Bu ayol Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) suhbatlaridan bahramand bo‘lish sharafiga erishgan, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritgan ulug‘ sahobalardan edi. U nasl – nasabi mashhur ansoriylardan edi.
Furay’a binti Molik (raziyallohu anho) hamma yerda yaxshiliklar qilishga intilgan mashhur xonodonlardan birida ulg‘aydi. Islom tarixi mana shu ayolning barakotidan ezgulikka to‘lib toshgan voqea hodisalar bilan boydir. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘sgan oilaning Islom dinini yoyish sohasidagi hizmatlari o‘zi alohida kitoblarga mavzu bo‘ladi.
Sahobiyaning otasi hazrati Molik ibn Sinon jannat bilan bashoratlangan buyuk sahobiy edilar. Abu Said Hudriy kunyasi bilan mashhur bo‘lgan Sa’d ibn Molik (raziyallohu anhu) uning akasi edi.
Furay’aning bir akasi esa ulug‘ sahobiy Qatoda ibn No‘mon Zafariy (raziyallohu anhu) edi. Bu zot badr g‘azoti qahramonlaridan bo‘lgan. Uhud kuni jangda bir ko‘zi oqib tushdi. Shu holatda Rasululloh huzurlariga bordi. Payg‘ambarimiz muborak qo‘llari bilan ko‘zini joyiga qo‘yib, silab qo‘ydilar. Uning ko‘zi tuzalib, avvalgidan ham o‘tkir bo‘ldi.
Molik ibn Sinon hali Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilmaslaridan oldin ham oila a’zolariga u zot haqlarida zavq bilan so‘zlab berardi. Uning hikoyalaridan oila a’zolari, xususan Furay’a zehnida ham Alloh elchisining muborak siymolari gavdalanar, qalbida muhabbat uyg‘onar edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga yetib kelishlari bilan Molik u zot bilan uchrashishga oshiqqan. Barcha oila a’zolari, jumladan, qizi Furay’a ham unga ergashib borgan.
Molik ibn Sinon farzandlariga biron qiymatli meros qoldirmay dunyoni tark etdi. Goho ular uyida biror yegulik ham topa olmay qolishardi. Eskirib to‘zib ketgan kiyimlarni yangilashga ham imkonlari yo‘q edi. Ammo ular Allohning bu sinoviga ham sabr qilishar, sadaqa so‘rashmas, hojatlarni bildirishmas edilar. Shundan so‘ng Alloh taolo ularni boy – badavlat qildi. Chiroyli sabrlari va Rasulullohga ixlos – sadoqtlari barokotidan yana ko‘p molu davlatga ega bo‘lishdi.
Furay’a Hazraj qabilasidan Sahil ibn Rofe’ ismli kishiga turmushga chiqqan edi. Bir muddat birga yashagach, eridan ajrab qoldi. Sahl qochib ketgan qullarni izlab yo‘lga chiqqanda, qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqqan qullar Madina yaqinida uni o‘ldirib ketishdi. Rofe’ning o‘limi haqida xabar kelganda Furay’a eriga Allohdan savob umid qilib sabr qildi. Yolg‘iz yordamchisiz qolgach uyiga, yaqinlari oldiga qaytdi.
Furay’a erining uyida to‘rt oy o‘n kun idda saqlab o‘tirdi. Iddasi tugagach, unga Sahil ibn Bishr uylandi. Sahil ansoriylarning Bani Zafar qabilasidan edi. Furay’a islomning barcha bosqichlarida eriga tobe, dinimiz izn bergan hamma ishlarda unga yordamchi bo‘lgan.
Furay’a binti Molik Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) majlislarida ishtirok etib, nubuvvat madrasasida tahsil olgan baxtiyor sahobiyalardan edi. Kuchli hofiza sog‘lom tafakkur egasi bo‘lgan bu ayol Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan saksonta hadis rivoyat qilgan. Undan esa Zaynab binti Ka’b ibn Hujra rivoyat qilgan. Furay’a rivoyat qilgan hadislarni Misr, Iroq, Shom, Hajoz va Madina faqihlari qabul qilib, hukmlar chiqarishgan.
Furay’a jannat bashorati ila sharaflangan sahobiyalar sirasiga kiradi. U hijratning oltinchi yili Hudaybiyada daraxt ostida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qilgan bir guruh sahobiyalar safida edi. Mushriklar musulmonlarni Makkai mukarramaga kirishdan to‘sib qo‘yganda bo‘lgan ushbu bay’atda ishtirok etganlar ahli jannat hisoblanishadi.
Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) Furay’a u bilan bay’atda hozir bo‘lgan sahobiyalarga jannat bashoratini berdilar. Ummu Mubashshir al–Ansoriydan rivoyat qilinishicha, u kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hafsa onamiz huzurida bunday deganlarni eshitgan: “Inshaalloh daraxt ostida bay’at qilganlarning hech biri do‘zaxga kirmaydi”.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan