Ulug‘ sahobiyya Xavla binti Sa’laba (raziyallohu anho) Islom tarixida nom qoldirgan mashxur ayollardan. U Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga birinchilar qatori iymon keltirib, mashhur sahoba Avs ibn Somitga turmushga chiqqan edi.
Soliha ayol Xavla eriga vafodorligi, bola tarbiyasida sabri, matonati bilan mashhur qozongan edi. Xavla zukko va dono ayol bo‘lib, oilasi, farzandlaridan mehrini ayamas edi, ularga chavandozlikni, kamondan o‘q otishni o‘rgatar edi.
Tarixchilar Xavla bilan bog‘liq mashxur voqeani manbalarda bunday zikr qiladi. Johiliyat davrida Avs ibn Somit xotiniga: “sen menga onam kabi san” deb qo‘ydi va bu aytgan gapidan pushaymon bo‘ldi. Xavla bu gapni Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam)ga aytganda “ey Xavla endi sen eringga xarom bo‘lding” dedilar. Xavla erini oqlab “Ey Allohning rasuli, erim keksayib, aqli zaiflashib qolgan, bolalarim esa yosh, endi men nima qilaman?” deb eridan ayrilgisi kelmayotganini bildirdi. Payg‘ambarmiz yana avvalgi javobni qaytardilar. Shunda Xavla binti Sa’laba yig‘lab Alloh taologa bunday duo qildi: “Allohim senga arz qilaman, meni bu mushkulotdan o‘zing qutqar. Robbim bu ishimizni yechimini Payg‘ambaring tiliga o‘zing tushurgin” dedi.
Oisha onamiz (raziyallohu anho) rivoyat qiladilar: men ham, boshqalar ham Havlaning holiga achinib yig‘ladik. Shu payt uning iltijolari, ohu faryodi Alloh taologa yetgani ma’lum bo‘ldi. Alloh taolo o‘z habibiga vahiy tushurib, ayolni sevintirdi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) tabassum qilib, tushgan oyatni tilovat qildilar:
قَدْ سَمِعَ اللَّهُ قَوْلَ الَّتِي تُجَادِلُكَ فِي زَوْجِهَا وَتَشْتَكِي إِلَى اللَّهِ وَاللَّهُ يَسْمَعُ تَحَاوُرَكُمَا إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ (1) الَّذِينَ يُظَاهِرُونَ مِنْكُمْ مِنْ نِسَائِهِمْ مَا هُنَّ أُمَّهَاتِهِمْ إِنْ أُمَّهَاتُهُمْ إِلَّا اللَّائِي وَلَدْنَهُمْ وَإِنَّهُمْ لَيَقُولُونَ مُنْكَرًا مِنَ الْقَوْلِ وَزُورًا وَإِنَّ اللَّهَ لَعَفُوٌّ غَفُورٌ
“Ey Muhammad Alloh o‘z jufti haqida siz bilan bahslashayotgan va Allohga arz qilayotgan ayolning so‘zini eshitdi. Alloh ikkovingizning so‘zlashuvungizni eshitur. Albatta Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir. Oralaringizdagi o‘z xotinlarini “zihor” qiladigan kishilarga ular (xotinlarni also) onalari emasdirlar. Ularning (chin) onalalari (ularni) tuqqan ayollardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg‘on so‘z ayturlar. (Lekin) Alloh afv etuvchi va kechiruvchidir”.
Xavla binti Sa’laba eriga bu xabarni aytganda Avs nihoyatda sevinib ketdi.
Xavla erining vafotidan so‘ng turmush qurmadi. U eriga ko‘p achinar, doim uning haqqiga duo qilar edi. Eriga Allohdan mag‘firat tilardi. Payg‘ambar (salollohu alayhi vasallam) qachon Havlani ko‘rsalar: “Assalomu alaykum, ey duosini Alloh ijobat etgan ayol, ey so‘zini Alloh tinglagan ayol” deb salomlashar edilar.
Bir kuni Umar ibn Hattob (raziyallohu anhu) masjiddan qaytayotganda bir ayol yo‘lini to‘sib chiqib, nasihat qila boshladi: “Ey Umar sen bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan bo‘ldining. Bugun esa “Mo‘minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, ma’sulyat bobida Alloh taolodan qo‘rq, kim qiyomat kunidan qo‘rqsa, kim o‘limdan qo‘rqsa, o‘tkinchi narsalar ham uni qo‘rquvga soladigan bo‘ladi”.
Hamrohlari Hazrati Umarga: “Shu kampirning gapini quloq solib o‘tiribsizmi?” deyishdi. Shunda Hazrati Umar: “Bu ayolning kimliginni bilmaysizmi? U Avs ibn Somitning xotini Xavla binti Sa’laba bo‘ladi. Bu ayolning so‘zini Alloh taolo eshitgan-u, Umar eshitmasinmi?” dedilar.
Zihor muommosi hal etilishida sababchi bo‘lgan taqvodor, eriga vafodor bo‘lgan bu ayol sahobiyyalar ichida ko‘rkam va iforli gul misli yashab o‘tdi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin.
Davomi bor...
Manbalar asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Hayotda ko‘pincha to‘g‘ri yo‘nalish emas, balki tezlashish o‘rgatiladi. Tezroq yurish, tezroq yetib borish, hamma narsani tezroq bajarish... Lekin hech kim to‘xtab: “Bunchalik shoshilishdan maqsad nima?” deb so‘ramaydi. Inson tinimsiz harakatda bo‘lishni erishish, tabiiy hayot tarzi deb o‘ylab, sarflanayotgan umri evaziga aslida nimaga erishayotgani haqida o‘ylamay qo‘yadi.
Ba’zan yo‘lni yo‘qotdik, deb o‘ylaymiz. Holbuki, yo‘qoladigan narsa yo‘l emas, balki to‘g‘ri yo‘nalishdir. Bu yo‘nalish xaritadagi chiziqlar yoki telefondagi yo‘l ko‘rsatkich emas, balki Alloh taolo borlig‘imizga jo qilgan ichki yo‘naltirgich, ya’ni fitratimizdir.
Bu ichki yo‘naltirgich ba’zan to‘g‘ri tomonni ko‘rsatmayotgandek tuyuladi. Dunyo tashvishlari, nafs istaklari ko‘payib ketganida, u sarson bo‘ladi yo qotib qoladi. Shunda biz uni buzildi deb o‘ylaymiz. Lekin fitrat buzilmaydi, shunchaki biz unga ahamiyat bermay qo‘ygan bo‘lamiz. Ba’zilar bu yo‘naltirgichni boshqalarning qo‘liga berib qo‘yadi...
Yo‘nalishini yo‘qotgan odam to‘g‘ri yo‘lga qaytishi kerak. Bu qaytish shunchaki bir manzilga qaytib borishmas, balki ichki dunyomizdagi tarqoqlikni jamlash, fitratimizga qaytishdir. Shunda inson dunyoning “hammasiga erishish” vasvasasidan xalos bo‘ladi. O‘tmishdagi xato va sinovlardan ibrat oladi, ammo ularni o‘ziga og‘ir yuk qilib olmaydi. Boshqalardan va hayotdan juda ko‘p narsa kutishni to‘xtatadi...
Haqiqiy xotirjamlik – hamma narsa mukammal bo‘lishi deganimas. Inson o‘z harakat doirasi chegarasiga yetganida Allohning qazo va qadariga rozi bo‘lsa xotirjamlik topadi. Bu loqaydlik emas.
Musulmon kishi ham xursand bo‘ladi, qayg‘uradi, boshqalar kabi yashaydi. Lekin u o‘tkinchi tuyg‘ular, orzu-havaslar aro sarson bo‘lib qolmaydi. Chunki dunyodagi har bir holat vaqtinchalik sinov ekanini yaxshi anglaydi.
Inson o‘zligiga qaytganida boshqalarning yukini yelkasiga olishga urinmaydi. Yordam beradi, lekin har kim o‘z qismati va qilmishi uchun o‘zi mas’ul ekanini tushunadi. Boshqalarning aybiga qaramay, o‘z xatolarini tuzatish bilan band bo‘ladi. Muhimi, har ishida shoshqaloqlik qilmaydi. Chunki oxiratga va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘lni shoshib bosib o‘tib bo‘lmasligini biladi.
Aytilganidek: “Kim o‘zini tanisa, Rabbini taniydi”. Bu martabaga erishgan qalb esa hech qachon adashmaydi.
Abdulatif ABDULLOH