Ruqayya (roziyallohu anho) Zaynab (roziyallohu anho) dan keyin dunyoga keldi. U ham ota-onasining ko‘z qorachig‘i edi. Ruqayya (roziyallohu anho) va Ummu Gulsum (roziyallohu anho) ikkovlari xuddi egizaklardek o‘sdilar. Bir-birlarini juda sevardilar. Bu sevgi va mehr opalari Zaynab uzatilganidan so‘ng yanada kuchaydi. Go‘yo taqdir ularning hayotini mushtarak bir yo‘lga chizgandek bir-birlariga qattiq bog‘lanib qolgan edilar.
Zaynab (roziyallohu anho) Abul Os ibn Robi’ bilan turmush qurganidan so‘ng Ruqayya (roziyallohu anho) va Ummu Gulsum (roziyallohu anho) ning ham bo‘ylari yetib qoldi. Abu Tolib ularni birodari Abu Lahabning o‘g‘illari Utba va Utaybaga so‘rab keldi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga shunday javob berdilar: “Ey amaki, qarindoshchilikni siylayman, biroq menga biroz muhlat bering. Bu masala yuzasidan qizlarim bilan gaplashay”.
Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) bu gaplarni eshitib o‘yga cho‘mdilar. Chunki Abu Lahabning xotini Ummu Jamil qahri qattiq, tili achchiq va o‘ylamay ish qiladigan xotin ekanini bilar edilar. Shuning uchun qizlarining bu xonadonga kelin bo‘lishlarini xohlamay turardilar. Biroq fikrlarini qaytarmaslik uchun indamadilar. Qizlari ham buni his qilib jim o‘tirardilar. Shunday tarzda, qatiy qaror qabul qilindi. Shafqatli ota qizlariga barakot tiladi. Ularni aziz va jamil bo‘lgan Allohning panohiga topshirdi.
Makka osmonida bir nur ko‘rindi. Butun Makkani oydinlatib, qorong‘ulikni tarqatib yubordi. Bu nur Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ning payg‘ambarlik nuri edi.
Qurayshiylar Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) xususida aniq bir to‘xtamga kelish uchun to‘plandilar. Oralaridan biri: “Siz Muhammadning ishiga halaqit bermoqchimisiz? U holda qizlarini qaytarib yuboringlar, u qizlari bilan ovora bo‘lib qoladi”, dedi.
Abu Lahab Hazrati Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ning qizlari bilan oila qurgan o‘g‘illariga: “Agar Muhammadning qizlarini qo‘ymasangiz, boshim boshingizga harom bo‘lsin”, dedi.
Ikki qiz ham otalik uylariga qaytib keldilar.
Ummu Jamil va Abu Lahab bu ishlari bilan cheklanib qolmadi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ga doimiy ravishda aziyat yetkazaverdilar.
“Abu Lahabning qo‘llari qurigan — halok bo‘lgay! (Aniqki,) u quridi — halok bo‘ldi! Mol-mulki va kasb qilib topgan narsalari unga asqotgani yo‘q! Yaqinda uning o‘zi ham, uning o‘tin orqalagan, bo‘ynida pishiq toladan (eshilgan) arqon bo‘lgan xotini ham (lovullab turgan) alangali do‘zaxga kirajak!” (Masad surasi).
Ruqayya (roziyallohu anho) va Ummu Gulsum (roziyallohu anho) uylaridagi muhit o‘zgarib qolganini sezdilar. Uyda xursandchilikdan asar ham qolmaganday, g‘am-qayg‘u butkul hukmrondek ko‘rinar edi. Biroq opa-singil ota-onalari bilan birga bu qiyinchiliklarga bardosh berdilar.
Qurayshiylarning taxmini bekor bo‘ldi, sevinchlari uzoqqa bormadi. Ular o‘ylaganidek, qizlarining uyga qaytib kelishi bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buyuk vazifalarini ado etishdan to‘xtab qolmadilar. Alloh taolo solih, asl bir oilaga mansub, boy va yumshoq tabiatli kuyov berdi. Bu kishi Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) nasab, mavqe va boylikda Qurayshning eng oldi kishilaridan edi.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Ruqayya (roziyallohu anho) ni Usmon (roziyallohu anho) ga nikohladilar va ularga barakot tilab, Alloh taologa duo qildilar.
Quraysh mushriklarining musulmonlarga aziyatlari yanada ortdi. Ularga juda yomon munosabatda bo‘la boshladilar. Shuning uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitnaga duchor bo‘lishmasin deb sahobalarning Habashistonga hijrat qilishlariga izn berdilar.
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) bilan zavjasi Ruqayya (roziyallohu anho) ham yo‘l hozirligini ko‘ra boshladilar. Ruqayya (roziyallohu anho) ning ko‘zlari yosh, kalbi g‘am-alam bilan to‘la edi.
Usmon (roziyallohu anhu) ham juda xafa edilar. Sabrli mo‘mina Ruqayya (roziyallohu anho) unga yuzlanib, taskin berish uchun: “Alloh taolo biz bilan va Shu muborak Baytning atrofidagi tuprog‘imizda qolayotgan kishilar bilan birgadir”, dedi.
Hazrati Usmoning (roziyallohu anhu) kayg‘usi tarqaldi. Habashiston tomon yo‘lga tushdilar.
Muhojirlar ko‘p ikromlarga noil bo‘lib, Najoshiy himoyasida yashadilar. Ularga istaganlariday harakat va ibodat erkinligi berilgan edi.
Bir kun Makka mushriklarining musulmon bo‘lgani haqida yolg‘on xabar keldi. Buni eshitib, hasrat chekayotgan ba’zi muhojirlar oilalariga qovushish orzusi bilan orqaga qaytmoqchi bo‘ldilar.
Bir qismi esa Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qaytishga ruxsat bergunlariga qadar shu yerda qolishga qaror qildilar.
Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) va Ruqayya (roziyallohu anho) ham Makkaga qaytganlar bilan birga edilar. Vatan tuproqlariga oyoq bosar-bosmas, bolalik va yoshlik yillari o‘tgan yerlarni ko‘rib, ularning ko‘zlari sevinch yoshlariga to‘ldi.
Ruqayya (roziyallohu anho) ning Makkada qolishi uzoqqa cho‘zilmadi. Mushriklarning tazyiqi kundan-kun ortib borardi. Musulmonlar Madinaga hijrat etdilar. Hazrati Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) ham ular bilan birga edilar. Ruqayya (roziyallohu anho) ga olam-olam quvonch keltirgan o‘g‘li Abdulloh Madinada tug‘ildi. Ruqayya (roziyallohu anho) bu farzandni o‘tgan kunlardagi musibatlar badaliga berilgan mukofot deya qabul etdi.
Lekin mo‘min kishi imtihon qilinadi, unga balolar yuborilib, sinaladi.
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ
«U sizlarning qaysilaringiz chiroyliroq — yaxshiroq amal qilguvchi ekaningizni imtihon qilish uchun o‘lim va hayotni yaratgan Zotdir. U qudratli va mag‘firatlidir» (Mulk, 2).
Go‘dak uxlayotganida nimadur bir narsa yuzini chaqib oldi. Yarasi og‘irligi uchun bir necha kundan so‘ng jon taslim qildi. Ruqayya (roziyallohu anho) bu musibatning og‘irligiga chiday olmadi, hushidan ketdi. Isitmasi ko‘tarilib, bezgakka chalindi.
Suyukli eri Usmon (roziyallohu anhu) uning yonidan hech ayrilmadi. G‘am-qayg‘uni yengillatishi uchun Alloh taologa tinmay duolar qildi.
Ruqayya (roziyallohu anho) ning ahvoli og‘irlashib borardi. Kasallik kuchaydi. Nihoyat, dudok orasidan chiqayotgan nafas uzilib qoldi. Ruh tanni tark etgan edi.
Sevimli yoridan ayrilib qolgan Usmon (roziyallohu anhu) uning asta yuzini yopar ekan, Badrdan kelgan chopar musulmonlarning zafarini e’lon qildi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Baqi’ qabristoniga borib qizlari Ruqayya (roziyallohu anho) ning haqqiga duo qildilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ning ikki hijrat sohibi bo‘lgan qizlari Ruqayya (roziyallohu anho) dan Alloh taolo rozi bo‘lsin.
Manbalar asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Islom tarixidagi eng ulug‘, ma’naviy jihatdan eng ibratli kunlardan biri Ashuro kunnidir. Har yili muharram oyining o‘ninchi kuni nishonlanadigan bu sana nafaqat ro‘za tutish fazilati bilan, balki Alloh taoloning bandalariga ko‘rsatgan marhamati, Muso alayhissalom va uning qavmini najot etganligi bilan ham ahamiyatlidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ushbu kunga alohida e’tibor berganlar va ummatlarini ham uning fazilatlaridan bahramand bo‘lishga chorlaganlar. Ashuro kuni musulmonlar uchun ma’naviy poklanish, gunohlarga kafforat va sunnatni hayotga tatbiq etish imkonidir.
Bu kun musulmonlar uchun ro‘za tutish tavsiya etilgan kunlardan biri bo‘lib, ulamolarning ko‘pchiligi bu kunni ro‘za bilan o‘tkazishni mustahab deb hisoblaydi. Ashuro kuni ro‘za tutish sunnat amallardan biri bo‘lib, uning fazilati juda katta. Tasu’o (to‘qqizinchi) va Ashuro (o‘ninchi) kunlarida ro‘za tutish payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnatlardandir. Bu Allohning kunlaridan biri bo‘lib, U Zot o‘z bandalariga marhamat ko‘rsatgan, ya’ni U zot Kalimulloh Muso alayhissalom va Uning qavmi Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinining zulmidan najot etgan kundir.
Ashuro kunini ro‘za bilan o‘tkazishning asosiy sababi bu kunda Alloh taolo Muso alayhissalom va Bani Isroilni Fir’avn va uning qo‘shinidan najot etganidir. Payg‘ambar Muhammad sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini juda ahamiyatli deb bilar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biror kunni boshqalardan afzal deb ro‘za tutishga uringanlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun — Ashuro kuni va ushbu oy — Ramazon oyidan tashqari” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Ashuro kuni ro‘za tutishga rag‘batlantirar va: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan bir yilning gunohlariga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”, der edilar (Imom Muslim rivoyati).
Musulmonlar bu sunnatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan so‘ng amaliyotga tadbiq eta boshladilar. U kishi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rdilar va buning sababini so‘raganlarida, ular: “Bu yaxshi kun bo‘lib, Alloh ushbu kunda Bani Isroilni dushmanlaridan najot etgan, shuning uchun Muso alayhissalom ushbu kunni ro‘za bilan o‘tkazgan”, deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Men Musoga sizlardan ko‘ra yaqinroqman”, deb, o‘sha kuni ro‘za tutdilar va boshqalarga ham ro‘za tutishni buyurdilar.
Shu kundan boshlab bu amal sunnat sifatida amalga oshirila boshlandi va musulmonlar uchun o‘tgan yilning gunohlaridan poklanish, katta savob va fazilatga erishish imkoni sifatida qaraladi.
Ashuro kuni bu barcha musulmonlar uchun muhim sana hisoblanadi. Ko‘plab insonlar bu kunda ro‘za tutishga va ibodat qilishga intiladi.
Ko‘pchilik Ashuro kunini yagona holda ro‘za tutish mumkin emas, deb hisoblaydi. Ammo Azhar muassasasi o‘z fatvolaridan birida bu fikrni rad etgan. Unda ta’kidlanganidek, juma yoki shanba kuni Ashuro kuniga to‘g‘ri kelsa ham, uni alohida holda ro‘za tutish man qilingan emas.
Azhar ulamolarining ta’kidlashlaricha, imom Tahoviy rahmatullohi alayhdan rivoyat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasiga izn berganlar va unga targ‘ib qilganlar. Lekin bu kun shanbaga to‘g‘ri kelsa, tutmanglar, demaganlar. Buning o‘ziyoq, Ashuro har qanday kunga to‘g‘ri kelsa ham ro‘za tutish mumkinligini ko‘rsatadi”.
Shuningdek, agar Ashuro yoki Arafa kuni juma yoki shanba kuniga to‘g‘ri kelsa yoki insonning odatdagi ro‘zali kuni bo‘lsa, bu holda ro‘za tutishda hech qanday mone’lik yo‘q.
Dorul-Ifto (Misr Fatvo hay’atining 2023 yil 26 iyuldagi 7756 raqamli Professor Doktor Shavqiy Ibrohim Allom fatvosida) ham Ashuro kunini ya’ni muharramning 10-kunini yagona holda ro‘za tutish joizligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ixtilofdan qochish maqsadida, u bilan birga bir kun avval 9-kun yoki bir kun keyin 11-kun ro‘za tutish tavsiya etildi.
Misr Dorul-Ifto muassasasi ta’kidlashicha, muharramning 9-kunini ro‘za tutish qat’iy sunnatdir. Bu borada Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda keladi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlarida, Payg‘ambarimizga yahudiy va nasroniylar bu kunni ulug‘lashlarini aytishgan. Shunda u zot: “Kelgusi yili, agar Alloh xohlasa, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutaman”, deganlar. Ibn Abbos aytadilar: kelgusi yil kelmasdan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar. Bu hadisni Imom Muslim o‘z “Sahihlarida” keltirganlar.
Sunnatda Ashuro kuni ro‘zasi tutishning fazilati haqida bir qator rivoyatlar keltirilgan. Unga ko‘ra, muharram oyida ro‘za tutish tavsiya etilgan amallardan sanaladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
“Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharram oyida tutiladigan ro‘zadir. Farz namozlardan keyingi eng afzal namoz kechasi o‘qiladigan (tahajjud) namozdir”.
Ashuro kunining fazilati shundaki, bu kun tutiladigan ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan so‘radi:
— Arafa kuni ro‘zasi haqida nima deysiz?
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan va kelgusi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, dedilar.
— Ashuro kuni ro‘zasi haqida nima deysiz? deb so‘radilar.
U zot: “Allohdan umid qilamanki, o‘tgan yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi”, deb javob berdilar.
Shuningdek, Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
“Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni biron kunni boshqalardan ko‘ra afzal deb ro‘za tutishga shunchalik intiqlik bilan intiqlik qilganlarini ko‘rmaganman, faqat ushbu kun Ashuro kuni va ushbu oy Ramazon oyi bundan mustasno”.
Ulamolarimiz Ashuro kunida ahli oilaga ko‘proq sarf qilish, ya’ni ularni quvonchli qilish, rizqda kenglik qilishning tavsiya etilgan amallardan ekanini ta’kidlaydilar. Bu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislariga asoslanadi:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahliga (oila a’zolariga) kenglik qilsa, Alloh taolo unga butun yili kenglik beradi”.
Xulosa o‘rnida shuni eslash joizki, Ashuro kuni bu bir kunlik ro‘za orqali butun bir yillik gunohlardan poklanish umidi berilgan, Allohning maxsus marhamati to‘kilgan muqaddas kundir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan biri bo‘lgan ushbu ro‘zani tutmoq, uni 9-kuni yoki 11-kun bilan birga ado etmoq musulmon kishi uchun katta ajru savob manbaidir.
Shuningdek, bu kunda ahli oilaga shodlik ulashish, rizqda kenglik qilish ham sunnatga uyg‘un amallardan hisoblanadi. Demak, Ashuro kuni ibodat, muhabbat va ma’naviy yangilanish kunidir. Undan oqilona foydalangan kishi na dunyoda, na oxiratda ziyon ko‘rmaydi.
Dilshod Aliyev,
"Boloi Hovuz" masjidi imomi.