحُوا إِلَيْهِمْ». )رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ(
Ya’ni, Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlar nutfalaringiz uchun (munosib ayolni) ixtiyor qiling. Va o‘z tengingizga uylaning va (ayollarni ham) o‘z tengiga turmushga bering”, dedilar. Ibn Moja rivoyat kilgan. Bu yerda tenglik yosh jihatdan emas, boshqa ijtimoiy jihatlar nazarda tutilgan.
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sovchilik odobini bayon qilib shunday deganlar:
عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لاَ يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ، وَلاَ يَخْطُبْ عَلَى خِطْبَةِ أَخِيهِ إلاَّ أَنْ يَأذَنَ لَهُ». )رَوَاهُ مُسْلِمٌ( .
ya’ni, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birontangiz birovning savdosi ustiga savdo qilmasin va birodarining sovchiligi ustiga uning iznisiz sovchi qo‘ymasin”, dedilar”. Muslim rivoyat qilgan.
Muhtaram jamoat! Sovchi kutayotgan xonadon tashrif buyurgan sovchilarning nimasi uchun e’tibor berishi lozimligi haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam nasihat qilib, shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إذَا خَطَبَ إلَيْكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ، فَزَوّجُوهُ، إِلاَّ تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ في الأرْضِ وفَسَادٌ عرِيضٌ". )رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ(
Ya’ni, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlarga dini va xulqiga rozi bo‘ladigan kishi sovchi qo‘ysa, unga turmushga beringlar. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va katta buzg‘unchilik bo‘ladi”, dedilar. Termiziy rivoyat qilgan.
Shuningdek, nafaqat kelin va kuyov tanlashda, balki quda tutilayotgan xonadonning ham nasabli yoki mansabli ekaniga emas, bu oila a’zolarining, bo‘lajak qudalarning dini, axloqi va ma’naviyatiga ham e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.
Ikkala xonadon ahli, ya’ni bo‘lg‘usi qudalar hamda o‘g‘il va qiz boshlanayotgan ishning xayrli bo‘lishini so‘rab, Alloh taolodan tavfiq so‘rab, istixora qilishlari tavsiya qilinadi.
Muhtaram jamoat! Nikoh qurgan yoshlar kelajakda baxtli hayot kechirishi uchun xonadon egalari sovchi qo‘yishda mazkur oila haqida erinmasdan surishtirishlari lozimdir. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, biror kimsa, sizdan mahallangizdagi biror oila haqida surishtirib kelsa yoki qarindoshingizdan biror kim haqida so‘rasa, unga haqiqatni aytishingiz lozimdir. Ehtimol sizning birgina so‘zingiz mazkur oila bir umr baxtli bo‘lishiga sabab bo‘lar yoki bir umr baxtsiz bo‘lishidan asrab qolar. Shuning uchun guvohlik berishda adolatli bo‘lish lozimdir. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ لِلَّهِ شُهَدَاءَ بِالْقِسْطِ وَلَا يَجْرِمَنَّكُمْ شَنَآَنُ قَوْمٍ عَلَى أَلَّا تَعْدِلُوا اعْدِلُوا هُوَ أَقْرَبُ لِلتَّقْوَى وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ
Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to‘g‘rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo‘lingiz: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni ularga nisbatan adolatsizlik qilishga undamasin! Adolatli bo‘lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir”. (Moida surasi, 8-oyat)
Nafaqat, o‘zga-birovlar haqida, balki o‘zingiz, o‘z oila azolaringiz va farzandlaringiz haqida ham bor gapni aytishingiz lozim bo‘ladi. Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ بِالْقِسْطِ شُهَدَاءَ لِلَّهِ وَلَوْ عَلَى أَنْفُسِكُمْ أَوِ الْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ إِنْ يَكُنْ غَنِيًّا أَوْ فَقِيرًا فَاللَّهُ أَوْلَى بِهِمَا فَلَا تَتَّبِعُوا الْهَوَى أَنْ تَعْدِلُوا وَإِنْ تَلْوُوا أَوْ تُعْرِضُوا فَإِنَّ اللَّهَ كَانَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرًا
Ya’ni, “Ey, imon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o‘zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo‘lsada, Alloh uchun (to‘g‘ri) guvohlik beringiz! U (guvohlik beriluvchi) boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, Alloh u ikkisiga (ogohlik jihatidan) yaqinroqdir. Bas, adolatli bo‘lishingiz uchun havoyi nafsga berilib ketmangiz! Agar (tillaringizni) bursangiz yoki (guvohlikdan) bosh tortsangiz, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir” (Niso surasi, 135-oyat)
Muhtaram jamoat! Sovchilarning gap-so‘zlari bir biriga ma’qul kelganidan so‘ng to‘y haqida kelishuv bo‘layotganda, ular bir biriga imkon qadar yengil bo‘ladigan, isrof bo‘lmaydigan tomonni harakat qilishlari lozimdir. Buning uchun ikki tomon bir-birlariga yon bosishlari, o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashlari kabi insoniy fazilatlar bilan muzayyan bo‘lishi targ‘ib qilingan. Ba’zi oilalar to‘yga ortiqcha tashvish-xarajat qilish harakatida bo‘lgani sababli, farzandlarining turmushlari kechikib ketyapti. Bugungi kunda ayrim oilalar haddan ziyod ortiqcha orzu-havaslarga berilib ketishmoqda. Hatto to‘ygacha bo‘lgan – sovchi qo‘yish, sovg‘a-salom ulashish va shu kabi to‘yning debochasi bo‘lgan bordi-keldilarga sarflanayotgan xarajatlarga aslida, butun bir to‘yni o‘tkazsa bo‘ladi. Ba’zan, bu borada yuksak qadriyatlarimiz unut bo‘lib boryapti va natijada boshi berk ko‘chaga kirib, ko‘plab muammolarga duch kelib qolinmoqda. Bu muammolarni sanab adog‘iga yeta olmaysiz. Oilada er erligini qilsa, xotin esa xotinligini bilsa, bunchalar ko‘p muammolarga duch kelinmasdi. Oilalar bu qadar ko‘p ajragan bo‘lmasdi. Ba’zi sovchi ayollar avvaliga qulliq qilib boradi, yalinadi, qizingiz kelinim emas, balki mening ham qizim bo‘ladi, deydiyu, to‘ydan keyin turli gap-so‘zlarni ko‘paytirishadi. Ana shu holatda oila boshlig‘i bo‘lmish er indamay, o‘zini bilmaganga olib tursa, xotinining zulmiga, gunohiga u ham tengma-teng sherik bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! O‘zbek xalqida “Qudachilik ming yilchilik” degan maqol bor. “Qudachilikning ming yilchilik”da davom etishi, “o‘zaro dushmanchilik”ka aylanib ketmasligi uchun ba’zi tavsiyalarga rioya qilish lozim bo‘ladi. Jumladan:
Qudalardan ikki tomon ham to‘y marosimlarini o‘z holatlaridan kelib chiqib amalga oshirishi, riyokorlik, manmanlik kabi illatlarga aslo yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Har ikkala oila bir biri bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi, doimo bir-birlarining holidan xabar olib turishi, quda tarafning to‘y-ma’rakalarida faol ishtirok etishi maqsadga muvofiqdir.
Quda-anda munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda nafaqat ayollar, balki asosan erkaklar faol qatnashishi, asosiy hal qiluvchi so‘zni erkaklar aytishi lozimdir. Chunki qaysi xonadonda ilohiy qonun buzilib, oila boshqaruvi erkak qo‘lidan chiqsa, shu xonadonda tartib o‘zgarib, janjallar va qo‘ydi-chiqdilar ko‘payishi hayotiy tajribada o‘z isbotini topgandir. Bu quda-anda munosabatlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.
Quda-andalar o‘zaro bir-birlariga fazl va lutf ko‘rsatib turishlari kerak. Hanafiy ulamolardan Badriddin Ayniy “Umdatul qoriy” asarida “silai rahm” fazilatini ta’rifida shunday yozadi: “Sila nasabdosh qarindoshlarga hamda quda-andalarga yaxshilik qilishdan iboratdir. Bu ularga garchi uzoq bo‘lsalar va yomonlik qilsalar ham, lutf ko‘rsatish, mehribonlik qilish hamda hollaridan xabar olish ila bo‘ladi”.
Alloh taolo yurtimiz aholisini baxtli saodatli qilsin! To‘y harkatida yurgan barcha oilalar, kelin-ko‘yovlarning harakatlariga g‘aybiy barokatlar bersin! Qurilayotgan oilalar mustahkam, sabotli va qarorli oilalardan bo‘lsin! Omin!
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati