بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Insoniyatga ilk bora Islom nuri kelishi bilanoq xalqlar o‘rtasida ahillik, totuvlik va do‘stlik misli ko‘rilmagan darajada joriy bo‘ldi. Hatto necha yillar bir-birlari bilan adovatda bo‘lgan qabilalar ajralmas sadoqatli do‘stga aylandilar. Bu borada Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday marhamat qildilar: “Mo‘minlar o‘zaro bir-birlariga do‘stlik, ezgulik va mehribonlik ko‘rsatishlarida bir tana bo‘lib, uning bir a’zosi betoblikdan og‘risa, qolgan a’zolari ham bedor va notinch bo‘lgani kabidir”. Darhaqiqat musulmonlar haqiqiy aka-uka kabi ahil do‘st bo‘lib yashadilar. O‘zida bor narsani bir-birlariga ilinib, yaxshi ko‘rgan narsalarini dindosh do‘stlariga tortiq qildilar. Alloh taolo ularni madh qilib qancha-qancha oyatlar nozil qildi. Shulardan A’rof surasida Alloh taolo shunday degan: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba, 71).
Alloh taolo bandalarini «uxuvvat»ga, ya’ni barcha mo‘min-musulmonlarning bir-birlariga xayrixohlik, do‘stlik, sevgi, shafqat va yordamga buyurar ekan, bu ne’mat boshqa biron qavm yoki millatga ravo ko‘rilmagan, munosib topilmagan ulug‘ bir ilohiy hadyaga sazovor qildi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan: «Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz» (Oli-Imron», 103).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: «Ba’zi amallar ibodat shaklida bo‘lmasa ham savobi juda ko‘pdir». Masalan, namoz shakliy ibodat sanaladi: tahorat olib qiblaga yuzlanamiz, «Allohu akbar» deb boshlaymiz, ruku’, sajda qilamiz va evaziga savobga erishamiz. Ammo do‘stlik kabi ma’naviy ibodat ham borki, u zohiran qadrsizday, ahamiyatsizday tuyulsa ham, aslida u dinda muazzam bir savob, muazzam bir ibodatdir» (Abu Homid G‘azzoliy, «Ihyoi ulumid-din»).
Islom tarixida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vacsallam sahobalari bilan Madinaga hijrat qilganlarida ansorlarning muhojirlar bilan do‘stlik va birodarliklari tillarda doston bo‘lib ketgan. Ansorlar o‘zida borini muhojir dindoshlari bilan baham ko‘rgan. Hatto o‘zlari och qolsalar ham mehmonlarga bor taomini berib yuborganlar.
Islom dinida millatlar aro do‘stlik ham ibratlanarli darajada o‘z aksini topgan. Habashistonlik Bilol, Salmon Forsiy kabi sahobiylarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qoshida, barcha musulmonlarning nazdida qanchalik hurmat e’tibori yuqori bo‘lganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir.
Pag‘ambarimiz do‘stlik haqida quyidagi hadislarni marhamat qilganlar. Imonning eng mustahkam dastasi – Alloh yo‘lida do‘stlashish va Alloh yo‘lida dushmanlashish, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rish va Alloh yo‘lida yomon ko‘rishdir. “Islomdan keyingi eng yaxshi ne’mat yaxshi do‘stdir. Agar birortangiz birodaridan do‘stlikni sezsa, uni mahkam tutsin. Agar toat ibodatinga yordam beradigan do‘sting bo‘lsa, uning qo‘lini mahkam tut, chunki do‘stni tutib turish qiyin, undan ajralish esa osondir. Do‘stlarning sifatlaridan biri – ular o‘zlaridan do‘stlarini ustun qo‘yishlaridir”.
Muhtaram jamoat! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom butunlay boshqacha ta’limni berganlar. Musulmonlarning bir-birlariga do‘st, birodar, ko‘makdosh bo‘lishlari zarurligini bundan o‘n besh asr muqaddam e’lon etib, Islom ummatini o‘zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Musulmon musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh ham uning hojatida bo‘ladi. Kim musulmondan g‘am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni qiyomat g‘am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmon bilan aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, haqir sanamaydi va xo‘rlamaydi. Taqvo bu yerda deb qalblariga uch marta ishora qildilar. Yana: «Musulmon birodarini haqir sanamog‘i uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonning boshqa bir musulmon qoni, moli va obro‘siga tajovuz qilmog‘i haromdir», dedilar. (Imom Muslim rivoyati)
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bunday mazmundagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Islom dinining talabi shunday ekan, unda nega bizlar do‘stlik va qardoshlikdan bunchalik uzoqlashib ketyapmiz? Bir-birimiz bilan do‘stlashish, aka-uka tutinish, qon-qardoshlik rishtalarini bog‘lash o‘rniga g‘anim fitnasiga uchib yoki arzimas manfaatlar uchun o‘zaro nizoga boramiz. Eng dahshatlisi, bir-birimizni jisman yoki ruhan mahv etishgacha boramiz? Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Bir-birlaringizga birodar bo‘lmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar», deb ta’lim berganlar-ku! (Imom Muslim rivoyati).
Hurmatli namozxonlar! Hozirgi kunda ba’zi bir holatlarda do‘stlik unut bo‘lib borayotganligining asosiy sababi bilimsizlik, johillik, din dushmanlarining oramizga nifoq, ixtilof, parokandalik solish uchun tinmay uyushtirayotgan fitna-nayranglariga e’tiborsizlikdan. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga bo‘ysungan har bir musulmon o‘z dindoshlarini do‘st tutadi, ularga hamisha yordamga oshiqadi, hurmat-ehtirom ko‘rsatadi, shariat talablariga ko‘ra munosabatda bo‘ladi. Islomda do‘stlashish, do‘st topish va uni mustahkamlashga targ‘ib va tashviq juda ko‘p. Yangi do‘st orttiring, mo‘minlar bilan birodarlashing, ziyofat qilib chorlang, hadyalar bering, kasalligida ziyorat qiling, muhtojligida yordam ko‘rsating, degan da’vatlar mavjud. Bilingki, «Yangi bir odam bilan do‘st bo‘lgan musulmonning darajasini Alloh jannatda bir daraja yuqori ko‘taradi», deb marhamat etilgan.
Alloh taolo aytadi: «Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!» (Anfol, 1). Ana shu ilohiy amrlardan chekinib, do‘stlik va birodarlikka hiyonat qiluvchi kimsalarga esa Alloh taolo qattiq jazoni va’da qiladi: «Hujjatlar kelgandan keyin ham bo‘linib, o‘zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o‘xshamangiz! Ana o‘shalarga ulkan azob bordir». (Oli-Imron, 105).
Islom ummati birdamlik, o‘zaro tinch-totuv, do‘stlik, hamkorlik ruhi asosida yashashi, barcha bilan o‘zaro munosabatlarda o‘rnak bo‘lishi lozim, degan hadisi shariflariga muvofiq ish tutsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Zero, Rasuli akram (s.a.v.) ta’kidlab aytganlarki:
"يد الله على الجماعة" (الامام الفترمذي
ya’ni: “Allohning “qo‘li”, ya’ni rizosi va nusrati jamoat uzra bo‘lur”. Bu deganlari ko‘pchilikdan ajralib Allohning qahriga uchramaslik uchun qilgan vasiyatlaridir. Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Muhtaram jamoat! Islom shariati va uning barhayot ta’limotlari inson hayotining barcha tomonlarini to‘la qamrab olganligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Hurmatli jamoat! Janob Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z ummatlarini obodonlashtirishga, bog‘-rog‘ yaratishga ko‘p bor targ‘ib etganlar. Bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar:
" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ "
(رواه البخاري و مسلم)
ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur”.
Daraxt va ekin ekish, bu – Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedi”. Bayhaqiy va Tabaroniylar rivoyat qilgan. (Allohga lozim bo‘ldi degani – mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir)
Ushbu hadisda zikr qilingan Alloh taoloning va’dasiga yetishish uchun ko‘kalamlashtirish yo‘lida qilayotgan ishlarini ibodat deb qilishlari lozimdir. Halol pokiza bo‘lsa, halol pokiza yo‘llar bilan mehnat qilsa, inshoalloh, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi.
Sahobalardan bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar ichida zohidlardan biri bo‘lsada, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu vaqqos roziyallohu anhu dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi.
Muhtaram namozxonlar! Dehqonchilik eng sharafli kasblardan biri ekani haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَن رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ ، رَضِيَ الله عَنْهُ قَالَ قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَيُّ الْكَسْبِ أَطْيَبُ؟ قَالَ: عَمَلُ الرَّجُلِ بِيَدِهِ وَكُلُّ بَيْعٍ مَبْرُورٍ. )رَوَاهُ أَحْمَدُ(
Ya’ni, Rofi’ ibn Xadij roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning rasuli, qaysi kasb afzal?” ,deyildi. Shunda U zot: “Kishining o‘z qo‘l mehnati bilan qilgan ishi va har bir halol savdo” dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda qo‘l mehnati tijorat-savdodan oldin zikr qilingani, uning eng afzal kasblardan ekaniga dalolat qiladi.
Demak, har bir musulmon kishisi toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari oxirat ko‘prigi bo‘lgan va o‘zi yashab turgan dunyosining obodligi yo‘lida ham sa’y-harakat qilishi lozim. Xususan, yurtimizni obod qilish, ko‘chat ekish, elning rizq-ro‘zining manbai sanalmish ziroat-dehqonchilik sohasiga alohida e’tibor qaratishi zarur ekan.
Alloh taolo barchalarimizga dunyo va oxiratimizning obod aylab, qo‘ni-qo‘shnilar bilan samimona aloqalarimiz yanada mustahkam bo‘lib borishini Yaratgandan so‘raymiz! Omin.
Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.
Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.
Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.
Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.
Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.
Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.
Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati