Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

10.03.2017 y. Do‘stlik va ahillik taraqqiyot omili

06.03.2017   1888   13 min.
10.03.2017 y. Do‘stlik va ahillik taraqqiyot omili

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Insoniyatga ilk bora Islom nuri kelishi bilanoq xalqlar o‘rtasida ahillik, totuvlik va do‘stlik misli ko‘rilmagan darajada joriy bo‘ldi. Hatto necha yillar bir-birlari bilan adovatda bo‘lgan qabilalar ajralmas sadoqatli do‘stga aylandilar. Bu borada Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida shunday marhamat qildilar: “Mo‘minlar o‘zaro bir-birlariga do‘stlik, ezgulik va mehribonlik ko‘rsatishlarida bir tana bo‘lib, uning bir a’zosi betoblikdan og‘risa, qolgan a’zolari ham bedor va notinch bo‘lgani kabidir”. Darhaqiqat musulmonlar haqiqiy aka-uka  kabi ahil do‘st bo‘lib yashadilar. O‘zida bor narsani bir-birlariga ilinib, yaxshi ko‘rgan narsalarini dindosh do‘stlariga tortiq qildilar. Alloh taolo ularni madh qilib qancha-qancha oyatlar nozil qildi. Shulardan A’rof surasida Alloh taolo shunday degan: Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar” (Tavba, 71).

Alloh taolo bandalarini «uxuvvat»ga, ya’ni barcha mo‘min-musulmonlarning bir-birlariga xayrixohlik, do‘stlik, sevgi, shafqat va yordamga buyurar ekan, bu ne’mat boshqa biron qavm yoki millatga ravo ko‘rilmagan, munosib topilmagan ulug‘ bir ilohiy hadyaga sazovor qildi.  Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyilgan: «Hammangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang hamda o‘zaro adovatda bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni (tutashtirib) oshno qilib qo‘ygan Allohning ne’matini yodda tuting. Uning ne’mati tufayli birodarlarga aylandingiz» (Oli-Imron», 103).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlar: «Ba’zi amallar ibodat shaklida bo‘lmasa ham savobi juda ko‘pdir». Masalan, namoz shakliy ibodat sanaladi: tahorat olib qiblaga yuzlanamiz, «Allohu akbar» deb boshlaymiz, ruku’, sajda qilamiz va evaziga savobga erishamiz. Ammo do‘stlik kabi ma’naviy ibodat ham borki, u zohiran qadrsizday, ahamiyatsizday tuyulsa ham, aslida u dinda muazzam bir savob, muazzam bir ibodatdir» (Abu Homid  G‘azzoliy, «Ihyoi ulumid-din»).

Islom tarixida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vacsallam sahobalari bilan Madinaga hijrat qilganlarida ansorlarning muhojirlar bilan do‘stlik va birodarliklari tillarda doston bo‘lib ketgan. Ansorlar o‘zida borini muhojir dindoshlari bilan baham ko‘rgan. Hatto o‘zlari och qolsalar ham mehmonlarga bor taomini berib yuborganlar.

Islom dinida millatlar aro do‘stlik ham ibratlanarli darajada o‘z aksini topgan. Habashistonlik Bilol, Salmon Forsiy kabi sahobiylarning Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning qoshida, barcha musulmonlarning nazdida qanchalik  hurmat e’tibori yuqori bo‘lganligi ham fikrimizning yorqin dalilidir.  

Pag‘ambarimiz do‘stlik haqida quyidagi hadislarni marhamat qilganlar.  Imonning eng mustahkam dastasi – Alloh yo‘lida do‘stlashish va Alloh yo‘lida dushmanlashish, Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rish va Alloh yo‘lida yomon ko‘rishdir. Islomdan keyingi eng yaxshi ne’mat yaxshi do‘stdir. Agar birortangiz birodaridan do‘stlikni sezsa, uni mahkam tutsin. Agar toat ibodatinga yordam beradigan do‘sting bo‘lsa, uning qo‘lini mahkam tut, chunki do‘stni tutib turish qiyin,  undan ajralish esa osondir. Do‘stlarning sifatlaridan biri – ular o‘zlaridan do‘stlarini ustun qo‘yishlaridir”.

Muhtaram jamoat! Sodiq do‘stning misoli daraxt kabidir. Agar soyasida o‘tirsang, seni soyasiga oladi. Agar uning mevasini yesang, seni to‘yg‘azadi. Agarchi u senga foyda bermasa ham, zarar ham bermaydi. Sovetlarning uzoq yillik istibdodi musulmonlarimizni ana shu ilohiy ne’matdan yiroqlashtirib, hattoki uzib yubordi. Bir-birlariga gij-gijladi, fitna va nifoqni urchitdi. Oqibati ayanchli, alamli bo‘ldi: do‘stlik haqidagi mezonlar buzildi, qarashlar o‘zgardi, tushunchalar boshqacha bo‘ldi. Endi bir dindagi, bir aqidadagi, bir millatning farzandlari bir-biriga g‘anim, yov. Bir-biriga nafrati, g‘azabi, hasadi qaynab-toshgan. «Kim biz bilan bo‘lmasa, u dushmanimizdir» degan qoida ustuvor. Ular yurtini vayron, dinini poymol, erkini payxon qilgan asl dushmanlarini ham shunchalik yomon ko‘rishmaydi. 

Ba’zi birlar betavfiq va fosiq kimsalarning hurmatini joyiga qo‘yadiyu, ammo bir mo‘min-musulmon do‘sti bilib-bilmay namozini sal boshqacharoq o‘qib qo‘ysa, ola qarash, qora qarashni boshlaydi. Hatto masjiddan quvib solishga tayyor. Boshqasi atrofdagi behayolarcha, shir yalang‘och yurganlar bilan ishi yo‘q, ammo bir musulmon masjidga boshyalang kirib qolsa, eng ulkan g‘animiga duch kelganday g‘azabi qo‘ziydi. Ayrimlar quvurga tiqilib qolgan mushukni qutqarish haqida jon-jahdi bilan qayg‘uradi, lekin dunyoning qaysidir burchagida musulmonlar qoni begunoh to‘kilayotgani bilan ishi yo‘q. Ba’zilarimiz bir g‘ayridinga yoki dinsiz kishiga yordam ko‘rsatishga, ehson qilishga tayyormiz, ammo yonginamizdagi musulmon qo‘shni, mo‘min qarindoshning nochor ahvolidan «bexabar»miz. Hatto ko‘mak so‘rab kelsa ensasimiz qotadi, burnimizni jiyiramiz.  

Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom butunlay boshqacha ta’limni berganlar. Musulmonlarning bir-birlariga do‘st, birodar, ko‘makdosh bo‘lishlari  zarurligini bundan o‘n besh asr muqaddam e’lon etib, Islom ummatini o‘zaro birodarlikka, qardoshlikka, hamkorlikka chaqirganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Musulmon musulmon kishining birodaridir. Unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmanga ham topshirib qo‘ymaydi. Kim birodarining hojatida bo‘lsa, Alloh ham uning hojatida bo‘ladi. Kim musulmondan g‘am-tashvishni ketkazsa, Alloh taolo uni qiyomat g‘am-tashvishlaridan xalos etadi. Kim musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning ham aybini berkitadi». (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Allohning bandalari, birodar bo‘linglar. Musulmon musulmon bilan aka-ukadir. Unga zulm qilmaydi, haqir sanamaydi va xo‘rlamaydi. Taqvo bu yerda deb qalblariga uch marta ishora qildilar. Yana: «Musulmon birodarini haqir sanamog‘i uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonning boshqa bir musulmon qoni, moli va obro‘siga tajovuz qilmog‘i haromdir», dedilar. (Imom Muslim rivoyati)

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil mo‘min bo‘la olmaydi», deganlar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari). Bunday mazmundagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Islom dinining talabi shunday ekan, unda nega bizlar do‘stlik va qardoshlikdan bunchalik uzoqlashib ketyapmiz? Bir-birimiz bilan do‘stlashish, aka-uka tutinish, qon-qardoshlik rishtalarini bog‘lash o‘rniga g‘anim fitnasiga uchib yoki arzimas manfaatlar uchun o‘zaro nizoga boramiz. Eng dahshatlisi, bir-birimizni jisman yoki ruhan mahv etishgacha boramiz? Vaholanki, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: «Bir-birlaringizga birodar bo‘lmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar, mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatga kira olmaysizlar», deb ta’lim berganlar-ku! (Imom Muslim rivoyati).

Hurmatli namozxonlar! Hozirgi kunda ba’zi bir holatlarda do‘stlik unut bo‘lib borayotganligining asosiy sababi bilimsizlik, johillik, din dushmanlarining oramizga nifoq, ixtilof, parokandalik solish uchun tinmay uyushtirayotgan fitna-nayranglariga e’tiborsizlikdan. Bizlar namoz o‘qiyapmiz, ro‘za tutyapmiz, Makkaga borib-kelyapmiz, ammo Islomning asl mohiyatiga kirib bormayapmiz, dinimizning sof talablarini tushuna olmayapmiz. Bir birodarimizning harakatida sal nuqson-kamchilik ko‘rsak, darrov u bilan gaplashishni ham yig‘ishtirib qo‘yamiz. Bizning fikrimizdan boshqacha fikrdami, bir zumda uni dushmanga chiqaramiz. Ba’zi birlar mo‘min birodarining kichkina xatosidan fil yasab, darrov uni dindan chiqqanlikda ayblay boshlaydi. Ayblovlari shunchalik beo‘xshovki, raqibining sha’ni, jamiyatdagi obro‘si, izzat-nafsi, oilaviy sirlarini ham ayab o‘tirmaydi.

Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalariga bo‘ysungan  har bir musulmon o‘z dindoshlarini do‘st tutadi, ularga hamisha yordamga oshiqadi, hurmat-ehtirom ko‘rsatadi, shariat talablariga ko‘ra munosabatda bo‘ladi. Islomda do‘stlashish, do‘st topish va uni mustahkamlashga targ‘ib va tashviq juda ko‘p. Yangi do‘st orttiring, mo‘minlar bilan birodarlashing, ziyofat qilib chorlang, hadyalar bering, kasalligida ziyorat qiling, muhtojligida yordam ko‘rsating, degan da’vatlar mavjud. Bilingki, «Yangi bir odam bilan do‘st bo‘lgan musulmonning darajasini Alloh jannatda  bir daraja  yuqori ko‘taradi», deb marhamat etilgan. 

Alloh taolo aytadi: «Bas, Allohdan qo‘rqingiz va oralaringizni tuzatingiz! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Alloh va (Uning) rasuliga itoat etingiz!» (Anfol, 1). Ana shu ilohiy amrlardan chekinib, do‘stlik va birodarlikka hiyonat qiluvchi kimsalarga esa Alloh taolo qattiq jazoni va’da qiladi: «Hujjatlar kelgandan keyin ham bo‘linib, o‘zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o‘xshamangiz! Ana o‘shalarga ulkan azob bordir». (Oli-Imron, 105).

Islom ummati birdamlik, o‘zaro tinch-totuv, do‘stlik, hamkorlik ruhi asosida yashashi, barcha bilan o‘zaro munosabatlarda o‘rnak bo‘lishi lozim, degan hadisi shariflariga muvofiq ish tutsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Zero, Rasuli akram (s.a.v.) ta’kidlab aytganlarki:

"يد الله على الجماعة"

 (الامام الفترمذي)

ya’ni: “Allohning “qo‘li”, ya’ni rizosi va nusrati jamoat uzra bo‘lur”. Bu deganlari ko‘pchilikdan ajralib Allohning qahriga uchramaslik uchun qilgan vasiyatlaridir. Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Muhtaram jamoat! Islom shariati va uning barhayot ta’limotlari inson hayotining barcha tomonlarini to‘la qamrab olganligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Hurmatli jamoat! Janob Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z ummatlarini obodonlashtirishga, bog‘-rog‘ yaratishga ko‘p bor targ‘ib etganlar. Bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar:

" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ "

(رواه البخاري و مسلم)

ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur”.

Daraxt va ekin ekish, bu – Yer yuzini eng obod qiluvchi kasblardan sanaladi. Islom dini dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor beradi va targ‘ib qiladi. Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi”, dedi”. Bayhaqiy va Tabaroniylar rivoyat qilgan. (Allohga lozim bo‘ldi degani – mazkur bandaga Allohning fazl-karami bo‘ldi deganidir)

Ushbu hadisda zikr qilingan Alloh taoloning va’dasiga yetishish uchun ko‘kalamlashtirish yo‘lida qilayotgan ishlarini ibodat deb qilishlari lozimdir. Halol pokiza bo‘lsa, halol pokiza yo‘llar bilan mehnat qilsa, inshoalloh, ziroatiga baraka kirib, albatta mo‘l-ko‘l hosilga ega bo‘ladi.

Sahobalardan bir qanchalari dehqonchilik bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhu sahobalar ichida zohidlardan biri bo‘lsada, dehqonchilik qilar edi. Sa’d ibn Abu vaqqos roziyallohu anhu dehqonchilikdan mo‘l hosil olish uchun o‘z yeriga o‘g‘itlar bilan ishlov berar edi.

Muhtaram  namozxonlar! Dehqonchilik eng sharafli kasblardan biri ekani haqida hadisi sharifda shunday deyilgan:

عَن رَافِعِ بْنِ خَدِيجٍ ، رَضِيَ الله عَنْهُ قَالَ

قِيلَ يَا رَسُولَ اللَّهِ أَيُّ الْكَسْبِ أَطْيَبُ؟ قَالَ: عَمَلُ الرَّجُلِ بِيَدِهِ وَكُلُّ بَيْعٍ مَبْرُورٍ

 (رَوَاهُ أَحْمَدُ)

Ya’ni, Rofi’ ibn Xadij roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Ey Allohning rasuli, qaysi kasb afzal?” ,deyildi. Shunda U zot: Kishining o‘z qo‘l mehnati bilan qilgan ishi va har bir halol savdo dedilar”. Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan. 

Ushbu hadisda qo‘l mehnati tijorat-savdodan oldin zikr qilingani, uning eng afzal kasblardan ekaniga dalolat qiladi.

Demak, har bir musulmon kishisi toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari oxirat ko‘prigi bo‘lgan va o‘zi yashab turgan dunyosining obodligi yo‘lida ham sa’y-harakat qilishi lozim. Xususan, yurtimizni obod qilish, ko‘chat ekish, elning rizq-ro‘zining manbai sanalmish ziroat-dehqonchilik sohasiga alohida e’tibor qaratishi zarur ekan.

Alloh taolo barchalarimizga dunyo va oxiratimizning obod aylab, qo‘ni-qo‘shnilar bilan samimona aloqalarimiz yanada mustahkam bo‘lib borishini Yaratgandan so‘raymiz! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

“Odamlarni afv etadiganlar...”

16.07.2025   5327   4 min.
“Odamlarni afv etadiganlar...”

Abdurrazzoq San’oniy aytadi: Ali ibn Husayn roziyallohu anhum namoz uchun tahorat qilayotgan edi. Shu payt suv quyib turgan joriya qo‘lidan obdasta tushib ketib, uning yuziga ozgina shikast yetkazdi. Ali ibn Husayn boshini ko‘tarib, joriyaga qaradi. Joriya vaziyatni yumshatish maqsadida Qur’oni karim oyatlaridan o‘qidi: “... G‘azablarini yutadigan... (Oli Imron surasi, 134-oyat). Ali ibn Husayn roziyallohu anhum jimgina javob berdi: “G‘azabimni bosdim”.

Joriya oyatning davomini o‘qidi: ...odamlar-ni (xato va kamchiliklarini) afv etadiganlardir....

U kishi dedi: “Men seni afv etdim”.

Joriya oyatning oxirini o‘qidi: Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum dedi: “Bor, sen Allox yo‘lida ozodsan”.

Abdulloh ibn Ato aytadi: “Ali ibn Husaynning bir g‘ulomi (quli) xatoga yo‘l qo‘ydi va jazoga loyiq bo‘ldi. Ali ibn Husayn qamchini oldi. So‘ng u zot bunday oyatni o‘qidi: (Ey Muhammad!) Imon keltirgan kishilarga ayting, ular Alloh kunlari (qiyomat)dan umid qilmaydigan kimsalarni kechirib yuboraversinlar! Shunda (u sabrli) kishilarni qilgan ishlari (kechirishlari) sababli mukofotlagay! (Josiya surasi, 14-oyat).

Qul esa dedi: “Men bunday emasman, men Allohning rahmatidan umidvorman va uning azobidan qo‘rqaman”.

Ali ibn Husayn roziyallohu anhum qamchini tashlab yubordi va dedi: “Sen Alloh yo‘lida ozodsan”.

Muso ibn Dovud aytadi: Ali ibn Husayn xizmatkorini ikki marta chakirdi, u javob bermadi. Uchinchi marta chaqirgach javob qildi. Ali ibn Husayn unga dedi: “Ey o‘g‘lim, ovozimni eshitmadingmi?”.

Xizmatkor: “Eshitdim”, dedi.

Ali ibn Husayn so‘radi: “Nega javob bermading?”.

Xizmatkor: “Sizning shafqatingizga ishondim”, dedi.

Abdulg‘ofir ibn Qosim aytadi: Ali ibn Husayn masjiddan chiqib ketayotgan edi. Bir odam kelib uni haqorat qildi. Shunda Alining xizmatkor va qullari unga tashlanishdi.

Ali ibn Husayn ularni to‘xtatdi va bunday dedi: “Bas qilinglar, uning holatiga qaranglar”.

So‘ngra o‘sha odamga dedi: “Bizda siz bilmagan yana ko‘p narsalar bor. Agar sizga yordam kerak bo‘lsa, ayting, yordam beraylik”. O‘sha odam xatosini anglab, uyaldi va ortiga qaytdi.

Ali ibn Husayn uni yoniga chaqirib, o‘zi kiyib turgan chakmonini yelkasiga tashladi va ming dirham pul berdirdi.

Abu Ya’qub Muzaniy deydi: Hasan ibn Hasan bilan Ali ibn Husayn o‘rtasida bir oz noxushlik bo‘lib qoldi. Hasan bir kuni masjidda Ali ibn Husaynning yoniga keldi, uni turli so‘zlar bilan haqorat qildi. Ali ibn Husayn esa unga bir og‘iz ham javob qaytarmadi.

So‘ngra Hasan chiqib ketdi. Kechasi u alining uyiga bordi va eshigini qoqdi. Ali ibn Husayn eshikni ochib chiqdi. Hasan unga:

- Ey aka, agar siz haqiqatan ham men aytganlarimdek bo‘lsangiz, Alloh meni mag‘firat qilsin. Agar men yolg‘onchi bo‘lsam, Allox sizni mag‘firat qilsin, dedi va ketdi.

Ali ibn Husayn ortidan borib, yetib oldi va uni og‘ushiga oldi. Ikkovi yig‘lab yuborishdi. Shunda Hasan:

- Qasamki, endi siz xafa bo‘ladigan biron ish qilmayman, - dedi.

Ali esa unga: - Sen ham menga aytgan so‘zla ring uchun halollikdasan,- dedi.

Ibn Abi Dunyo rivoyat qiladi: Ali ibn Husaynning xizmatkori shoshgan holda oshxonadan temir pechni olib kelayotgan edi. Kutilmaganda temir pech tushib ketdi ketdi va narigi tomondan pastga tushib kelayotgan Ali ibn Husayn o‘g‘lining boshiga tegib, jarohat yetkazdi. Oqibatda u halok bo‘ldi. Mehmonlar bilan suhbatlashib o‘tirgan Ali ibn Husayn o‘rnidan sakrab turib, xizmatkorga dedi: “Sen ozodsan. Bu ishni qasddan qilmaganingni bilaman”. So‘ngra Ali ibn Husayn mayyitni dafn etish tadorigini ko‘rdi.

Shayx Mahmud MISRIYning “Solih va solihalar hayotlaridan qissalar”
nomli asaridan Ilyosxon AHMЕDOV tarjimasi.