بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo o‘zining hikmati va qudrati ila insonni yaratib, uni barcha jonzotlardan azizu mukarram ayladi. Unga yer yuzida go‘zal yashashi uchun barcha narsalarni qulay qilib yaratib, ulardan qanday foydalanish va qanday asrash lozim ekanini ham bayon qilib berdi.
Alloh taolo yer yuzini inson uchun qarorgoh qilib yaratdi. Osmondan barakot suvlarini tushirib, shu suvlar bilan daraxtlar, o‘t-o‘lan va barcha nabototlarni o‘stirib, insonlar va hayvonlarning rizqini berdi. Bir so‘z bilan aytganda Alloh taolo bu borliqning barchasini inson uchun yaratdi.
Aziz namozxonlar! Bugungi suhbatimiz mavsumiy suhbatlardan biri bo‘lgan - bahor ya’ni, navro‘zi olam haqidadir. Mavsumiy suhbatlar bizga umrimiz qanchalar tez o‘tib borayotganidan darak berib turadi.
Ha, yilning o‘tishi, fasllarning qish, bahor, yoz va kuz bo‘lib almashishi bu – bizning umrimiz, bizning hayotimiz, bizning bir bo‘lagimizning ketishidir. Hasan Basriy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ey odam bolasi, sen sanoqli kunlardan iboratsan. Bir kunning o‘tishi, sening bir bo‘laging ketishi demakdir” !
Mana, bahor fasli ham kirib keldi. Bu fasl uyg‘onish, yasharish, ko‘kalamzorlashtirish faslidir. Barcha mamlakatlar singari bizning ona yurtimizda ham bahor fasli o‘zgacha xursandchilik bilan qarshi olinadi. Hukamolarning biriga “Fasllarning qaysi biri yaxshi?” deb savol qilinganda, u zot: “Ko‘zga bahor, og‘izga esa kuz yaxshidir”, deb javob bergan ekan.
Mana bugun bahor-navro‘z arafasi kunlaridir. Ayni kunlarda ko‘chat ekish va atrof-muhitni toza tutish ayni muddao bo‘lgan ishlardandir. Bu kunda qilingan amallar zoye ketmaydi, bu qilinayotgan xayrli ishlar aslo mukofotsiz qolmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا
Ya’ni, “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo‘ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz”.( Kahf surasi, 30-oyat).
Musulmon kishi dunyoda ham, oxiratda ham mukofot olishi uchun bunday xayrli amallarni Alloh taoloning roziligini ko‘zlab qilgan bo‘lishi lozimdir.
Inson qayerda yashamasin, u qishloq bo‘ladimi, shahar bo‘ladimi, istiqomat qilib turgan joylarini obod va chiroyli qilish harakatida bo‘lishi lozim!
Musulmon kishi dunyosi orqali oxiratini obod qilsin, uning dunyosi oxirati uchun xizmat qilsin.
Ha, bugungi bahor kunlarida xayrli amallarni qilishga imkoniyatimiz juda ham ko‘p. Lekin bu kunlar kutib turmaydi. Biz bu kunlarda mana shunday xayrli ishlarni qilsak ham, qilmasak ham, bu kunlar o‘tib ketaveradi. Savobli ishlar mashaqqatli bo‘lsada, ajri ulkandir. Ayniqsa, xalq jamiyat manfaati yo‘lida qilingan har qanday xayrli ish Yaratganning huzurida ham yutuqlarga sabab bo‘ladi. Shuning uchun befoyda ishga chalg‘imasdan, bu mavsumdan unumli foydalanaylik.
Shuning uchun bizlar manfaatsiz narsalarga mashg‘ul bo‘lmasdan, bahor kunlarini g‘animat bilaylik. Sayful Yamaniy rahmatullohi alayh aytgan ekan: “Allohning bandadan yuz o‘girganining alomati uni manfaatsiz narsaga mashg‘ul qilib qo‘yishidir”.
Ayniqsa, mana shunday bahor kunlarida xayrli ishlarga mashg‘ul bo‘lsak, bugun eksak, erta o‘ramiz, foydani barchamiz ko‘ramiz.
Muhtaram jamoat! Biz umrimizni qadrlaylik. Sahobalar xayrli amallar qilishga o‘ta haris bo‘lib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning rasuli, qaysi amal yaxshi?” deb savol qilar edi va javobni olishi bilanoq, shu amalni qilishga shoshilishardi. Bahor fasli – xayrli amallarni qo‘lga kiritishda biz uchun eng g‘animat fursatlardan biridir.
Rizqu-ro‘zimizning aksari yerda yetishtiriladi. Dasturxonimizdan dehqonlar, chorvadorlar va bog‘bonlar yetishtirgan ne’matlar uzilmaydi. Biz esa baraka so‘rab iste’mol qilaveramiz.
Dehqonchilik Alloh buyurganidek amalga oshirilsa, bu ham ibodatdir. Chunki dinimiz dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad solallohu alayhi vasallamdan juda ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْسًا أَوْ يَزْرَعُ زَرْعًا فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ أَوْ إِنْسَانٌ أَوْ بَهِيمَةٌ إِلَّا كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qaysi bir musulmon birorta daraxt o‘tqazsa yoki biror ekin eksa va undan birorta qush yoki inson yoki hayvon tanovul qisa, u sababli unga sadaqa (savobi) bo‘ladi” – dedilar. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Yana bir hadisda esa shunday deyilgan:
عَنْ أَنَسٍ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ الله عَنْهُ عن النبي صَلَّى الله عَلَيه وسَلَّم قَالَ: إِنْ قَامَتِ السَّاعَةُ وَفِي يَدِ أَحَدِكُمْ فَسِيلَةٌ ، فَإِنِ اسْتَطَاعَ أَنْ لاَ تَقُومَ السَّاعَةُ حَتَّى يَغْرِسَهَا ، فَلْيَغْرِسْها
رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ فى الادب المفرد
Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat qoim bo‘lib qolsa-yu, birortangizning qo‘lingizda ko‘chat bo‘lsa, u qoim bo‘lgunicha ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin”, dedilar”.
E’tibor bering! Dinimiz foydali ish qilishga shunchalik chorlaganki, hatto inson o‘z hayotining oxirgi lahzasini ham g‘animat bilib, uzoq yillar davomida jamiyatga manfaat keltiradigan yaxshilik va ezgu ishlarga targ‘ib qilinmoqda.
Imom Navaviy: “Kasblarning eng yaxshisi qo‘l mehnati bilan qilingan ish bo‘lsa, dehqonchilik – eng yaxshisidir, chunki unda qo‘l mehnati ham bor, Allohga tavakkal qilish ham bor, shuningdek, inson va hayvonlarga manfaat yetkazish ham bor”, deganlar.
Darhaqiqat, dehqonlar haqiqiy tavakkal qiluvchidirlar. Ular ekin ekishda tavakkal qilishadi, hosilni yig‘ib olguncha tavakkal qilishadi, hatto sotib bo‘lguncha ham tavakkal qilishadi.
Eng asosiysi, dehqon harakati sababli Alloh taolo butun xalqning rizqini berib kelmoqda. Shu bois, barchalarimiz shukrona duolar qilishimiz kerak.
Muhtaram jamoat! Shu kunlarda dala va bog‘larda qizg‘in mehnat avjida. Yurtdoshlarimiz xalq farovonligi, turmush obodligi yo‘lida kechani kecha, kunduzni kunduz demay barakali mehnat qilib, bu yilgi hosillarining mo‘l bo‘lishini so‘rab Allohga duoi xayrlar qilishyapti. Ularning halol mehnatlari, kasb-korlari, inshoalloh, samarasiz qolmaydi.
Azizlar! Alloh taolo inson zotini yerdan yaratib, Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
هُوَ أَنْشَأَكُمْ مِنْ الْأَرْضِ وَاسْتَعْمَرَكُمْ فِيهَا
Ya’ni, “U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi.” Hud surasi, 61-oyat
Bu oyatdan ma’lum bo‘ladiki, yer yuzini, xususan yashab turgan yurtini, o‘z Vatanini obod qilishi – insonning burchidir. Yer yuzini obod qilish esa eng avvalo Allohning buyrug‘iga hamda Islom shariatiga muvofiq hayot kechirish bilan amalga oshadi.
Mana bugun bahor-navro‘z kunlaridir. Ayni kunlarda nafaqat ko‘chat ekishga, balki tevarak-atrofning pokizaligiga ham katta e’tibor qaratish lozimdir. Biz musulmonlar poklik borasida barcha insonlarga namuna bo‘lishimiz kerak. Chunki bizning dinimiz poklik dinidir. Bizning Rabbimiz poklikka buyuradi, pok bandalarini yaxshi ko‘radi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ التَّوَّابِينَ وَيُحِبُّ الْمُتَطَهِّرِينَ
Ya’ni, “Alloh chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi”. (Baqara surasi, 222-oyat).
Muhtaram azizlar! Sizu biz mana shunday go‘zal diyorda yashar ekanimiz, o‘z-o‘zidan zimmamizga bir qator farzandlik va fuqarolik burchlar yuklanadi. Shu Vatanni asrab-avaylash, qo‘riqlash, uni kelgusi avlodlarga munosib tarzda qoldirish kabilar. Yana shunday burch ham borki, shu diyorning har bir qarich yerini aziz bilib, uning dov-daraxtlari, o‘simliklari, hayvonot olami qo‘yinki, butun tabiatni asrab-avaylashdir. Ming afsuski, ba’zida hamma ham bu qoidalarga yohud burchlarga birday amal qilmayotganining guvohi bo‘lamiz. Ayrim kishilarning xali-hanuz uyum-uyum axlatlarini anhorlarga, ariqlarga oqizayotgani, chiqindilarni xech bir istiholasiz suvlarga uloqtirayotgani achinarli holdir. Axir bu suv ham Alloh ato etgan ne’matlardan emasmi, undan oqilona foydalanish, uning tozaligini saqlash jamiyatga behad naf keltirishini bir o‘ylab ko‘raylik.
Uydagi chiqindilar va axlatlarni ko‘chaga chiqarib, belgilangan joyga olib bormasdan, yo‘lda xohlagan yerga tashlab ketuvchi, beparvo loqayd kimsalar la’natga qolishdan qo‘rqishlari kerak. Ayniqsa, turli xil yuqumli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘ladigan chiqindilarni suv manbalariga yaqin joylarga ularning o‘zanlariga, katta ariq bo‘ylariga, ko‘chalarga to‘kib ketish katta gunoh.
Muoz ibn Jabaldan (r.a.) Abu Dovud rivoyat qilavdi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llariga hamda soya salqin yerlarga axlat tashlab la’natga qolishda qo‘rqinglar, dedilar. Demak, islom dinida ko‘cha, yo‘lga, ariqlar va ulardagi suvlarga har xil chiqindi-axlatlarni tashlab nopok qilish qattiq qoralanar ekan.
Shuning uchun ham nuroniy otaxon-onaxonlarimiz yoshlarga saboq berishda “suvga qarab supurma”, ummon oldida bo‘lsang ham suvni isrof qilma deb, pand nasihatlarni ko‘p bora etadilar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Din (islom) poklik ustiga qurilgandir”, deydilar. Demak, poklik-ozodalik yo‘lida qilingan har bir ish yuqori baholanadi. Shu yo‘lda amal qilgan kishiga yuqori martaba va ulkan ajr-savoblar beriladi.
Islom dini atrof muhitni ozoda saqlashga, obodonlashtirishga chorlaydi. Buning uchun esa, har birimizga bog‘liq va qo‘limizda keladigan ishlarni qilishimiz, ya’ni uy-hovli, mahallalarimiz, atrof-muhitni ozoda saqlashimiz, har xil chiqindilar tashlanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz zarur. Bu bizning insoniylik, fuqarolik, musulmonlik burchimiz ekanini aslo unutmaylik. Hamda farzandlarimizga ham bularni o‘rgataylik, azizlar!
Zero, Alloh taolo janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ta’lim berib marhamat qilgan:
وَذَكِّرْ فَإِنَّ الذِّكْرَى تَنْفَعُ الْمُؤْمِنِينَ
Ya’ni, “Eslating! Zero, eslatma mo‘minlarga manfaat yetkazur”. (Zoriyot surasi, 55-oyat).
Muhtaram jamoat! Aslida biz doimo poklikka va ozadagarchilikka rioya qilishimiz lozimdir. Xususan, mana shunday xos kunlarda hasharlar uyushtirib, ko‘pchilik bilan bajariladigan katta ishlarni amalga oshirib olishga alohida e’tibor qaratishimiz maqsadga muvofiqdir. Sahobai kiromlar bu borada bizga namuna bo‘lishgan. Mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhuni Basraga voliy qilib yuborganida, Abu Muso Basra ahlini yig‘ib, ularga shunday degan edi:
إنَّ أَمِيرَ الْمُؤْمِنِينَ عُمَرَ بَعَثَنِي إلَيْكُمْ أُعَلِّمَكُمْ كِتَابَ رَبِّكُمْ، وَسُنَّةَ نَبِيِّكُمْ وَأُنَظِّفَ لَكُمْ طُرُقَكُمْ
Ya’ni, “Mo‘minlarning amiri Umar meni sizlarga Rabbingizning kitobi va payg‘ambaringizning sunnatini o‘rgatishga hamda yo‘llaringizni tozalashim uchun yubordilar”.
Odamlarning og‘zi ochilib, lolu-hayron qoldilar. Chunki ular odamlarga ta’lim-tarbiya berish, ularga dinning ta’limotlarini o‘rgatish voliyning zimmasidagi ishlardan ekanini yaxshi bilishardi. Ammo yo‘llarni tozalab berish ham uning zimmasidagi ishlardan ekani ular uchun yangi gap edi. Ular: “Voliy o‘zini xalqning xizmatchisi deb biladimi?” deb, hayron qolishdi.
Ha, Islomni yaqindan bilmaydigan kishilarga bu juda ham g‘alati tuyiladi. Aslida bu oddiy holdir. Chunki dinimiz poklik dinidir. Dinimizda poklik iymondandir. Atrof-muhitni pok saqlash esa har bir mo‘min-musulmonning burchidir. Bugungi kunda yurtimiz rahbari tomonidan Vatanimiz obodligi yo‘lida har bir mintaqaga shaxsan o‘zlari borib, xalq bilan bevosita yuzma-yuz muloqot qilayotgani hamda boshqa mutasaddilardan ham bu ishni talab qilayotgani so‘zimizning tasdig‘idir.
Bugun shodiyona ayyomda, Alloh taologa barchalarimizni ushbu qutlug‘ damlarga sog‘-salomat, tinchlik-omonlikda yetkazgani uchun shukronalar aytamiz.
Alloh taolodan bu yilgi bahorni yurtimiz uchun barokotli qilib, xalqimizning yaxshi niyatlarda qadagan urug‘lari sermahsul bo‘lishini nasib aylashini, mahallalarimiz, dalalarimiz va yurtimizning yanada obod va ko‘rkam bo‘lishi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan barcha yurtdoshlarimizni tinch-omonlikda saqlab, ikki dunyo saodati yo‘lida olib borayotgan amallari va sa’y-harakatlariga barakotlar ato etishini so‘rab duolar qilamiz. Omin!
Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.
Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.
Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.
Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.
Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.
Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.
Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.
Nafaqat muzey, balki intellektual platforma
Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.
Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.
O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash
Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.
Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.
Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.
Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.
«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»
Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.
Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.
Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.
Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.
O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi
Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.
Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchinchi Renessansning asosiy kuchi
Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.
Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.
Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.
Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.
Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati