بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar). (Tahrim 6)
Hikoya qilinishicha, kunlardan bir kuni tariqat va karomat sohibi Shayx Hiraviyning huzuriga bir keksa ayol qo‘lida maktub bilan kirib keldi. Maktubda “marhamat qilib o‘g‘limni hidoyat topishi uchun Alloh taologa duo qilib bersangiz, chunki u yomon ishlarni qilib yuribdi”, deb yozilgan edi. Shunda Shayx: “ota-onasining duosi isloh qilmasdan, shayxning duosiga muhtoj bo‘ladigan bolaning holiga voy bo‘lsin. Bunday bolaga shayxning duosi faqatgina jazoni ziyoda qiladi”, dedilar. So‘ngra ey onaxon, siz borib bu kecha namoz o‘qing va ortidan o‘g‘lingizni hidoyat topishini so‘rab, Alloh taologa duo qiling, dedilar. Onaxon ketdi va shayxning aytganlarini qildi. Ammo o‘g‘lida biror o‘zgarish ko‘rmadi, u o‘sha-o‘sha ichkiligu yomon ishlarini qilishda davom etardi. Onaxon yana shayxning yoniga qaytdi va o‘zgarish bo‘lmaganini aytib yig‘lab, shunday dedi: “uni juda yaxshi ko‘raman, uni o‘ylab yuragim ezilib ketmoqda, qilmishlari tufayli qiyomat kunida do‘zaxga giriftor bo‘lishidan qo‘rqaman, men uning firoqiga chiday olmayman. Hazrat unga duo va nasihat qiling, unga bu azoblardan xalos bo‘ladigan yo‘lni ko‘rsating, men ortiq chiday olmayman”. U o‘zini yig‘idan to‘xtata olmasdan bu gaplarini qayta-qayta takrorlardi. Shayxning unga rahmi keldi va u ham yig‘lab mahzun bo‘ldi. So‘ngra unga: “ey onajon, yana bu kecha ham joynamozni yozing, Alloh huzurida toat bilan turing, tazarru’ bilan duo qiling, men ham shunday qilaman, shoyad Alloh unga tavbani nasib qilsa”, dedi. Onaxon uyiga ketdi va ibodatda qoim bo‘ldi va yig‘lab: “Allohim, bolamga hidoyat bergin, Allohim, bolamni badbaxt qilmagin”, deya munojot qildi. Shayx ham uyida xuddi shunday duo qilib turardi. Bu paytda onaxonning o‘g‘li mast, qo‘lida qadah, aroqxo‘rlik bilan mashg‘ul edi. Shu asnoda qo‘lidagi qadahdan: agar bu kecha onangni rozi qilmasang, kofir bo‘lib o‘lgin, degan ovozni eshitdi. U buni eshitib qo‘lidagi qadahni uloqtirdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. So‘ng o‘rnidan turib yig‘lagancha uyiga ketdi. U hali ham mast edi. Onaxon o‘g‘lini ko‘rib: voy o‘g‘ilginam, voy ko‘zimning oqu-qorasi deya yig‘lardi. O‘g‘il onasining yig‘isini eshitib, o‘zini onasining oyoqlari ostiga tashladi Ona yig‘lab bolasini quchog‘iga oldi. Shunda bola qalbining tub-tubidan chiqarib: Yo Alloh, dedi-yu hushdan ketib yiqildi. Shu yotishda tong otganda ham o‘ziga kelmadi. Onaxon tinmay yig‘lardi, so‘ng u o‘rnidan turib yana shayx yoniga keldi, unga o‘g‘lining holatini gapirib berdi. Shayx unga: o‘g‘lingizni bir ulovga yuklang va uni Ka’baga olib boring, shoyad, Baytullohning barakoti bilan o‘ziga kelsa, qaytishda esa Lubnon tog‘i orqali qayting, dedi. So‘ngra onaxon o‘g‘lini bir ulovning ustiga ortib Ka’baga olib bordi. Keyin Lubnan tog‘i orqali qaytdi. Onaxon u yerda qo‘llarida ichida mayyiti bor tobutni olib turishgan olti kishini ko‘rdi. Onaxon ulardan: “bu qanday tobut”, deb so‘radi. Ular: bu shayximizning tobuti, u zot vafot etdilar, biz esa janoza o‘qib beradigan imomni kutib o‘tiribmiz, uni o‘zimizga shayx qilib olamiz, u shayximiz o‘rinlariga o‘tiradi, deyishdi. Onaxon taajjublanib: “kim u imom?”, deb so‘radi. Ular: o‘g‘lingiz, chunki u duoingiz sababli valiylar darajasiga erishdi, deyishdi. Shu payt onaxonning o‘g‘li o‘ziga kelib, ulovdan tushdi va tahorat oldi. So‘ng janoza namozini o‘qishga kirishib: “Allohu akbar” degan edi, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajadagi ko‘pchilikning “Allohu akbar” deganlarini eshitdi. Ularning ovozlarini eshitdi-yu, biroq o‘zlarini ko‘ra olmadi. Namoz o‘qib bo‘lishgach: onajon boring, endi ko‘rishish qiyomatga qoldi, dedi. Onaxonning o‘g‘li ham, uning yonidagi haligi olti kishi ham shu yerda qoldi. Onaxon aql hushidan ayrilgandek yig‘lab hayron bo‘lib qoldi.
Bolasi iymonidan ajralib qolish xavfini qilgan kishining holati shu darajada bo‘lsa, iymondan Islomdan ajralib qolish xavfidagi kishining holati qay darajada bo‘lar ekan? Ey Allohim, O‘z rahmating bilan bizlarni o‘lim chog‘ida ham, hayotda ham Islomda, iymonda sobitqadam qilgin, ey mehribonlar mehriboni.
O‘MI kutubxonasi
#ta'ziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax shahar "Imom Buxoriy" jome masjidi imom-xatibi Ma’rufxon domla Hoshimxonovning padari buzrukvori Muhsinxon eshon boboning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhumning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Ma’rufxon domlaga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Janoza namozi ertaga, 27 iyul kuni soat 09:00 da Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanidagi o‘z xonadonida o‘qiladi.
Manzil lokatsiyasi
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz