frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Masruq ibn Ajda’

14.03.2017   7929   3 min.
Masruq ibn Ajda’

Masruq rohimahullohning ismi Abu Oisha Masruq ibn Ajda’ ibn Molik ibn Umayya ibn Abdulloh Vodi’iy Hamadoniydir.

Masruq rohimahullohning otasi islomni qabul qilib, o‘g‘li bilan Madinai munavvaraga ko‘chib keladi. Masruq rohimahulloh Madinada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning as'hoblaridan ta’lim olib, unib o‘sadi. Shuning uchun ham U zot tobi’inlarning ulug‘laridan biridir.

Onasi Bani Zubaydning chavandozi A’mr ibn Ma’d Yakrabning singlisi edi. Masruq rohimahulloh Yaman chavandozlaridan biri bo‘lib ulg‘aydilar. Bu zotning Masruq deb nomlanishlariga sabab, yoshliklarida o‘g‘irlab ketilib, keyinchalik topilganliklaridir.

Masruq rohimahulloh Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anhodan hech ajramaydilar, doim birga yuradilar. Shu sabab Oisha binti Abu Bakr roziyallohu anho: “Ey Masruq! Albatta sen meni bolamdek bo‘lib qolding”, deganlar.

Masruq rohimahulloh Quddus fathida va undan boshqa islom fathlarida qatnashganlar. Siffin jangida insonlarga: “Ey insonlar! Qo‘llaringizni urush qilishdan tiyinglar!”, deganlar.

Masruq rohimahulloh Ko‘fada yashaganlar va insonlarga fatvo beruvchi bo‘lganar. U kishining ayoli Qumayr ibn A’mr: “Masruq oyoqlari shishib ketgunga qadar namoz o‘qir edi. Gohida uning bu holatini ko‘rib, uni ortiga o‘tib yig‘lar edim” deydilar.

Masruq rohimahulloh Umar ibn Xattob, Aliy ibn Tolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Xabbob ibn Art, Ubay ibn Ka’b, Abdulloh ibn A’mr ibn Oss, Oisha binti Abu Bakr, Ubayd ibn Umayr Laysiy, Ummu Rumon binti Omir Kinoniyya, Muoz ibn Jabal, Usmon ibn Affon, Abdulloh ibn Umar ibn Xattob, Subay’a Aslamiyya, Ma’qal ibn Sinon, Mug‘ira ibn Sho‘ba, Zayd ibn Sobit va Ummu Salama roziyallohu anhumlardan hadis rivoyatlar qilganlar.

Masruq rohimahullohning ana shunday  zabardast sahobiy  olimlarga  va ayniqsa Ibn Mas’uddek ustozga shogird bo‘lishi Allohning kalomi  ma’nolarini chuqur bilishi  va uni tafsir qilishda peshvolik martabasini topishiga  sabab bo‘lgan. Masruq rohimahullohning e’tiqodi kuchliligi  haqida Abu Is'hoq shunday rivoyat qilgan: «Masruq hajga borganda yotib uxlashdan voz kechgan, uxlasa ham sajdaga bosh qo‘yib uxlardi.

Masruq rohimahullohdan Omir Sha’biy, Ibrohim ibn Yazid Naxa’iy, Yahyo ibn Vasob, Abdulloh ibn Murrah Xorifiy, Shaqiq ibn Salamah, Yahyo ibn Jazzor, Abu Zuho Muslim ibn Subayh, Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn  Mas’ud, Ubayd ibn Nuzayla, Makhul Shomiy, Abu Is'hoq Subay’iy, Muhammad ibn Muntashir ibn Ajda’, Muhammad ibn Nashr Hamadoniy, Abu Ahvas Jashmiy, Ayyub ibn Honiy, Ammorah ibn Umayr, Habbol ibn Rufayda, Anas ibn Siriyn Ansoriy, Abu Sha’soi Mahoribiy, Qosim ibn Abdurrahmon ibn Abdulloh ibn Mas’ud va Qumayr ibn A’mr rohimahumullohlar rivoyat qilishgan.

Masruq rohimahulloh ustozi Ibn Mas’ud roziyallohu anhu haqlarida: «Men ibn Mas’ud roziyallohu anhudan tafsir sohasida ko‘p ilm oldim. Ustozimiz bizga avval Qur’on suralaridan qiroat qilib berardilar. Keyin  uning ma’nolarini tushuntirib tafsir qilib berardilar» deganlar.

Masruq rohimahulloh 62 hijriy sanada vafot etadilar.

 Manbalar asosida Tojjiddinov

Abdusssomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

27.06.2025   2561   3 min.
Muhimi qalbdagi narsa, cho‘ntakdagi emas

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.

Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:

— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!

Xotin dedi:

— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.

Er dedi:

Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.

Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:

— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:

«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).

Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.

Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.


Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!

Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.

Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!

Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!


Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!

Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.

Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!

«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi