Sayt test holatida ishlamoqda!
29 May, 2026   |   11 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:54
Peshin
12:25
Asr
17:32
Shom
19:51
Xufton
21:25
Bismillah
29 May, 2026, 11 Zulhijja, 1447

Vatan ostonadan boshlanadi

14.03.2017   13060   5 min.
Vatan ostonadan boshlanadi

Sevinchi ichiga sig‘may borayotgan Noila opa ishdan keldi-yu oshga unnab ketdi. Chunki bugun ajoyib bayram – o‘g‘li Qodirjon diplom oladi.

Ota kasbiga mehr qo‘ygan Qodirjon universitetning kimyo-biologiya fakultetini tamomladi. Ota-onaning xursandchiligini ko‘rsangiz edi. Axir besh yil davomida farzand o‘qitish: o‘zi yemay farzandiga yedirishning, o‘zi kiymay farzandiga kiydirishning o‘zi bo‘larkanmi.

Dasturxon atrofida oila jam bo‘lib o‘tirganda onasi Qodirjoning  ko‘ngli yorishmayotganini sezdi.           

– Ha o‘g‘lim, tinchlikmi? Xayoling parishon? Bugun o‘zing orzu  qilgan kasb egasi bo‘lding... – deb so‘radi o‘g‘lidan.

– Ha... oyijon shundayku-ya, lekin...

– Nima lekin?

– Menga Sariosiyo tumanining chekka qishlog‘iga maktabga yo‘llanma berishdi.

– Voy bolama, shunga xafa bo‘lasanmi? Mayli, bahonada ko‘rmagan joylarni ko‘rib kelasan. Tog‘li joylar, qishloq havosi yengil bo‘ladi deyishadi, balki taqdiring qo‘shilgan bo‘lsa, baxting ham...

– Qo‘ying, oyi...

Qodirjonni qishloqqa tuman xalq ta’lim bo‘limidan bir juvon boshlab bordi. Ularni bo‘ydor, gavdali, kaftlari naqd chaqaloqning kallasidek keladigan qishloq oqsoqoli – “qahramon”ota va maktab direktori kutib oldi.

Barot otani “qahramon” ota deyishganicha bor ekan: ota qishloqning chekka so‘qmoq yo‘lidan borarkan qora dori ko‘tarib kelayotgan uchta narkobiznesga duch kelib qoladi va uchalasini ham yer tishlatib, oyoq-qo‘lini bog‘lab Ichki Ishlar bo‘limiga topshirdi. Shu-shu Barot otani qishloq ahli “qahramon” ota deb aytishadi.

Qodirjonni vaqtincha qishloq chekkasidagi eski kalxo‘z idorasiga joylashtirishdi. Idoraning etagi chegaraga tutashgan. 

Sokin, so‘lim qishloq. Oqshom supada yotarkan osmonda yulduzlar charaqlagan, uzoqdan itlarning akillashi, baqalarning qurillashi, mayin shabadada teraklarning shitirlashi eshitiladi.

Odamlarini aytmaysizmi, naqadar samimiy va mehmondo‘st. Kunda-kunora yosh bolalar kelib  “Muallim aka, biznikiga yuring” deya mehmondorchilikka chaqirib ketadi.

Sentyabr kelib darslar ham  boshlandi. Qodirjonning odati qiziq, ishdan keladi-yu, onasidan yuqqanmi, qirga chiqib tabiat manzarasini chizadi. Kunlar shu zaylda o‘tarkan bir voqea sabab Qodirjonning hayoti o‘zgarib ketdi. Odatdagidek rasm chizib o‘tirarkan, yonida paydo bo‘lgan ikkita yigitni payqamay qoldi.

– Assalomu alaykum, hormang, rassom aka. – dedi ulardan biri.

– Vaalaykum assalom, bor bo‘ling, – dedi qo‘qqisdan berilgan salomdan cho‘chib ketgan Qodirjon.

– O‘h-ho‘, juda chiroyli chiqibdi.

– Ha... rasm chizish sevimli mashg‘ulotim

– Rassom aka, sizga bir taklif bilan kelgandik. Biz dorivor giyohlar savdosi bilan shug‘ullanamiz. Ammo chegara  rasmiyatchiligiga hushimiz yo‘q. Xo‘p desangiz, bugun tunda hamkorlarimizga  giyohlarni sizni hovlingizda bersak. Bu xizmat haqqingiz, – deya bir dasta pulni tutqazishdi unga.

– Bo‘pti yordam beraman. Xizmat haqqi kerakmas, faqat qari onamga ozgina dorivor o‘t berasiz,- dedi Qodirjon ziyraklik bilan. “Nima uchun yashirin yo‘llar bilan, yana kechasi? Bu ishda bir sir borga o‘xshaydi” degan o‘y o‘tdi Qodirjonning xayolidan.

Qodirjon dasturxon tuzadi, do‘ppidekkina osh ham damladi. Tun yarimdan oqqanda  hovli etagidan zambildek keladigan ikkita qopni yelkalagan yigitlar kirib keldi.

– Mehmon atoyi xudo deydilar, bir piyola choy ichmasangiz xafa bo‘laman,– dedi Qodirjon tuzalgan dasturxonga ishora qilib. Yigitlar har qancha shoshilsa-da, to‘kin  dasturxonni ko‘rib, ishtahalari ochilib  ketdi.

– Ha, mayli  ikki daqiqa.

– Mehmonlarim, azizlarim, – deb Qodirjon jimirlab turgan “pepsi-kola”dan uch piyola  simirdi. U mehmonlarga piyolalarga suzib qo‘yilgan “pepsi”ni uzatarkan, o‘zini charchaganga solib, cho‘ntagidagi diktafonning “yozuv” tugmasini bosdi va yostiqqa yonboshlab  xurrak ota boshladi.

– G‘o‘ra ekan-u bu.

– Qopiga kelishganimizdekmi.

– Ha.

– Bu yerda qancha? So‘rashyapti.

– Bo‘pti, ketdik.

Ular supadan qo‘zg‘almoqchi bo‘lganida vujudlari titrab, peshonalaridan muzdek ter chiqib ketdi.

Qodirjonning ziyrakligi tufayli yuz kg afg‘on opium moddasi ushlab qolindi.

Ertasi kuni maktabda yig‘ilish bo‘ldi. Yig‘ilishga mutasaddi tashkilotlardan rahbarlar kelishdi. Polkovnik Shamsiyev Qodirjonga hukumatimiz tomonidan berilgan tashakkurnoma va sovg‘alarni topshirarkan, Ichki ishlar bo‘limiga ishga qabul qilingani to‘g‘risidagi buyruqni berdi.

Ha... dono xalqimiz: “Xoin qoni chelakka, Botir qoni yurakka”, deb bejiz aytmagan.

Bu zahri qotil necha-necha yoshlarning juvonmarg bo‘lishiga, ma’naviyatimizga bolta urilishga,  go‘daklarning mayib-majruh tug‘ilishiga sabab bo‘lishi mumkin edi.

Ha, azizlar chegaralarimiz mustahkam, askarlarimiz ziyrak. Lekin, tinchligimizni asrash borasida Barot otadek, Qodirjondek fidoyilik ko‘rsatish barchamizning Vatan oldidagi muqaddas burchimizdir. 

Toyirjon TUNGATOV,

Chinoz tumanidagi  “Hazrati Ali” jome masjidi imom-xatibi 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

26.05.2026   30880   1 min.
ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI

Bugun, zulhijja oyining to‘qqizinchi kuni yurtimiz ziyoratchilari hajning eng muhim farzini ado etish maqsadida Arafot maydoniga borib joylashdi.



Hadislarda keltirilishicha, Arafot ulug‘ manzillardan biri bo‘lib, bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul bo‘ladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni g‘animat bilib, bundan unumli foydalanmoqda.
 

Ishchi guruhi tomonidan ziyoratchilarimiz xotirjam ibodat qilishlari uchun keng va shinam chodirlar tayyorlangan, sovutkich va muzlatkichlar uzluksiz ishlamoqda, uch mahal issiq ovqat, shirinlik va salqin ichimliklar muntazam taqdim etilmoqda.


 

Hojilarimiz Arafotda duoi xayrlar, ibodatlar bilan bo‘lib, peshin va asr namozlarini jam qilib o‘qiydilar. Duo va tazarrularda bardavom bo‘ladilar. Alloh taolodan yurtimiz tinch, xalqimiz hayoti yanada farovon bo‘lishini, farzandu arjumandlarimiz baxtu saodatini so‘rab iltijolar qilishadi.



O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI ARAFOTDA ZIYORATCHILAR DUO-ILTIJOLARGA KIRISHDI
O'zbekiston yangiliklari