Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Furay’a binti Molik

21.02.2017   10934   4 min.
Furay’a binti Molik

Bu ayol Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) suhbatlaridan bahramand bo‘lish sharafiga erishgan, ikki dunyo saodatini qo‘lga kiritgan ulug‘ sahobalardan edi. U nasl – nasabi mashhur ansoriylardan edi.

Furay’a binti Molik (raziyallohu anho) hamma yerda yaxshiliklar qilishga intilgan mashhur xonodonlardan birida ulg‘aydi. Islom tarixi mana shu ayolning barakotidan ezgulikka to‘lib toshgan voqea hodisalar bilan boydir. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) o‘sgan oilaning Islom dinini yoyish sohasidagi hizmatlari o‘zi alohida kitoblarga mavzu bo‘ladi.

Sahobiyaning otasi hazrati Molik ibn Sinon jannat bilan bashoratlangan buyuk sahobiy edilar. Abu Said Hudriy kunyasi bilan mashhur bo‘lgan Sa’d ibn Molik (raziyallohu anhu) uning akasi edi.

Furay’aning bir akasi esa ulug‘ sahobiy Qatoda ibn No‘mon Zafariy             (raziyallohu anhu) edi. Bu zot badr g‘azoti qahramonlaridan bo‘lgan. Uhud kuni jangda bir ko‘zi oqib tushdi. Shu holatda Rasululloh huzurlariga bordi. Payg‘ambarimiz muborak qo‘llari bilan ko‘zini joyiga qo‘yib, silab qo‘ydilar. Uning ko‘zi tuzalib, avvalgidan ham o‘tkir bo‘ldi.

Molik ibn Sinon hali Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga hijrat qilmaslaridan oldin ham oila a’zolariga u zot haqlarida zavq bilan so‘zlab berardi. Uning hikoyalaridan oila a’zolari, xususan Furay’a zehnida ham Alloh elchisining muborak siymolari gavdalanar, qalbida muhabbat uyg‘onar edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) Madinaga yetib kelishlari bilan Molik u zot bilan uchrashishga oshiqqan. Barcha oila a’zolari, jumladan, qizi Furay’a ham unga ergashib borgan.

Molik ibn Sinon farzandlariga biron qiymatli meros qoldirmay dunyoni tark etdi. Goho ular uyida biror yegulik ham topa olmay qolishardi. Eskirib  to‘zib ketgan kiyimlarni yangilashga ham imkonlari yo‘q edi. Ammo ular Allohning bu sinoviga ham sabr qilishar, sadaqa so‘rashmas, hojatlarni bildirishmas edilar. Shundan so‘ng Alloh taolo ularni boy – badavlat qildi. Chiroyli sabrlari va Rasulullohga ixlos – sadoqtlari barokotidan yana ko‘p molu davlatga ega bo‘lishdi.

Furay’a Hazraj qabilasidan Sahil ibn Rofe’ ismli kishiga turmushga chiqqan edi. Bir muddat birga yashagach, eridan ajrab qoldi. Sahl qochib ketgan qullarni izlab yo‘lga chiqqanda, qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqqan qullar Madina yaqinida uni o‘ldirib ketishdi. Rofe’ning o‘limi haqida xabar kelganda Furay’a eriga Allohdan savob umid qilib sabr qildi. Yolg‘iz yordamchisiz qolgach uyiga, yaqinlari oldiga qaytdi.

Furay’a erining uyida to‘rt oy o‘n kun idda saqlab o‘tirdi. Iddasi tugagach, unga Sahil ibn Bishr uylandi. Sahil ansoriylarning Bani Zafar qabilasidan edi. Furay’a islomning barcha bosqichlarida eriga tobe, dinimiz izn bergan hamma ishlarda unga yordamchi bo‘lgan.

Furay’a binti Molik Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) majlislarida ishtirok etib, nubuvvat madrasasida tahsil olgan baxtiyor sahobiyalardan edi. Kuchli hofiza sog‘lom tafakkur egasi bo‘lgan bu ayol Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan saksonta hadis rivoyat qilgan. Undan esa Zaynab binti Ka’b ibn Hujra rivoyat qilgan. Furay’a rivoyat qilgan hadislarni Misr, Iroq, Shom, Hajoz va Madina faqihlari qabul qilib, hukmlar chiqarishgan.

Furay’a jannat bashorati ila sharaflangan sahobiyalar sirasiga kiradi. U hijratning oltinchi yili Hudaybiyada daraxt ostida Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qilgan bir guruh sahobiyalar safida edi. Mushriklar musulmonlarni Makkai mukarramaga kirishdan to‘sib qo‘yganda bo‘lgan ushbu bay’atda ishtirok etganlar ahli jannat hisoblanishadi.

Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) Furay’a u bilan bay’atda hozir  bo‘lgan sahobiyalarga jannat bashoratini berdilar. Ummu Mubashshir al–Ansoriydan rivoyat qilinishicha, u kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  Hafsa onamiz huzurida bunday deganlarni eshitgan: “Inshaalloh daraxt ostida bay’at qilganlarning hech biri do‘zaxga kirmaydi”.

Davomi bor...

Manbalar asosida

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   17864   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari