Juvayriyya roziyallohu anhoning otasining ismi: Horis ibn Abu Ziror ibn Habib ibn Oiz ibn Molik ibn Mustalaqdir.
Juvayriyya roziyallohu anho hijratdan o‘n besh yil oldin (melodiy olti yuz sakkizinchi yili) tug‘ildilar.
Juvayriya roziyallohu anho Masofe’ ibn Safvoning bevasi edi. Uning eri Masofe’ Islomga va mo‘minlarga nisbatan eng ashaddiy dushman edi.
U Muraysi’ jangida o‘ldirildi va ortida xotini beva qolib, musulmonlarga asir tushdi. U vaqtda asir tushgan xotinlar yo cho‘ri sifatida sotilar yoki hizmatkor qilib olinar edi. Ular aslo ozod, hur xotinlar bilan tenglasha olmas edilar. Ular ozodlik kabi ulug‘ ne’matdan mahrum edilar, faqatgina shartnoma asosida pul topib yoki egalari ularni pul evaziga sotib ozod qilishlari mumkin edi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu kabi asira ayollarga ehtirom qilishni iroda etib, ular bilan hur, ozod xotinlarni tenglashtirdilar. Va shu tariqa Islomning oliyjanob, barakali va xayrli, insonlar orasida adolat qilguvchi din ekanini amaliy tasdiqladilar.
Rivoyat qilinishicha, Juvayriya roziyallohu anhoning otasi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Mening qizimga o‘xshaganlar asira bo‘lmasligi kerak, uni ozod qilsangiz”, dedi. Shunda Payg‘ambar alayhissalom unga: “Juvayriyaning o‘zidan so‘rang, nimani ixtiyor etsa, shu bo‘lur”, dedilar. Otasi xursand bo‘lib, Juvayriya roziyallohu anhoning fikrini so‘raganida, ayol Alloh va uning Rasulini ixtiyor etganligini bildirdi. Juvayriyya roziyallohu anho hijratni beshinchi yili islomni qabul qildilar. Shundan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Bani Mustalaq qabilasi sardorinint qizi Juvayriya roziyallohu anhoga hijratni beshinchi yili uylandilar.
Darhaqiqat, sahobalar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning bu ravishlariga amaliy ergashdilar. Zero, ular sevimli payg‘ambarlari qilgan biron ishni tark qilishmas, u kishining barcha ishlarini bajarishar va barcha sunnatlariga paydar-pay ergashib borar edilar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Juvayriya roziyallohu anhoga uylanganlaridan so‘ng musulmonlar tushundilarki, bu Zoti sharif endi Bani Mustalaq qabilasiga kuyov bo‘ldilar. Shu voqeaning hurmati yuzasidan qo‘llaridagi Bani Mustalaq qabilasidan asir tushgan barcha ayollarni ozod qildilar.
Bani Mustalaq qabilasi bu oliyjanoblik va avfu marhamatni ko‘rgach, barchasi Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirishib, Islomni qabul qildilar. Shu tariqa Juvayriya roziyallohu anho o‘z qavmiga eng ko‘p xayr va baraka keltirgan ayollardan bo‘lib qoldi.
Juvayriya roziyallohu anho onamiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislarni rivoyat qiganlar. U kishining hadislari sahih kitoblardan o‘rin olgan.
Rivoyat qilinishicha, Juvayriya roziyallohu anho mo‘minlarning onalari — Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ayollari ichida eng ko‘p ibodat qiladiganlardan edi.
Juvayriyya roziyallohu anho hijratning ellik oltinchi (melodiy olti yuz yetmish oltinchi) sanasida oltmish besh yoshlarida Madinai munavvarada vafot etdilar. Janozalarini Marvon ibn Hakam roziyallohu anhu o‘qidi. Baqiy qabiristoniga dafn qilindilar.
Manbalar asosida
Tojiddinov Abdussomad
Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati