Ummu Habiba Ramla roziyallohu anhoning otasining ismi: Abu Sufyon Soxr ibn Harb ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumanofdir.
Ummu Habiba roziyallohu anhoning onasining ismi: Sofiyya binti Abul Oss ibn Umayya ibn Abdu Shams ibn Abdumanofdir.
Ummu Habiba roziyallohu anho hijratdan o‘ttiz besh yil oldin (melodiy olti yuz sakson to‘qqizinchi yili) Makkai mukarramada tug‘ilganlar.
U Quraysh qabilasining sardori, Makka shahrining boshlig‘i, o‘sha davrda musulmonlarning ashaddiy dushmani (keyinchalik islomni qabul qilib sahoba bo‘lgan), Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ham eng katta g‘animlaridan bo‘lgan Abu Sufyonning qizi edi. Uning qavmi Bani Abdi Shamsning Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning qavmi Bani Hoshimga adovati kuchli edi. Bu qavm Islom da’vatiga hamda da’vat sohibiga doimo to‘sqinlik qilar edi. Abu Sufyon Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘z Parvardigori tomonidan olib kelgan bu muborak Islom da’vatini to‘sishga bor kuchi, imkoniyati bilan qarshilik qildi-yu, lekin bu urinishida muvaffaqiyatga erishmay, hasratu nadomat ila umidini uzdi. Bu vaqtda Makka ahlidan ko‘pgina kishilar va ayollar Islomni qabul qilishgan, hattoki Abu Sufyonning qizi Ummu Habiba roziyallohu anho ham Islom hidoyatini topgan edi. U o‘z otasidan qo‘rqib, bu aziz dinini saqlash uchun eri Ubaydulloh ibn Jahsh bilan Habashistonga ketgan edi.
Habashistonda Alloh taolo uning erini zalolatga mubtalo qilib, u (ba’zi rivoyatga ko‘ra) Islom dinidan chiqib, nasroniy dinini qabul qildi. Buni bilgan Ummu Habiba roziyallohu anho darxol o‘z eridan voz kechdi. Ayol erining turli yo‘llar ila yana qayta yarashishga qilgan harakatlarini rad qilib, o‘z dini bo‘lmish Islomda sobit, mustahkam turdi. O‘zi yolg‘iz qolgach, u begona yurt Habashistonda ko‘pgina qiyinchilik, ko‘rqinchlarga duchor bo‘ldi. Barcha qiyinchilik, og‘ir sharoitlarga sabru matonat ila chidadi. Ummu Habiba roziyallohu anho Qurayshning sardori, kattasi va botiri hisoblangan otasining ta’qibidan va shuningdek, odamlarni Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamdan qaytarib, doim unga qarshi gij-gijlovchi, Payg‘ambar alayhissalomning eng ashaddiy dushmani bo‘lgan onasi Hindning g‘azabidan qo‘rquvda edi. Ummu Habiba roziyallohu anho, shuningdek, o‘z qavmi va qarindoshlari nafratidan va ularga kulgi bo‘lishdan ham qo‘rqar edi. Chunki arablarda dushmani uning baxtsizligidan kulishi eng katta or hisoblanardi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam Habashiston podshohi Najoshiyga maktub yo‘llab, Ummu Habiba roziyallohu anhoni o‘zlariga jufti halol qilib olishga yordamini so‘radilar. Najoshiy bu xushxabarni Ummu Habiba roziyallohu anhoga yetkazganida, u xursandligidan ko‘kka uchayozdi. Ko‘ngli ko‘tarilib, darz ketgan qalbi yaralari tuzaldi. Uni shodlik qamrab oldi. Uning qanchalik xursand bo‘lgani Alloh taologagina ayon edi.
Najoshiy Ummu Habiba roziyallohu anhoga izzat-ikrom ko‘rsatib, unga ko‘p mehribonlik va yaxshiliklar qildi, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam nomlaridan unga mahr qilib to‘rt yuz dinor va boshqa nafis hadyalar taqdim etdi. Va uni Shurahbil ibn Hasna bilan birgalikda izzat-ikromini joyiga qo‘yib, Madinai Munavvaraga — Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kuzatib qo‘ydi. Ummu Habiba roziyallohu anho Madinai Munavvaraga kelgach, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam unga Hijratning oltinchi yoki yetginchi sanasida eri vafot etganidan so‘ng uylandilar. O‘sha vaqtda Ummu Habiba roziyallohu anhoning yoshlari o‘ttiz oltida edi.
Bu muborak turmushning nikohini hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu o‘qidilar.
Alloh taolo Ummu Habiba roziyallohu anho tufayli quydagi oyatni nozil qilgan:
عَسَى اللَّهُ أَنْ يَجْعَلَ بَيْنَكُمْ وَبَيْنَ الَّذِينَ عَادَيْتُمْ مِنْهُمْ مَوَدَّةً وَاللَّهُ قَدِيرٌ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ
Ehtimol, Alloh sizlar bilan sizlar dushman tutib yurgan kimsalar o‘rtasida (ularni Islomga kiritib) do‘stlik paydo qilib qo‘yar. Alloh (bunday ishlarga) qodirdir. Alloh kechirimli va rahmlidir. (Mumtahanah, 7-oyat)
Ummu Habiba Ramla roziyallohu anho hijratning qirq to‘rtinchi sanasida (melodiy olti yuz oltmish to‘rtinchi yili) Madinai munavvarada vafot etdilar. Baqe’ qabiristoniga dafn etildilar.
Manbalar asosida
Tojiddinov Abdussomad
Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Marg‘ilon shahrida jahon tamadduni va islom ilm-faniga beqiyos hissa qo‘shgan mutafakkirlardan biri — Imom Burhoniddin Marg‘iloniy nomi bilan bog‘liq yangi ilmiy-ma’rifiy turizm markazi barpo etilmoqda. “Navro‘z” mahallasi hududida tashkil etilayotgan mazkur majmua nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda ham ahamiyatga molik loyihalardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Bosh reja asosida qurilayotgan markazda Burhoniddin Marg‘oniy ilmiy-tadqiqot markazi, zamonaviy shaklda tashkillashtiriladigan muzey, milliy uslubda barpo etiladigan “Otabek va Kumush” uyi, sun’iy ko‘l, maqom teatri, gastronomiya va xizmat ko‘rsatish markazlari, savdo do‘konlari, mehmonxonalar hamda bozor infratuzilmasi nazarda tutilgan.
Mazkur qurilishlar kelajakda Marg‘ilon shahrining tarixiy, ilmiy va turizm salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Bu joy, shubhasiz, ziyorat va ilmiy tadqiqot maqsadida keluvchilar uchun ham jozibador maskanga aylanadi.
Shu kunlarda mazkur hududda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot markazi binosi bilan bir qatorda boshqa muhim inshootlarning ham qurilishi boshlangan.
Marg‘ilon shahrida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar shahar bosh imom-xatibi Abdulfattoh domla Olimov boshchiligida majmua bilan yaqindan tanishish maqsadida obyektga bordilar.
Tashrif chog‘ida imom-xatiblar bu yerdagi qurilish ishlarining holati bilan tanishdilar, loyihalarning mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullardan ma’lumotlar olishdi.
Mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon, balki Farg‘ona vodiysi hamda butun mamlakatimiz uchun muhim madaniy-ma’rifiy maskan bo‘lib, u kelajakda yoshlar tarbiyasi, diniy soha xodimlarining salohiyatini oshirish, milliy o‘zlikni anglash va qadriyatlarni asrash yo‘lida xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati