frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

24.02.2017 y. Umr zavoli

21.02.2017   7900   8 min.
24.02.2017 y. Umr zavoli

(1-mart – Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni )

Muxtaram jamoat! Alloh taolo barcha maxluqotlari ichida insonni eng aziz, mukarram, mukammal va afzal suratda yaratgan. Haq taolo Qur’oni karimda insonga juda ko‘p ne’matlarni ato etganini, unga pokiza narsalardan rizq-ro‘z qilib berganini eslatib aytadi:

وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا  سورة ﺍﻹﺳﺮﺍﺀ/70

ya’ni: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”.

Barchalarimizga yaxshi ma’lumki, muborak dinimizning barhayot ta’limoti Alloh taoloning iroda va qudrati ila dunyoga kelgan har bir insonning jismi, aqli va ruhiyatiga ta’sir qiladigan va zarar beradigan turli zararli ichimliklardan, barcha turdagi giyohvandlik, chekish kabi illatlardan saqlanmog‘i vojib bo‘ladi.

Hurmatli namozxonlar! Giyohvandlikning yomon oqibatlari Islom ta’limotida ham haromdir.  Bu haqda Alloh azza va jalla O‘zining kalomida va Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida batafsil bayon qilib berganlar. Giyohvandlik balosiga giriftor bo‘lgan inson, go‘yo o‘ziga omonat qilib berilgan jon va aql ne’matiga xiyonat qilgan va o‘zini halokat domiga tashlagan bo‘ladi. Bu narsa Alloh taoloning irodasiga zid amal bo‘lib, u qat’iy qoralangandir. Alloh taolo bu haqda barchalarimizni ogohlantirib, aytadi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ... سورة البقرة/195

ya’ni: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...”

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, milodiy o‘n birinchi asrda yashagan movarounnahrlik ulug‘ alloma Abu Bakr Saraxsiy: “Bang (afyun) o‘ninchi asrdan boshlab bizning diyorimizda paydo bo‘ldi va ko‘p kishilar unga mabtalo bo‘lishdi”, deb yozgan. Alloma ibn Hajar al-Makkiyning “Fatovoi Kabir”ida aytilishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilishda bir qancha diniy va dunyoviy zararlar mavjud: u inson tafakkurini o‘tmaslashtiradi, tananing turli kasalliklarga chidamliligini yo‘qotadi, xotirani susaytiradi, bosh, yurak, sil, istisqo xastaliklarini yuzaga keltiradi, ibodatdan to‘sadi, sharmu hayoni ketkazadi, insoniy munosabatlar va muruvvatga zarar yetkazadi”. Bundan tashqari, bu zararli illat insonni o‘ta yalqov, kamg‘ayrat, oilaga beparvo, hamiyatsiz, jinsiy zaif qilib qo‘yadi, ko‘zni xiralashtiradi, tishlarni to‘kib yuboradi. Yana fatvolarda kelishicha, “Giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish, uni sotish va uning tijoratatidan kelgan foyda ham harom sanaladi”.

Jumladan, hozirda giyohvandlik insonga har tomonlama zarar berishini g‘arb va sharq tibbiyot mutaxassislari bir ovozdan tasdiqlashmoqda. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar o‘nlab tuzalmas kasalliklarga yo‘liqishi, hayotdan erta ketishi, ulardan majruh, aqli noqis farzandlar tug‘ilishi isbotlandi. Bu esa insonning o‘z joniga qasd qilishi  bilan barobardir.  Giyohvandlik va uni kishilar, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tarqalishining oldini olish maqsadida BMT huzurida giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi xalqaro hay’at tashkil etilgan. Mazkur hay’at tomonidan har yili e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga qaraganda jahonda giyohvandlik va unga bog‘liq bo‘lgan jinoyatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Shuning uchun ham giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda giyohvandlikka mubtalo bo‘lganlarni davolash borasida yagona dastur ishlab chiqildi va hayotga tadbiq etilmoqda. BMT Qaroriga binoan 1 martni Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan.

Muhtaram jamoat! Giyohvandlik – bu bangilikdir. Bu og‘ir xastalikdir, ya’ni u yoki bu narkotik moddalarga yoki kayf beruvchi moddalarga ishqibozlik va moyillik hosil qilishdir, ya’ni inson o‘z ixtiyori bilan miyasini zaharlaydi. Natijada ushbu o‘ta gunoh va noto‘g‘ri yo‘lga qadam qo‘ygan shaxs o‘zining odamiylik qiyofasini yo‘qotadi, o‘zining oliyjanob insoniylik ko‘rinishidan judo bo‘ladi. Ruhan nosog‘lom holga keladi, kasb-hunaridan mahrum bo‘lib qoladi, oqibatda jinoiy ishlarga qo‘l uradi, o‘g‘irlik qiladi, o‘ziga ham boshqalarga ham baxtsizlik keltirib chiqaradi. Parvardigorga osiy bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hidoyatlaridan mahrum bo‘ladi. Eng og‘iri, ham ruhan, ham jismonan insoniylik qiyofasini yo‘qotadi. Shuni aslo unutmasligimiz lozimki, giyohvand moddani tajriba uchun, uning kayfini sinab ko‘rish maqsadida, bir-ikki marta istemol qilish, “hech narsa bo‘lmaydi”, - deb havas qilish, o‘ta xavfli va o‘ta aqlsizlik, deb baralla ayta olamiz. Zero, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi muboraklarida: “Har bir kayf qildiruvchi narsa xamrdir, har bir xamr haromdir”, - deb ogohlantirganlar. Xamrdan murod aql faoliyatini to‘suvchi narsa.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan  bu haqda yana boshqa shunday hadis bor:

" نَهَى النبى صلَّي عليه وسلم عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ وَ مُفَتِّرٍ " رواه أحمد و ابو داود

ya’ni: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Ahmad va Abu Dovud rivoyati).

Muhtaram jamoat! Giyohvandlik – hozirgi kunda butun jahonda o‘ta murakkab muammolardan bo‘lib qolmoqda. Chunki, u barcha mamlakatlarda qo‘poruvchilik, terrorchilik va boshqa og‘ir jinoiy ishlarning ham kelib chiqishi va ko‘payishiga hamda ularni moliyalashtirishga sabab bo‘lmoqda. Insoniyat va jamiyat uchun baloyu-ofat bo‘lgan bangilikni tag-tugi va ildizi bilan yo‘q qilish uchun ilmiy asoslangan, samarali usullardan foydalanishimiz kerak.

Dono xalqimiz: “Kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan yaxshiroq!”, - deydi. Shunday ekan, har bir ota-ona, har bir kishi sog‘lom millatni voyaga yetkazadi, sog‘lom millat esa, inshoalloh ulkan ishlarga qodir bo‘ladi. Insonning e’tiqodi kuchli, mustahkam bo‘lishi bilan birga tani, jismi ham sog‘, chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

"اَلمْؤمِنُ الْقَوِىُّ خَيْرٌ وَأَحَبُّ إلَي الله مِنَ المْؤمنِ الضَّعِيفِ" رواه مسلم

ya’ni: “Kuchli, baquvvat mo‘min kishi Alloh nazdida kuchsiz mo‘mindan ko‘ra yaxshiroq va sevimliroqdir”.

Shu sabab, aziz birodarlar, kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimizga, o‘quvchi va talabalarimizga, mahallalardagi yoshlarimizga beparvo bo‘lmaylik. Chiroyli odob-axloq insondagi barcha fazilatlarning eng oliy va afzalidir. Zero, husni xulq sohibidan doim ezgulik, yaxshilik kutiladi. O‘ziga, oilasiga, jamiyatiga va Vataniga manfaat yetadi. Shuning uchun ham ulug‘larimiz: “Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini qaror toptirish, ularni giyohvandlik, axloqsizlikdan asrash masalalari bir zum ham e’tiborimizdan chetda qolmasligi darkor”, - deb uqtiradilar.

Bir bolaga yetti mahalla ota-ona, degan gap bor xalqimizda, shunday ekan azizlar, bola o‘zimizni farzandimizmi yoki begonanikimi ularga e’tiborliroq bo‘laylik. Xalqimiz kelajagi bo‘lgan bu yoshlarga, ularning tarbiyalariga, ilm olishlariga e’tibor berib, kelajakda ularni xalq uchun, millat uchun, Vatan uchun, dini uchun xizmat qiladigan bo‘lishlariga xarakat qilaylik.

Hozirgi vaziyatda ichkilikbozlik, giyohvandlik va kashandalikka qarshi butun choralar bilan kurash olib borish insoniyatning eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib turibdi. Bu ishdan musulmonlarimiz ham chetda turmasliklari, yoshlarga bu odatlarning zarari va keltirajak kulfatlari haqida muntazam tushuntirish ishlari olib borishlari, ularni pok turmush tarzi, go‘zal odob-axloqqa tinmay targ‘ib qilishlari zarur bo‘ladi. Alloh taolo barchalarimizni sog‘lom turmush tarziga muvofiq hayot kechirishimizni, Parvardigor harom qilgan zararli illat va qusurlardan chetda bo‘lishimizni nasib aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ikki ulug‘ ne’mat

14.08.2026   32788   3 min.
Ikki ulug‘ ne’mat

#Mustaqillikning 35 yilligi

 

Mustaqilligimizning 35 yillik to‘yi yaqinlashib, joylarda bayram shukuhi keza boshladi. Bundan dilda shukronalik hissi ortmoqda.

Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab, bunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydi. Ular xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan. Shunday ekan, tinchlikning qadriga yetib, uning shukrini ado etish insonning burchlaridandir. Zero, hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan ishlar xotirjam ado etilishi uchun ham osoyishtalik lozim bo‘ladi. Alloh taolo ham: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya buyuradi (Baqara surasi, 208-oyat). Tinchlik, salimlik mavzusi o‘ta muhim bo‘lgani bois Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Zotan, arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.

Bandaga berilgan ne’matlarning qadriga yetishda va uni asrashda, bizga payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim alayhissalom o‘rnak bo‘lib kelgan. U zot o‘z davrida Makkaga tinchlik, uning ahliga rizq so‘ragani so‘zimizning yorqin misolidir: “Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” dedi” (Baqara surasi,126-oyat).

Alloh taolo bu orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni o‘tgan payg‘ambarlar hayotidan xabardor qilish barobarida, ular so‘ragan narsalarni ham bildirib, shunga chaqirgan.

Bu ne’atlar bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etiladi. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz buyuradigan ishlardan. Shunday ekan, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi lozim.

Bugun dunyoda tinchligi, xotirjamligini yo‘qotganlar qancha. Bularni ko‘rib, eshitib turganlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlab, asrab avaylashi lozim.

Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj, hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makrlariga uchmasdan, yosh avlodni ham ulardan xabardor qilib, islom ta’limotining ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etish har birimizning burchimizdir. Bu xususida Alloh taolo bunday degan: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa Allohga yanada ko‘proq shukr qilishga undaydi.

Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukri ado etilishiga ham bog‘liq. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari shundan. Alloh taolo yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror, bardavom, xalqimiz hayotini bundan-da farovon qilsin.

Isomiddin AHROROV