Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning otasining ismi: Zam’a ibn Qays ibn Abdu Vudd ibn Nasr ibn Molik Ibn Hisl ibn Omir ibn Luaydir.
Onasining ismi: Shammuus binti Qays ibn A’mr ibn Zayd ibn Labiddir.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning shajarasi Luay ibn G‘olib bobolarida birlashadi.
Bir kuni Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning tushlarida Nabiy sollallohu alayhi vasallam yurib kelib, uning bo‘ynini bosib olganlarini ko‘radi. Buni eri Sakron ibn Amr roziyallohu anhuga aytadi. U bo‘lsa: “Agar tushing o‘ngidan kelsa, men ko‘pga qolmay vafot etib, sen Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga erga tegar ekansan”, deydi. Shunda Savda binti Zam’a roziyallohu anho “Bo‘lmagan gap, tag‘in birov eshitib qolmasin”, deydi.
Oradan bir qancha vaqt o‘tib Sakron ibn Amr roziyallohu anhu ayoli Savda binti Zam’a roziyallohu anho bilan Habashistonga hijrat qilib, bir muncha vaqtdan so‘ng qaytadilar. Sakron ibn Amr roziyallahu anhu Madinaga hijrat qilinishidan oldin bemor bo‘lib, vafot etadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Savda roziyallohu anhoga uylanishlari uning Islom yo‘lidagi harakati, ixlosi va alamli musibati uchun eng ulkan mukofot bo‘lishi tabiiy edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shu boisdan unga uylanmoqqa qaror qildilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan bo‘lgan bu iltifotni odamlar benihoya xursandlik ila qarshi olishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nubuvvatni o‘ninchi yili, Ramazon oyida ellik bir yoshlarida, Xadija roziyallohu anho vafotlaridan biroz vaqt o‘tganidan so‘ng Savda binti Zam’a roziyallohu anhoga to‘rt yuz dirham mahr berib uylandilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho kezi kelganda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turar edilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga u kishining bu sifatlari ma’qul kelar edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning hazil-mutoyibalariga o‘ziga yarasha lutf ila muomala qilar edilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anhoning hazil mutoyibaga moyilliklari mashhur bo‘lsa ham kezi kelganda jiddiy bo‘lishni ham o‘rniga qo‘yar edilar.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir necha hadislar rivoyat qilganlar. Mashhur hadis kitoblarida u kishining hadislari keltirilganini ulomalarimiz zikr qilishgan.
Savda binti Zam’a roziyallohu anho hijratning ellik to‘rtinchi (melodiy olti yuz yetmish to‘rtinchi) yili Shavval oyida Madinai munavvarada vafot etadilar. Alloh taolo U zotdan rozi bo‘lsin va rozi qilsin!
Manbalar asosida
Tojiddinov Abdussomad
Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati