Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallam yosh bolalarni ”Allohning rayhonlari” deb ta’riflaganlar. Haqiqatda har bir ota-ona bolasidan xuddi rayhonni hidlab xushnud bo‘lgandek xushnud bo‘ladi. Alloh taoloning o‘zi har bandasini yaratganda unga qo‘shib farzand muhabbatini ham yaratdi. Shuning uchun ham har bir insonda farzandga nisbatan tabiiy muhabbat bo‘ladi. Farzandga muhabbati yo‘q, ularga Alloh buyurgan haqlarini bermagan insonlar esa, sof tabiati buzilgan nusxaga aylanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda “Sizlar uchun Allohning rasulida go‘zal namuna bor”- deb marhamat qildi. U zotning farzandlariga, yosh bolalarga bo‘lgan go‘zal munosabatlaridan ba’zi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) o‘z huzurlarida Aqra’ ibn Horis Taymiy o‘tirganda nabiralari Hasan ibn Alini o‘pdilar. Shunda u: Mening o‘nta bolam bor. Ulardan birortasini o‘pganim yo‘q – dedi. Rasululloh (s.a.v) unga nazar soldilar va: Rahm qilmaganga rahm qilinmas – dedilar. Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyati.
Nabiy (s.a.v) o‘ta bolajon zot edilar. U zot nabiralari Hasan va Husaynni juda yaxshi ko‘rar va ularga mehribonlik ko‘rsatar edilar. Ushbu rivoyatda u zotning Hasan (r.a)ga ko‘rsatgan mehrlari, sahobalardan birining bunga bo‘lgan munosabati va bu munosabatning Nabiy (s.a.v) tomonlaridan salbiy baholanganini ko‘rishimiz mumkin.
Usoma ibn Zayd (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v) meni sonlariga o‘tqazar edilar. Hasanni esa, boshqa sonlariga o‘tqazar edilar. So‘ngra sonlarini bir-biriga qo‘shib: Allohim! Ikkisini rahm qilgin. Men ularga rahm qilurman – der edilar. Imom Buxoriy rivoyati.
Oisha (r.a)dan rivoyat qilinadi, bir a’robiy Nabiy (s.a.v)ning huzurlariga keldi va: Sizlar bolalarni o‘pasizlarmi? Biz ularni o‘pmaymiz – dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v): “Alloh qalbingdan rahmatni sug‘urib olgan bo‘lsa, men nima ham qila olar edim” – dedilar. Ikki Shayx rivoyati.
Abu Muso (r.a)dan rivoyat qilinadi, Mening o‘g‘lim tug‘ilganda uni Nabiy (s.a.v)ning oldilariga olib bordim. U zot uni “Ibrohim” deb nomladilar, xurmo ila tanglayini ko‘tardilar va unga baraka tilab duo qilib, menga tutqazdilar. U bolalarimning kattasi edi. Ikki Shayx rivoyati.
Ko‘pchilik sahobalar o‘zlarining yangi tug‘ilgan farzandlarini Nabiy (s.a.v)ning huzurlariga olib borar edilar. U zot yosh bolalarni ko‘rsalar o‘ta xursand bo‘lar edilar. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yuqoridagi rivoyatda kelgan Abu Muso (r.a)ning o‘g‘illariga qilgan munosabatlarini qilar edilar. Mana shu ishga taqlid qilib, yangi tug‘ilgan farzandni yoki yosh bolalarni ahli solih kishilar huzuriga olib borib, haqqiga duo olish bizning yurtimizda keng tarqalaganini quvonch bilan aytishimiz mumkin.
Oisha (r.a)dan rivoyat qilinadi, Men Rasululloh (s.a.v)ning huzurlarida qo‘g‘irchoq o‘ynar edim. Dugonalarim kelar edilar va Rasululloh (s.a.v)dan tortinib qolar edilar. U zot ularni men tomon yo‘llab qo‘yar edilar. So‘ng ular men bilan o‘ynashar edi. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Boshqa rivoyatda: Rasululloh (s.a.v) Tabuk yoki Haybar urushidan qaytib keldilar. Uyning tokchasida parda bor edi. Shamol turdi va pardaning bir tarafini ko‘tarib, Oishaning o‘yinchoq qizlarini ochdi. Shunda u zot:
- Bu nima ey Oisha – dedilar.
- Qizlarim – dedim. Ularning orasida quroqdan qilingan ikki qanotli otni ko‘rdilar va:
- Ularning orasida ko‘rayotganim manabu narsachi? – dedilar.
- Ot
- Uning ustidagi manabu ikki narsa nima?
- Ikkita qanot.
- Otning ikkita qanoti bo‘ladimi?
- Sulaymonning qanotli otlari haqida eshitmaganmisiz?
Shunda u zot kuldilar va hattoki men oziq tishlarini ko‘rdim. Abu Dovud rivoyati.
Bu rivoyatda ahli ayollari bo‘lmish yosh Oisha onamiz bilan qanday muloyimlik va samimiy munosabatda bo‘lganlarini bilib olamiz.
Ha, farzandni yosh niholga o‘xshatiladi. Uni qaysi tomonga egsangiz, o‘sha tomonga qarab o‘saveradi. Yoshligidan mehribon ota-onasi bag‘rida o‘sgan, ularning go‘zal axloqidan namuna olgan farzandlar kelajakda boshqa insonlarga ham mehribon, o‘z yurti va jamiyati uchun muhabbatli insonlar bo‘lib yetishadilar. Aksincha, yoshligida mehr berilmagan farzandlar qahri qattiq va mehr shafqatsiz bo‘lib voyaga yetadilar. Bu esa, ikki olam sarvari Rasululloh (s.a.v) olib kelgan rahm-shafqat, mehribonlik, muloyimlik asosidagi sof insoniy axloqlarga mos kelmay qoladi.
Rasululloh (s.a.v)ning yosh bolalarga qilgan muomalari borasida bundan boshqa ma’lumotlar, ibratlar juda ko‘p. Ularning har birida olam-olam hikmat mujassam. Shuning uchun azizlar, u zotning siyratlarini yanada chuqurroq o‘rganaveraylik. Hali siyrat bog‘ining bizga kashf bo‘lmagan sir-asrorlari juda ko‘p.
Abdukarimov Ahrorjon
Toshkent islom instituti talabasi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi