Bugungi globallashuv jarayoni, irqi, millati, dini va urf-odatlari turlicha bo‘lgan kishilarning muayyan manfaatlar yuzasidan hamkor va hamjihat bo‘lishi zarurligini taqozo etmoqda. Turli din vakillarining bir jamiyatda tinch-totuv hayot kechirishlari hamda dinlar bilan bog‘liq nizo va kelishmovchiliklarning yuzaga kelmasligi uchun diniy ta’limotlarning asl mohiyatini chuqur mulohaza qilish zarur. Haqiqiy diniy ta’limotlar asrlar davomida insoniyatni faqatgina ezgu maqsad va g‘oyalar atrofida birlashtirib, o‘zaro hamjihatlikka, tinchlik va farovonlikka undab kelayotgani barchamizga ma’lum. Dinning mohiyatini to‘g‘ri anglamaslik natijasida, bir dinga e’tiqod qiluvchilarning boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlik, ularni kamsitish va tahqirlash, ularga hurmatsizlik bilan qarash kabi illatlar yuzaga kelishi mumkin. Bular o‘z navbatida, jamiyat kishilarining birdamligiga raxna soluvchi zararli oqibatlarga olib kelishiga sabab bo‘ladi.
Bir necha din vakillari orasidagi muomala va munosabatlarni hammaga ma’qul bo‘ladigan tarzda yo‘lga qo‘yish maqsadida, “Diniy bag‘rikenglik”, “Dinlararo muloqot”, “Tolerantlik” kabi bir qancha masalalar o‘rtaga tashlandi. Turli din vakillari bilan muomala va munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda zarur bo‘ladigan diniy tamoyillarni o‘rganish maqsadida, XIX asrdan boshlab G‘arbda “Dinshunoslik” sohasi mustaqil fan sifatida o‘rganila boshlandi (Bu fan bizning diyorlarimizda Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va boshqa buyuk daholar davridanoq boshlanib hayotga tadbiq etilgan edi). Shu zaylda, “Qiyosiy dinshunoslik”, “Dinlar tarixi”, “Din fenomenologiyasi”, “Din antropologiyasi”, “Din falsafasi” kabi bir qator mustaqil sohalar yuzaga keldi. Bu jarayon bugungi kunda ham izchillik bilan rivojlantirib borilyapti.
Aslida, birlamchi va sof manbalar orqali dinlar tarixini ilmiy nuqtayi nazardan o‘rganilishi, ular haqida paydo bo‘lgan asossiz va uydirma mulohazalardan holi bo‘lish imkonini beradi. Dinlar tarixi, ilmining asl mohiyatidan bexabar bo‘lgan ayrim kimsalarning yuzaki ma’lumotlariga aldanib qolishdan saqlaydi. Ayniqsa, hozirda islom dinini insonlarga yomon ko‘rsatish maqsadida paydo bo‘layotgan turli oqimlar va ularning g‘oyalaridan yiroq bo‘lishga yordam beradi.
Ma’lumki, samoviy dinlar haqida Qur’oni karimning bir necha oyatlarida zikr qilingan. Islom dinidan oldingi dinlar haqidagi oyatlar mazmunini, nozil bo‘lish sababini va ularning ma’nolarini o‘rganish, anglab yetishda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnat va hadislari eng muhim manba bo‘lib hizmat qiladi.
Shu o‘rinda, Alloh taoloning bashariyat uchun joriy qilgan dinlarida o‘zaro aloqadorliklar mavjudligini alohida qayd etish lozim. Muhammad (s.a.v.) so‘nggi payg‘ambar qilib yuborilishlari haqidagi xabar, oldingi muqaddas kitoblar orqali yahudiy va nasroniy olimlariga yaxshi ma’lum bo‘lgan. Mashhur tarixchi olim Ibn Hishomning ma’lumotiga ko‘ra, Shomlik (Suriya) rohib Buhayro, Xadicha binti Huvaylid (roziyallohu anho)ning qarindoshlari Varaqa ibn Navfal, ulug‘ sahobalardan hisoblangan Salmon Forsiyning ustozlari, muqaddas kitoblar orqali payg‘ambar kelishining xabarini bilgan kishilar bo‘lishgan. Bu esa mazkur shaxslarning yangi keladigan din haqida oldingi kitoblar vositasida muayyan nazariy bilimlarga ega bo‘lganlaridan dalolat beradi. Shuningdek, u zotning kelishlari o‘zlaridan oldingi samoviy dinlarni yo‘qqa chiqarish, payg‘ambarlarini inkor etish, ularga nozil bo‘lgan kitoblar va shari’atlarini rad etish uchun emas, balki Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ularga ham ishonib, tasdiqlash, ularga ham samimiy munosabatda bo‘lishga chorlovchi, ular haqida aniq ma’lumotlarni xabarini beruvchi, o‘tgan payg‘ambarlarning xatokor ummatlarini xatolaridan ogoh etib, xatolarni takrorlamaslikka, noshukr bo‘lmaslikka chorlovchi, yaxshilikni xush xabarini beruvchi, bo‘lib kelgandirlar.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning payg‘ambar sifatida yuborilishlari, dinlar tarixida yangi, o‘ziga xos sahifaning ochilishiga sabab bo‘lganini, doktor Muhammad Xalifa Hasan shunday zikr qiladi: “U payg‘ambarlarning so‘nggisi bo‘lib, undan keyin nabiy ham rasul ham yo‘q”. Ushbu ma’lumot va shunga o‘xshash xabarlarning o‘zi dinlar tarixini yana bir nodir axborot bilan boyitadi va to‘ldiradi. Chunki dinlarga oid bilimlarni o‘rganishda, yahudiylar Odam (a.s.)dan Muso (a.s.)gacha, nasroniylar esa Odam (a.s.)dan Iso (a.s.)gacha bo‘lgan davrdagi payg‘ambarlarni, ularning hayotlari, ularga nozil bo‘lgan shariatlari, tarixi, boshidan kechirgan hodisalari va shu kabilarni o‘rganadilar. Islom dinida esa avval aytib o‘tganimizdek, barcha payg‘ambarlar birday ko‘riladi. Biri boshqasidan ustun tutilishi hisobiga boshqasi kamsitilmaydi. Islom dinida, bu e’tiqod masalasi bilan bog‘liq bo‘lib, islom vakilining (mo‘min-musulmon) e’tiqodi busiz mukammal bo‘lmaydi. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
آَمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آَمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ لَا نُفَرِّقُ بَيْنَ أَحَدٍ مِنْ رُسُلِهِ
Ya’ni: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi[i].
Mazkur oyatda, Payg‘ambar (s.a.v.) o‘zlariga nozil qilingan kitob – Qur’oni Karimga imon keltirishi bilan birga Alloh taologa, farishtalarga, Alloh taolo tomonidan oldin ham samoviy kitoblar (Zabur, Tavrot, Injil) nozil qilinganiga, bashariyatga ogohlantiruvchi va hushxabar beruvchi payg‘ambarlar yuborilganiga imon keltirgani va boshqa musulmonlar ham bu ishda unga ergashganlari ma’lum bo‘ladi. Payg‘ambarlarning biridan boshqasini (boshqalarini kamsitish evaziga) ustun qo‘ymaslik, (Alloh tomonidan ayrim payg‘ambarlarga berilgan ba’zi fazilatlarni e’tirof etgan holda) hammasini birday Allohning payg‘ambarlari sifatida ko‘rish islom manbalarida tavsiya qilingan eng mo‘tadil va eng mahbub yo‘ldir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) umrlarining oxirigacha, insonlarni ana shu mavqe (e’tiqodda)da bo‘lib, boshqalarni ham shunga undaganlari borasida sunnat va hadislarda ko‘plab misollar uchraydi. Xususan, Qur’oni Karimning “Kahf” surasida Muso (a.s.) ilm olish uchun hamroh bo‘lgan solih kishining qissasi keltirilganligi islom ummatiga ma’lum va mashhurdir. Ushbu qissa nozil bo‘lganda, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Birodarim Musoga Allohning rahmati bo‘lsin, sabr qilganida, Alloh bizga ularning qissalarini aytib berar edi. U (Muso) o‘z sherigi bilan turganida, ajoyibotlarni ko‘rar edi” – deb marhamat qilganlar.
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Ikki kishi: yahudiylardan bir kishi va musulmonlardan bir kishi so‘kishib qoldi. Shunda musulmon: Muhammad (s.a.v.)ni tanlab olgan zot ila qasam!” – dedi. Yahudiy esa: “Muso (a.s.)ni olamlar ustidan tanlab olgan zot ila qasam” – dedi. Ana shu paytda musulmon qo‘lini ko‘tarib, yahudiyning yuziga shapaloq tushirdi. Shunda yahudiy Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga borib, o‘zi bilan musulmon orasida bo‘lib o‘tgan ish haqida xabar berdi. Rasululloh (s.a.v.): “Meni Musodan yaxshi qilmanglar. Odamlar hushlaridan ketganda birinchi bo‘lib o‘ziga kelgan men bo‘laman. Qarasam, Muso Arshning bir tomonini ushlab turgan bo‘ladi. Bilmayman, u ham hushidan ketib mendan oldin o‘ziga kelganmi yoki istisno qilinganlardan bo‘lganmi” – dedilar”.
Islom dini tarixida ma’lum va mashhur bo‘lgan voqe’alardan biri bu “Isro’ va Me’roj” voqe’asidir. Ushbu kechada Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning Muso (a.s.) bilan gaplashganlari va kunlik namoz vaqtlari haqida maslahatlar berganliklari islom tarixida muhrlangan ayni haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zlaridan oldin kelgan barcha payg‘ambarlarning shari’atlari, islom dini shari’atiga zid bo‘lmasa, unga amal qilganliklari hamda o‘z ummatlarini ham unga targ‘ib qilib, o‘zlari o‘rnak va namuna bo‘lganlari kitoblarda zikr qilingan. Jumladan: “Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) Madinaga hijrat qilib borganlarida “Ashuro” kuni yahudiylarning ro‘za tutayotganlarini ko‘rib: “Sizlar ro‘za tutadigan qanaqa kun bu?” – deb so‘radilar. Shunda yahudiylar: “Bu ulug‘ kundir! Bu kunda Alloh taolo Muso (a.s.) va uning qavmiga najot berdi, fir’avn va uning qavmini g‘arq qildi. Uning shukronasiga Muso (a.s.) ro‘za tutdilar, (shunga ko‘ra) biz ham ro‘za tutmoqdamiz” - dedilar. Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Biz Musoga sizdan ko‘ra haqliroq va (yaxshiroqmiz)” - dedilar va o‘zlari ro‘za tutib boshqalarni ham shunga buyurdilar”. Shuningdek, quyidagi hadisi sharifda ham ushbu mazmunga uyg‘un ma’nolarni uchratamiz: “Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar (s.a.v.): “Men odamlar ichida bu dunyoda ham, oxiratda ham Iso ibn Maryamga eng haqlisiman” - dedilar. Shunda: “Qanday qilib, ey Allohning Rasuli?” – deyishdi. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Payg‘ambarlar og‘a-inilardir. Onalari turlicha. Dinlari bir.”, dedilar”.
Mo‘min-musulmonlar ham bir necha asrdan buyon, har yili “Ashuro” kunini e’zozlab, ro‘za tutib, savobidan va ajridan umidvor bo‘ladilar. Shuningdek, ushbu kunda yaxshi niyat bilan ro‘zg‘or qiladilar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ، أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، قَالَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ وَأَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"
(رواه البيهقى في شعب الإيمان)
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kunida ahli-ayoliga kenglik qilsa, Alloh taolo unga yilning qolganini keng qiladi” dedilar”. (Imom Bayhaqiy “Shuabul-iymon” kitobida rivoyat qilgan).
Yan bir rivoyatda esa,
عَنْ ابْنِ مَسْعُودٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ: "مَنْ وَسَّعَ عَلَى عِيَالِهِ فِي النَّفَقَةِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ"
(رَوَاهُ رَزِين)
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): “Kim Ashuro kuni ahli-ayoliga nafaqada kengchilik qilsa, Alloh unga yilning qolganini keng qiladi” – dedilar. (Imom Roziyn rivoyat qilgan).
Hadislarda boshqa dinlar haqidagi ma’lumotlarni nazariy jihatdan o‘rganishda, o‘sha dinlarning vakillari tomonidan keltirilgan ma’lumotlarni uzil-kesil yolg‘onga chiqarmaslik, shu bilan birga faqat shuning o‘zi bilangina kifoyalanib qolmaslikka chaqiriladi (“Ashuro” kuni haqida kelgan hadis so‘zimizga misol bo‘ladi). Chunki boshqalar tomonidan keltirilgan ma’lumotlar biz uchun asos sifatida qaraladigan manbalarda qanday bayon qilingani hamda ularning Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) va olimlarimiz qanday tushuntirishganini bilish va shunga ko‘ra yo‘l tutish muhimdir.
Yahudiylar bilan qilingan munozaralardan birida, Mahsur ibn Subhon ismli kishining Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan “Qur’on Alloh tomonidan nozil qilingan kitob ekaniga nima dalil bo‘la oladi?” – deb so‘raganda, Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga quyidagi oyatni nozil qilgan:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآَنَ وَلَوْ كَانَ مِنْ عِنْدِ غَيْرِ اللَّهِ لَوَجَدُوا فِيهِ اخْتِلَافًا كَثِيرًا
Ya’ni: “Qur’on (oyatlarining ma’nolari) haqida (chuqurroq) fikr yuritmaydilarmi?! Agar (u) Allohdan o‘zganing huzuridan (kelgan) bo‘lsa edi, unda ko‘pgina qarama-qarshi gaplarni topgan bo‘lur edilar”.
Tarixchilar va siyrat olimlari tomonidan o‘rganilgan ma’lumotlarga asoslanib, bo‘lib o‘tgan mazkur ilmiy bahslarda ko‘pincha e’tiqod, nubuvvat, Qur’oni karim va kabi kabi mavzular atrofida kechganini ko‘rishimiz mumkin. Bu ilmiy bahslar o‘z yechimini topganda, islom naqadar bag‘rikeng, xalqparvar va millatparvar din ekani ma’lum bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, shu kabi ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishar ekanmiz, turli dinlar bilan bog‘liq xabarlarni ilmiy-nazariy jihatdan tadqiq etish, islom dinining ilk davridanoq “Qur’oni karim” va “Sunnat”ga tayangan jarayon ekanining guvohi bo‘lamiz. Mana shu mustahkam tayanch keyingi asrlardan tortib, to bugungi kungacha, dinlar tarixini o‘rganishda olimlarga va bashariyatga asosiy manba vazifasini o‘tab kelmoqda.
Isomiddin AXROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
“Oqilon” jome masjidi imom-xatibi
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan.
Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmon asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan.
Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir.
Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari