Zaynab roziyallohu anho hijratdan yigirma sakkiz yil oldin (melodiy besh yuz to‘qson oltinchi yili) tug‘ilganlar.
Otalari: Xuzayma ibn Horis ibn Abdulloh ibn A’mr ibn Abdumanof ibn Hiloldir.
Onalari: Hind binti A’vf ibn Zuhayr ibn Hammatoh ibn Jurshdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Hafsa binti Umar ibn Xattob roziyallohu anhoga uylanganlaridan so‘ng Zaynab roziyallohu anhoga hijratni uchinchi yili Ramazon oyida uylandilar. Zaynab onamiz mo‘mina, taqvodor, soliha, har qanday og‘ir sharoitlarda sabr qiluvchi ayol edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ayolning sabru matonatini eshitib hamda eri vafot etganidan so‘ng uni o‘z qaramog‘iga oluvchi, uni himoya qilib, ko‘mak beruvchi birorta kishi qolmaganidan xabardor bo‘lib, unga ulug‘ marhamat ko‘rsatdilar. Ayolning chin musulmonligi, Islom yo‘lidagi harakati, sabr-matonati va din yo‘lida unga yetgan musibatlari evaziga Zaynab roziyallohu anhoga yaxshilik iroda etdilar va unga sovchi bo‘ldilar. Shu tariqa homiysi va qarovchisidan ayrilgan beva ayolning musibatlarini yengillatish maqsadida uni o‘z qaramog‘lariga oldilar. Zaynab roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan bir yilgina umr kechirdilar.
Hijratning to‘rtinchi (melodiy olti yuz yigirma oltinchi) yili Madinai munavvarada vafot etib, Baqe’ qabiristoniga dafn qilindilar.
Manbalar asosida
Tojiddinov Abdussomad
Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati