Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Sunnat namozlarining fazilati

02.03.2017   16697   3 min.
Sunnat namozlarining fazilati

Mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim o‘n ikki rakat sunnat nomozlarni bardavom o‘qib yursa, Alloh unga jannatda bir uy bino qiladi. Peshindan oldin to‘rt rakat, peshindan keyin ikki rakat, shomdan keyin ikki rakat, huftondan keyin ikki rakat, bomdoddan oldin ikki rakat”. Imom Termiziy rivoyat kilib, bu bobda Ummu Habiba, Abu Hurayra, Abu Muso va ibn Umar roziyallohu anhumlardan ham hadis rivoyat qilingan deganlar. So‘ngra Ummu Habiba roziyallohu anhoning ham hadislarini keltirib, uni sahih deganlar. Imom Muslim ham Ummu Habiba roziyallohu anhodan ushbu hadisni rivoyat qilgan va hadisning oxirida Ummu Habiba onamizning: “Shundan buyon ularni doim o‘qiyman” deganlarini rivoyat qilgan. Ko‘rinib turibdiki, nafl ibodatlarni, xususan farzlardan oldinga va keyingi sunnat namozlarning fazilati juda ulug‘.  Shuning uchun imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhining mazhablarida nafl namozlariga alohada ahamiyat qaratilgan. Chunki namoz bandaning qiyomatda najot topishga asosiy omili. Shunday ekan uni o‘z vaqtida va mukammal ado etish farzdir. Mobodo vaqtida o‘qiy olmasa qazosini o‘qish lozim bo‘ladi. Ammo bir inson qazosini ham o‘qiy olmay vafot etsa, Alloh taoloning fazli ila ado qilinmagan farzlarning o‘rnini nafllar bilan to‘ldiriladi. Imom Nasoiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Bandaning qiyomatda birinchi hisob qilinadigan amali namozidir. Agar to‘la bo‘lsa, to‘liq deb yoziladi. Agar unda kamchiligi bo‘lsa: Qaranglarchi, zoya qilgan(o‘tkazib yuborgan) farzlarini to‘ldiradigan nafllarini topasizmi deydi. So‘ngra boshqa amallar ham shunga ko‘ra bo‘ladi”. Deganlar. Mazhabboshimiz tutgan, ajdodlarimiz asrlar davomida unga og‘ishmay amal qilib kelayotgan yo‘l naqadar go‘zal! Tasavvur qilib ko‘ring, ellik yildan buyon namoz o‘qiyotgan insonning uni to‘ldiradigan yana ellik yillik nafl ibodati bor. Ammo afsuski bugun ba’zi yoshlarimizni sunnat namozlariga beparvo qarashayotganini ko‘ramiz. Bunga go‘yoki ishlari ko‘pligini bahona qiladilar. Ammo ko‘chada do‘sti bilan soatlab gaplashishga vaqti bor. Vaholangki to‘rt rakatli namozga bor-yo‘g‘i besh daqiqa kifoya. Ushbu maqolani yozish asnosida bir yigit kelib internetdan Oisha onamizdan rivoyat qilingan yuqoridagi hadisni o‘qiganini aytib, haqiqatdan ham shunday hadis bor-yo‘qligini, agar bor bo‘lsa, mazkur o‘n ikki rakat namozni o‘qilish tartibi haqida so‘radi.

Bugun biz uchun odatga aylangan sunnat namozlari, ayni o‘sha hadisda fazilati zikr qilingan nafl ibodatlardir. Ularni bardavom o‘qib yurgan insonga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jannatda uy va’da qilmoqdalar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislarini yaxshi bilgan, sunnatga muvofiq hayotlari bilan butun dunyoga ustoz bo‘lgan ajdodlarimiz bunga avvalo o‘zlari qattiq amal qilishgan, qolaversa bizga ham buni ta’lim berib ketishgan. Balki fazilatlarini bilmagandirmiz, ammo namoz o‘qishni o‘rgangan ilk chog‘larimizdanoq farz namozlari bilan birga mazkur sunnatlarni ham qo‘shib o‘qishni ustozlarimizdan ta’lim olganganmiz. Yoshlarimiz ham ilmda, taqvoda dunyoga ustoz bo‘lgan ajdodlarimizning yo‘llaridan yurib, ularga munosib farzand bo‘lishga intilsalar, albatta ikki dunyo saodatiga yetishamiz. 

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi,

“Novza” jome’ masjidi noibi imomi A. Sobirov.

Boshqa maqolalar

Majburlab erga berish durustmi?

11.07.2025   1517   1 min.
Majburlab erga berish durustmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.

Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.

Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.

O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.

Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib: 


لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.