Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyul, 2025   |   25 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:07
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:26
Bismillah
20 Iyul, 2025, 25 Muharram, 1447

Juvayriyya binti Horis

06.03.2017   8745   3 min.
Juvayriyya binti Horis

Juvayriyya roziyallohu anhoning otasining ismi: Horis ibn Abu Ziror ibn Habib ibn Oiz ibn Molik ibn Mustalaqdir.

Juvayriyya roziyallohu anho hijratdan o‘n besh yil oldin (melodiy olti yuz sakkizinchi yili) tug‘ildilar.

Juvayriya roziyallohu anho Masofe’ ibn Safvoning bevasi edi. Uning eri Masofe’ Islomga va mo‘minlarga nisbatan eng ashaddiy dushman edi.

U Muraysi’ jangida o‘ldirildi va ortida xotini beva qolib, musulmonlarga asir tushdi. U vaqtda asir tushgan xotinlar yo cho‘ri sifatida sotilar yoki hizmatkor qilib olinar edi. Ular aslo ozod, hur xotinlar bilan tenglasha olmas edilar. Ular ozodlik kabi ulug‘ ne’matdan mahrum edilar, faqatgina shartnoma asosida pul topib yoki egalari ularni pul evaziga sotib ozod qilishlari mumkin edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu kabi asira ayollarga ehtirom qilishni iroda etib, ular bilan hur, ozod xotinlarni tenglashtirdilar. Va shu tariqa Islomning oliyjanob, barakali va xayrli, insonlar orasida adolat qilguvchi din ekanini amaliy tasdiqladilar.

Rivoyat qilinishicha, Juvayriya roziyallohu anhoning otasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Mening qizimga o‘xshaganlar asira bo‘lmasligi kerak, uni ozod qilsangiz”, dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom unga: “Juvayriyaning o‘zidan so‘rang, nimani ixtiyor etsa, shu bo‘lur”, dedilar. Otasi xursand bo‘lib, Juvayriya roziyallohu anhoning fikrini so‘raganida, ayol Alloh va uning Rasulini ixtiyor etganligini bildirdi. Juvayriyya roziyallohu anho hijratni beshinchi yili islomni qabul qildilar. Shundan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Bani Mustalaq qabilasi sardorinint qizi Juvayriya roziyallohu anhoga hijratni beshinchi yili uylandilar.

Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu ravishlariga amaliy ergashdilar. Zero, ular sevimli payg‘ambarlari qilgan biron ishni tark qilishmas, u kishining barcha ishlarini bajarishar va barcha sunnatlariga paydar-pay ergashib borar edilar.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Juvayriya roziyallohu anhoga uylanganlaridan so‘ng musulmonlar tushundilarki, bu Zoti sharif endi Bani Mustalaq qabilasiga kuyov bo‘ldilar. Shu voqeaning hurmati yuzasidan qo‘llaridagi Bani Mustalaq qabilasidan asir tushgan barcha ayollarni ozod qildilar.

Bani Mustalaq qabilasi bu oliyjanoblik va avfu marhamatni ko‘rgach, barchasi Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirishib, Islomni qabul qildilar. Shu tariqa Juvayriya roziyallohu anho o‘z qavmiga eng ko‘p xayr va baraka keltirgan ayollardan bo‘lib qoldi.

Juvayriya roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislarni rivoyat qiganlar. U kishining hadislari sahih kitoblardan o‘rin olgan.

Rivoyat qilinishicha, Juvayriya roziyallohu anho mo‘minlarning onalari — Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ayollari ichida eng ko‘p ibodat qiladiganlardan edi.

Juvayriyya roziyallohu anho hijratning ellik oltinchi (melodiy olti yuz yetmish oltinchi) sanasida oltmish besh yoshlarida Madinai munavvarada vafot  etdilar. Janozalarini Marvon ibn Hakam roziyallohu anhu o‘qidi. Baqiy qabiristoniga dafn qilindilar.

Manbalar asosida

Tojiddinov Abdussomad

 Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

14.07.2025   5723   2 min.
“Umra – 2025/2026” mavsumi uchun nimcha va sumka tayyorlash bo‘yicha tanlov e’lon qilinadi

I. Tanlovda qatnashish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
 

  1. Tanlovda ishtirok etish bo‘yicha xat;
  2. Korxona guvohnomasi va rahbarining pasport nusxasi;
  3. Bankdan K-2 shaklidagi ma’lumotnoma;
  4. Erkak va ayollar uchun bittadan nimcha namunasi;
  5. Tijorat taklifi;
  6. Korxonaning so‘nggi bir yilda bankdagi pul mablag‘lari aylanmasi haqida ma’lumot;
  7. Bog‘lanish uchun telefon raqam.

 

Amaldagi qonunchilikka muvofiq zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha hujjatlar talab etilishi mumkin.

 

II. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar nimchasi) uchun qo‘yilgan talablar:

 

  1. Nimcha 50, 52, 54, 56 va 58 o‘lchamlarda tikilishi;
  2. Nimchalarning oldi tugmali bo‘lishi;
  3. Nimchaning orqa tomoni tepasida O‘zbekiston bayrog‘i tushirilgan bo‘lishi;
  4. Nimchaning orqa tomoni (bayroq tepasida) qismida lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Bir dona nimcha og‘irligi 190-220 gramm zichlikda bo‘lishi;
  6. Nimchalar moviy (och ko‘k) rangda bo‘lishi;
  7. Ikki yonida cho‘ntak bo‘lishi;
  8. Old yuqori chap cho‘ntak ustida O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi “Haj” va “Umra” markazining logotipi bo‘lishi.

 

 III. Mahsulotlar (erkaklar va ayollar sumkasi) uchun qo‘yilgan talablar:

  1. Yorqin rangda bo‘lishi;
  2. Sumkaning og‘irligi 250-280 gramm zichlikdagi matodan bo‘lishi;
  3. Yon tomonda suv idish uchun cho‘ntak bo‘lishi;
  4. Oldi tomondan O‘zbekiston bayrog‘i va lotin harflarida “UZBEKISTAN” yozuvi bo‘lishi;
  5. Oldi tomonda shaxsiy ma’lumotlar uchun shaffof cho‘ntak bo‘lishi. 

 

Tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan korxona va tashkilotlar 2025 yil 1 avgust kuniga qadar yuqoridagi talablar asosida hujjatlarni O‘zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etishlari mumkin.

Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy. Telefon: 71-240-04-75, 98-140-04-75

O'zbekiston yangiliklari