بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Insoniyatga ilk bora Islom nuri kelishi bilanoq xalqlar o‘rtasida ahillik, totuvlik va do‘stlik misli ko‘rilmagan darajada joriy bo‘ldi. Hatto necha yillar bir-birlari bilan adovatda bo‘lgan qabilalar ajralmas sadoqatli do‘stga aylandilar. Bu borada Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday marhamat qildilar: “Mo‘minlar o‘zaro bir-birlariga do‘stlik, ezgulik va mehribonlik ko‘rsatishlarida bir tana bo‘lib, uning bir a’zosi betoblikdan og‘risa, qolgan a’zolari ham bedor va notinch bo‘lgani kabidir”. Darhaqiqat musulmonlar haqiqiy aka-uka kabi ahil do‘st bo‘lib yashadilar. O‘zida bor narsani bir-birlariga ilinib, yaxshi ko‘rgan narsalarini dindosh do‘stlariga tortiq qildilar. Alloh taolo ularni madh qilib qancha-qancha oyatlar nozil qildi. Shulardan A’rof surasida Alloh taolo shunday degan: “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba, 71).
Alloh taolo bandalarini «uxuvvat»ga, ya’ni barcha mo‘min-musulmonlarning bir-birlariga xayrixohlik, do‘stlik, sevgi, shafqat va yordamga buyurar ekan, bu ne’mat boshqa biron qavm yoki millatga ravo ko‘rilmagan, munosib topilmagan ulug‘ bir ilohiy hadyaga sazovor qildi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan: «Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz» (Oli-Imron», 103).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: «Ba’zi amallar ibodat shaklida bo‘lmasa ham savobi juda ko‘pdir». Masalan, namoz shakliy ibodat sanaladi: tahorat olib qiblaga yuzlanamiz, «Allohu akbar» deb boshlaymiz, ruku’, sajda qilamiz va evaziga savobga erishamiz. Ammo do‘stlik kabi ma’naviy ibodat ham borki, u zohiran qadrsizday, ahamiyatsizday tuyulsa ham, aslida u dinda muazzam bir savob, muazzam bir ibodatdir» (Abu Homid G‘azzoliy, «Ihyoi ulumid-din»).
Islom tarixida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vacsallam sahobalari bilan Madinaga hijrat qilganlarida ansorlarning muhojirlar bilan do‘stlik va birodarliklari tillarda doston bo‘lib ketgan. Ansorlar o‘zida borini muhojir dindoshlari bilan baham ko‘rgan. Hatto o‘zlari och qolsalar ham mehmonlarga bor taomini berib yuborganlar.
Islom dinida millatlar aro do‘stlik ham ibratlanarli darajada o‘z aksini topgan. Habashistonlik Bilol, Salmon Forsiy kabi sahobiylarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qoshida, barcha musulmonlarning nazdida qanchalik hurmat e’tibori yuqori bo‘lganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir.
Pag‘ambarimiz do‘stlik haqida quyidagi hadislarni marhamat qilganlar. Imonning eng mustahkam dastasi – Alloh yo‘lida do‘stlashish va Alloh yo‘lida dushmanlashish, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rish va Alloh yo‘lida yomon ko‘rishdir. “Islomdan keyingi eng yaxshi ne’mat yaxshi do‘stdir. Agar birortangiz birodaridan do‘stlikni sezsa, uni mahkam tutsin. Agar toat ibodatinga yordam beradigan do‘sting bo‘lsa, uning qo‘lini mahkam tut, chunki do‘stni tutib turish qiyin, undan ajralish esa osondir. Do‘stlarning sifatlaridan biri – ular o‘zlaridan do‘stlarini ustun qo‘yishlaridir”.
Muhtaram jamoat! Sodiq do‘stning misoli daraxt kabidir. Agar soyasida o‘tirsang, seni soyasiga oladi. Agar uning mevasini yesang, seni to‘yg‘azadi. Agarchi u senga foyda bermasa ham, zarar ham bermaydi. Sovetlarning uzoq yillik istibdodi musulmonlarimizni ana shu ilohiy ne’matdan yiroqlashtirib, hattoki uzib yubordi. Bir-birlariga gij-gijladi, fitna va nifoqni urchitdi. Oqibati ayanchli, alamli bo‘ldi: do‘stlik haqidagi mezonlar buzildi, qarashlar o‘zgardi, tushunchalar boshqacha bo‘ldi. Endi bir dindagi, bir aqidadagi, bir millatning farzandlari bir-biriga g‘anim, yov. Bir-biriga nafrati, g‘azabi, hasadi qaynab-toshgan. «Kim biz bilan bo‘lmasa, u dushmanimizdir» degan qoida ustuvor. Ular yurtini vayron, dinini poymol, erkini payxon qilgan asl dushmanlarini ham shunchalik yomon ko‘rishmaydi.
Ba’zi birlar betavfiq va fosiq kimsalarning hurmatini joyiga qo‘yadiyu, ammo bir mo‘min-musulmon do‘sti bilib-bilmay namozini sal boshqacharoq o‘qib qo‘ysa, ola qarash, qora qarashni boshlaydi. Hatto masjiddan quvib solishga tayyor. Boshqasi atrofdagi behayolarcha, shir yalang‘och yurganlar bilan ishi yo‘q, ammo bir musulmon masjidga boshyalang kirib qolsa, eng ulkan g‘animiga duch kelganday g‘azabi qo‘ziydi. Ayrimlar quvurga tiqilib qolgan mushukni qutqarish haqida jon-jahdi bilan qayg‘uradi, lekin dunyoning qaysidir burchagida musulmonlar qoni begunoh to‘kilayotgani bilan ishi yo‘q. Ba’zilarimiz bir g‘ayridinga yoki dinsiz kishiga yordam ko‘rsatishga, ehson qilishga tayyormiz, ammo yonginamizdagi musulmon qo‘shni, mo‘min qarindoshning nochor ahvolidan «bexabar»miz. Hatto ko‘mak so‘rab kelsa ensasimiz qotadi, burnimizni jiyiramiz.
Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom butunlay boshqacha ta’limni berganlar. Musulmonlarning bir-birlariga do‘st, birodar, ko‘makdosh bo‘lishlari zarurligini bundan o‘n besh asr muqaddam e’lon etib, Islom ummatini o‘zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Musulmon musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh ham uning hojatida bo‘ladi. Kim musulmondan g‘am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni qiyomat g‘am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmon bilan aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, haqir sanamaydi va xo‘rlamaydi. Taqvo bu yerda deb qalblariga uch marta ishora qildilar. Yana: «Musulmon birodarini haqir sanamog‘i uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonning boshqa bir musulmon qoni, moli va obro‘siga tajovuz qilmog‘i haromdir», dedilar. (Imom Muslim rivoyati)
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bunday mazmundagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Islom dinining talabi shunday ekan, unda nega bizlar do‘stlik va qardoshlikdan bunchalik uzoqlashib ketyapmiz? Bir-birimiz bilan do‘stlashish, aka-uka tutinish, qon-qardoshlik rishtalarini bog‘lash o‘rniga g‘anim fitnasiga uchib yoki arzimas manfaatlar uchun o‘zaro nizoga boramiz. Eng dahshatlisi, bir-birimizni jisman yoki ruhan mahv etishgacha boramiz? Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Bir-birlaringizga birodar bo‘lmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar», deb ta’lim berganlar-ku! (Imom Muslim rivoyati).
Hurmatli namozxonlar! Hozirgi kunda ba’zi bir holatlarda do‘stlik unut bo‘lib borayotganligining asosiy sababi bilimsizlik, johillik, din dushmanlarining oramizga nifoq, ixtilof, parokandalik solish uchun tinmay uyushtirayotgan fitna-nayranglariga e’tiborsizlikdan. Bizlar namoz o‘qiyapmiz, ro‘za tutyapmiz, Makkaga borib-kelyapmiz, ammo Islomning asl mohiyatiga kirib bormayapmiz, dinimizning sof talablarini tushuna olmayapmiz. Bir birodarimizning harakatida sal nuqson-kamchilik ko‘rsak, darrov u bilan gaplashishni ham yig‘ishtirib qo‘yamiz. Bizning fikrimizdan boshqacha fikrdami, bir zumda uni dushmanga chiqaramiz. Ba’zi birlar mo‘min birodarining kichkina xatosidan fil yasab, darrov uni dindan chiqqanlikda ayblay boshlaydi. Ayblovlari shunchalik beo‘xshovki, raqibining sha’ni, jamiyatdagi obro‘si, izzat-nafsi, oilaviy sirlarini ham ayab o‘tirmaydi.
Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga bo‘ysungan har bir musulmon o‘z dindoshlarini do‘st tutadi, ularga hamisha yordamga oshiqadi, hurmat-ehtirom ko‘rsatadi, shariat talablariga ko‘ra munosabatda bo‘ladi. Islomda do‘stlashish, do‘st topish va uni mustahkamlashga targ‘ib va tashviq juda ko‘p. Yangi do‘st orttiring, mo‘minlar bilan birodarlashing, ziyofat qilib chorlang, hadyalar bering, kasalligida ziyorat qiling, muhtojligida yordam ko‘rsating, degan da’vatlar mavjud. Bilingki, «Yangi bir odam bilan do‘st bo‘lgan musulmonning darajasini Alloh jannatda bir daraja yuqori ko‘taradi», deb marhamat etilgan.
Alloh taolo aytadi: «Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!» (Anfol, 1). Ana shu ilohiy amrlardan chekinib, do‘stlik va birodarlikka hiyonat qiluvchi kimsalarga esa Alloh taolo qattiq jazoni va’da qiladi: «Hujjatlar kelgandan keyin ham bo‘linib, o‘zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o‘xshamangiz! Ana o‘shalarga ulkan azob bordir». (Oli-Imron, 105).
Islom ummati birdamlik, o‘zaro tinch-totuv, do‘stlik, hamkorlik ruhi asosida yashashi, barcha bilan o‘zaro munosabatlarda o‘rnak bo‘lishi lozim, degan hadisi shariflariga muvofiq ish tutsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Zero, Rasuli akram (s.a.v.) ta’kidlab aytganlarki:
"يد الله على الجماعة"
(الامام الفترمذي)
ya’ni: “Allohning “qo‘li”, ya’ni rizosi va nusrati jamoat uzra bo‘lur”. Bu deganlari ko‘pchilikdan ajralib Allohning qahriga uchramaslik uchun qilgan vasiyatlaridir. Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Muhtaram jamoat! Islom shariati va uning barhayot ta’limotlari inson hayotining barcha tomonlarini to‘la qamrab olganligini hammamiz yaxshi bilamiz.
Hurmatli jamoat! Janob Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z ummatlarini obodonlashtirishga, bog‘-rog‘ yaratishga ko‘p bor targ‘ib etganlar. Bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar:
" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ "
(رواه البخاري و مسلم)
ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur”.
Daraxt va ekin ekish, bu – Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedi”. Bayhaqiy va Tabaroniylar rivoyat qilgan. (Allohga lozim bo‘ldi degani – mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir)
Ushbu hadisda zikr qilingan Alloh taoloning va’dasiga yetishish uchun ko‘kalamlashtirish yo‘lida qilayotgan ishlarini ibodat deb qilishlari lozimdir. Halol pokiza bo‘lsa, halol pokiza yo‘llar bilan mehnat qilsa, inshoalloh, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi.
Sahobalardan bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar ichida zohidlardan biri bo‘lsada, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu vaqqos roziyallohu anhu dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi.
Muhtaram namozxonlar! Dehqonchilik eng sharafli kasblardan biri ekani haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَن رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ ، رَضِيَ الله عَنْهُ قَالَ
قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَيُّ الْكَسْبِ أَطْيَبُ؟ قَالَ: عَمَلُ الرَّجُلِ بِيَدِهِ وَكُلُّ بَيْعٍ مَبْرُورٍ
(رَوَاهُ أَحْمَدُ)
Ya’ni, Rofi’ ibn Xadij roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning rasuli, qaysi kasb afzal?” ,deyildi. Shunda U zot: “Kishining o‘z qo‘l mehnati bilan qilgan ishi va har bir halol savdo” dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Ushbu hadisda qo‘l mehnati tijorat-savdodan oldin zikr qilingani, uning eng afzal kasblardan ekaniga dalolat qiladi.
Demak, har bir musulmon kishisi toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari oxirat ko‘prigi bo‘lgan va o‘zi yashab turgan dunyosining obodligi yo‘lida ham sa’y-harakat qilishi lozim. Xususan, yurtimizni obod qilish, ko‘chat ekish, elning rizq-ro‘zining manbai sanalmish ziroat-dehqonchilik sohasiga alohida e’tibor qaratishi zarur ekan.
Alloh taolo barchalarimizga dunyo va oxiratimizning obod aylab, qo‘ni-qo‘shnilar bilan samimona aloqalarimiz yanada mustahkam bo‘lib borishini Yaratgandan so‘raymiz! Omin.
O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Bobur nomli xalqaro jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik tarixshunos va boburshunos olimlardan iborat delegatsiyaning Pokistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif Bobur va Boburiylar davriga oid tarixiy-madaniy merosni o‘rganish, Pokiston hududida saqlanayotgan mazkur davrga oid tarixiy manbalar, qo‘lyozmalar, eksponatlar va artefaktlar bilan tanishish, shuningdek, ikki mamlakatning ilmiy-tadqiqot va madaniy muassasalari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil eildi.
Delegatsiya a’zolari dastlab Lahor shahrida Boburiylar davriga oid tarixiy obidalar va manzilgohlarga tashrif buyurib, o‘rganishlar olib bordi. Xususan, Lahor muzeyi, Islom galereyasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalarida bo‘lib, mazkur muassasalarda qator ilmiy uchrashuvlar o‘tkazdi va boburiylar davriga oid tarixiy manbalar bilan tanishdi.
Lahor shahridagi Panjob universiteti rahbariyati bilan ilmiy va akademik hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Safar davomida mazkur universitet huzuridagi Boburiylar merosi markazi bilan hamkorlikda Boburiylar sulolasining 500 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
Ishtirokchilar Bobur va Boburiylar tarixi, ularning Markaziy va Janubiy Osiyo tamaddunidagi o‘rni, mazkur davrning siyosiy, madaniy va ilmiy merosini o‘rganish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston olimlari Islomobod shahrida Pokiston Milliy tilni rivojlantirish departamenti rahbariyati Quaid-i-A’zam universiteti, Alloma Iqbol universiteti, Pokiston Milliy kutubxonasi hamda qator ilmiy-tadqiqot muassasalariga tashrif buyurib, qo‘lyozmalar, boburiylar davriga oid eksponatlar va boshqa tarixiy manbalar bilan tanishdi.
O‘zbekiston vakillari Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi bosh koordinatori Muhammad Iqbol Choudhari tomonidan qabul qilindi.
Unda Bobur va Boburiylar merosini chuqur o‘rganish, uni asrash va musulmon dunyosi ilmiy doiralari hamda keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Kelgusida mazkur tashkilot bilan hamkorlikda Boburiylar merosiga bag‘ishlangan yirik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrifning asosiy tadbiri Islomobod shahrida «Zahiriddin Muhammad Bobur: mushtarak sivilizatsiyaviy meros va O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari ko‘prigi» mavzusida tashkil etilgan bo‘ldi.
Konferensiyada Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Pokistondagi «Bobur forumi» rahbari Ramzan Mug‘al hamda tarixchi va boburshunos olimlar hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Diplomatik vakolatxona rahbari o‘z nutqida ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, ma’naviy va sivilizatsiyaviy aloqalar uzoq tarix va chuqur ildizlarga ega ekanini qayd etdi.
– Ushbu mushtarak tarixda Zahiriddin Muhammad Bobur Janubiy Osiyoda ulkan davlatchilikka asos solgani xalqlarimizni birlashtiruvchi muhim tarixiy omil bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston elchisi. – Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam va yaqin do‘stona muloqot natijasida ikki tomonlama munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Aloqalarning bunday darajasida umumiy tarixiy va madaniy merosni o‘rganishning naqadar muhimligi, bu borada yaqindan hamkorlik qilish ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi raisi o‘rinbosari Rustam Mamasoliyev o‘z chiqishida Bobur va uning ilmiy-adabiy merosi butun mintaqa tarixida alohida o‘rin tutishini urg‘uladi.
– O‘zbekistonda Bobur va boburiylar merosini o‘rganish, asrash va targ‘ib qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirilyapti, – dedi u. – Boburiylar merosini chuqur o‘rganishda pokistonlik olimlar va ilmiy muassasalar bilan qo‘shma tadqiqotlar, ilmiy anjumanlar, nashriyot loyihalari va akademik almashinuvlarni kengaytirish juda muhim.
Pokiston Milliy meros va madaniyat vazirining o‘rinbosari Farah Naz Akbar, o‘z navbatida, boburiylarning Pokiston tarixidagi muhim o‘rniga to‘xtaldi.
– Boburiylarning Pokistondagi tarixiy-madaniy merosini asrash va kelajak avlodlarga yetkazishga hukumat darajasida e’tibor qaratilyapti, – dedi Farah Naz Akbar. – Biz O‘zbekiston bilan tarixiy aloqalarimizni yanada mustahkamlash, ilmiy hamkorlik va madaniy almashinuvlarni qo‘llab-quvvatlashga, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni birgalikda o‘rganish va targ‘ib qilishga tayyormiz.
Bobur nomli xalqaro jamoat fondi delegatsiyasi tashrifi davomida Panjob viloyatida joylashgan Boburiylar davriga oid qator tarixiy qadamjolarda o‘rganishlar olib borishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati