(1-mart – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni )
Muxtaram jamoat! Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni eng aziz, mukarram, mukammal va afzal suratda yaratgan. Haq taolo Qur’oni karimda insonga juda ko‘p ne’matlarni ato etganini, unga pokiza narsalardan rizq-ro‘z qilib berganini eslatib aytadi:
وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70
ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.
Barchalarimizga yaxshi ma’lumki, muborak dinimizning barhayot ta’limoti Alloh taoloning iroda va qudrati ila dunyoga kelgan har bir insonning jismi, aqli va ruhiyatiga ta’sir qiladigan va zarar beradigan turli zararli ichimliklardan, barcha turdagi giyohvandlik, chekish kabi illatlardan saqlanmog‘i vojib bo‘ladi.
Hurmatli namozxonlar! Giyohvandlikning yomon oqibatlari Islom ta’limotida ham haromdir. Bu haqda Alloh azza va jalla O‘zining kalomida va Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida batafsil bayon qilib berganlar. Giyohvandlik balosiga giriftor bo‘lgan inson, go‘yo o‘ziga omonat qilib berilgan jon va aql ne’matiga xiyonat qilgan va o‘zini halokat domiga tashlagan bo‘ladi. Bu narsa Alloh taoloning irodasiga zid amal bo‘lib, u qat’iy qoralangandir. Alloh taolo bu haqda barchalarimizni ogohlantirib, aytadi:
وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ... سورة البقرة/195
ya’ni: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...”
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, milodiy o‘n birinchi asrda yashagan movarounnahrlik ulug‘ alloma Abu Bakr Saraxsiy: “Bang (afyun) o‘ninchi asrdan boshlab bizning diyorimizda paydo bo‘ldi va ko‘p kishilar unga mabtalo bo‘lishdi”, deb yozgan. Alloma ibn Hajar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o‘ta yalqov, kamg‘ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo‘yadi, ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni to‘kib yuboradi. Yana fatvolarda kelishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish, uni sotish va uning tijoratatidan kelgan foyda ham harom sanaladi”.
Jumladan, hozirda giyohvandlik insonga har tomonlama zarar berishini g‘arb va sharq tibbiyot mutaxassislari bir ovozdan tasdiqlashmoqda. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar o‘nlab tuzalmas kasalliklarga yo‘liqishi, hayotdan erta ketishi, ulardan majruh, aqli noqis farzandlar tug‘ilishi isbotlandi. Bu esa insonning o‘z joniga qasd qilishi bilan barobardir. Giyohvandlik va uni kishilar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida BMT huzurida giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi xalqaro hay’at tashkil etilgan. Mazkur hay’at tomonidan har yili e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga qaraganda jahonda giyohvandlik va unga bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Shuning uchun ham giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlarni davolash borasida yagona dastur ishlab chiqildi va hayotga tadbiq etilmoqda. BMT Qaroriga binoan 1 martni Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan.
Muhtaram jamoat! Giyohvandlik – bu bangilikdir. Bu og‘ir xastalikdir, ya’ni u yoki bu narkotik moddalarga yoki kayf beruvchi moddalarga ishqibozlik va moyillik hosil qilishdir, ya’ni inson o‘z ixtiyori bilan miyasini zaharlaydi. Natijada ushbu o‘ta gunoh va noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ygan shaxs o‘zining odamiylik qiyofasini yo‘qotadi, o‘zining oliyjanob insoniylik ko‘rinishidan judo bo‘ladi. Ruhan nosog‘lom holga keladi, kasb-hunaridan mahrum bo‘lib qoladi, oqibatda jinoiy ishlarga qo‘l uradi, o‘g‘irlik qiladi, o‘ziga ham boshqalarga ham baxtsizlik keltirib chiqaradi. Parvardigorga osiy bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hidoyatlaridan mahrum bo‘ladi. Eng og‘iri, ham ruhan, ham jismonan insoniylik qiyofasini yo‘qotadi. Shuni aslo unutmasligimiz lozimki, giyohvand moddani tajriba uchun, uning kayfini sinab ko‘rish maqsadida, bir-ikki marta istemol qilish, “hech narsa bo‘lmaydi”, - deb havas qilish, o‘ta xavfli va o‘ta aqlsizlik, deb baralla ayta olamiz. Zero, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi muboraklarida: “Har bir kayf qildiruvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir”, - deb ogohlantirganlar. Xamrdan murod aql faoliyatini to‘suvchi narsa.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda yana boshqa shunday hadis bor:
" نَهَى النبى صلَّي عليه وسلم عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَ مُفَتِّرٍ " رواه أحمد و ابو داود
ya’ni: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Muhtaram jamoat! Giyohvandlik – hozirgi kunda butun jahonda o‘ta murakkab muammolardan bo‘lib qolmoqda. Chunki, u barcha mamlakatlarda qo‘poruvchilik, terrorchilik va boshqa og‘ir jinoiy ishlarning ham kelib chiqishi va ko‘payishiga hamda ularni moliyalashtirishga sabab bo‘lmoqda. Insoniyat va jamiyat uchun baloyu-ofat bo‘lgan bangilikni tag-tugi va ildizi bilan yo‘q qilish uchun ilmiy asoslangan, samarali usullardan foydalanishimiz kerak.
Dono xalqimiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroq!”, - deydi. Shunday ekan, har bir ota-ona, har bir kishi sog‘lom millatni voyaga yetkazadi, sog‘lom millat esa, inshoalloh ulkan ishlarga qodir bo‘ladi. Insonning e’tiqodi kuchli, mustahkam bo‘lishi bilan birga tani, jismi ham sog‘, chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
"اَلمْؤمِنُ الْقَوِىُّ خَيْرٌ وَأَحَبُّ إلَي الله مِنَ المْؤمنِ الضَّعِيفِ" رواه مسلم
ya’ni: “Kuchli, baquvvat mo‘min kishi Alloh nazdida kuchsiz mo‘mindan ko‘ra yaxshiroq va sevimliroqdir”.
Shu sabab, aziz birodarlar, kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizga, o‘quvchi va talabalarimizga, mahallalardagi yoshlarimizga beparvo bo‘lmaylik. Chiroyli odob-axloq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Zero, husni xulq sohibidan doim ezgulik, yaxshilik kutiladi. O‘ziga, oilasiga, jamiyatiga va Vataniga manfaat yetadi. Shuning uchun ham ulug‘larimiz: “Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularni giyohvandlik, axloqsizlikdan asrash masalalari bir zum ham e’tiborimizdan chetda qolmasligi darkor”, - deb uqtiradilar.
Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan gap bor xalqimizda, shunday ekan azizlar, bola o‘zimizni farzandimizmi yoki begonanikimi ularga e’tiborliroq bo‘laylik. Xalqimiz kelajagi bo‘lgan bu yoshlarga, ularning tarbiyalariga, ilm olishlariga e’tibor berib, kelajakda ularni xalq uchun, millat uchun, Vatan uchun, dini uchun xizmat qiladigan bo‘lishlariga xarakat qilaylik.
Hozirgi vaziyatda ichkilikbozlik, giyohvandlik va kashandalikka qarshi butun choralar bilan kurash olib borish insoniyatning eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Bu ishdan musulmonlarimiz ham chetda turmasliklari, yoshlarga bu odatlarning zarari va keltirajak kulfatlari haqida muntazam tushuntirish ishlari olib borishlari, ularni pok turmush tarzi, go‘zal odob-axloqqa tinmay targ‘ib qilishlari zarur bo‘ladi. Alloh taolo barchalarimizni sog‘lom turmush tarziga muvofiq hayot kechirishimizni, Parvardigor harom qilgan zararli illat va qusurlardan chetda bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi