Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Ona duosi

16.02.2017   13877   5 min.
Ona duosi

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ

Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar). (Tahrim 6)

Hikoya qilinishicha, kunlardan bir kuni tariqat va karomat sohibi Shayx Hiraviyning huzuriga bir keksa ayol qo‘lida maktub bilan kirib keldi. Maktubda “marhamat qilib o‘g‘limni hidoyat topishi uchun Alloh taologa duo qilib bersangiz, chunki u yomon ishlarni qilib yuribdi”, deb yozilgan edi. Shunda Shayx: “ota-onasining duosi isloh qilmasdan, shayxning duosiga muhtoj bo‘ladigan bolaning holiga voy bo‘lsin. Bunday bolaga shayxning duosi faqatgina jazoni ziyoda qiladi”, dedilar. So‘ngra ey onaxon, siz borib bu kecha namoz o‘qing va ortidan o‘g‘lingizni hidoyat topishini so‘rab, Alloh taologa duo qiling, dedilar. Onaxon ketdi va shayxning aytganlarini qildi. Ammo o‘g‘lida biror o‘zgarish ko‘rmadi, u o‘sha-o‘sha ichkiligu yomon ishlarini qilishda davom etardi. Onaxon yana shayxning yoniga qaytdi va o‘zgarish bo‘lmaganini aytib yig‘lab, shunday dedi: “uni juda yaxshi ko‘raman, uni o‘ylab yuragim ezilib ketmoqda, qilmishlari tufayli qiyomat kunida do‘zaxga giriftor bo‘lishidan qo‘rqaman, men uning firoqiga chiday olmayman. Hazrat unga duo va nasihat qiling, unga bu azoblardan xalos bo‘ladigan yo‘lni ko‘rsating, men ortiq chiday olmayman”. U o‘zini yig‘idan to‘xtata olmasdan bu gaplarini qayta-qayta takrorlardi. Shayxning unga rahmi keldi va u ham yig‘lab mahzun bo‘ldi.  So‘ngra unga: “ey onajon, yana bu kecha ham joynamozni yozing, Alloh huzurida toat bilan turing, tazarru’ bilan duo qiling, men ham shunday qilaman, shoyad Alloh unga tavbani nasib qilsa”, dedi. Onaxon uyiga ketdi va ibodatda qoim bo‘ldi va yig‘lab: “Allohim, bolamga hidoyat bergin, Allohim, bolamni badbaxt qilmagin”, deya munojot qildi. Shayx ham uyida xuddi shunday duo qilib turardi. Bu paytda onaxonning o‘g‘li mast, qo‘lida qadah, aroqxo‘rlik bilan mashg‘ul edi. Shu asnoda qo‘lidagi qadahdan: agar bu kecha onangni rozi qilmasang, kofir bo‘lib o‘lgin, degan ovozni eshitdi. U buni eshitib qo‘lidagi qadahni uloqtirdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi. So‘ng o‘rnidan turib yig‘lagancha uyiga ketdi. U hali ham mast edi. Onaxon o‘g‘lini ko‘rib: voy o‘g‘ilginam, voy ko‘zimning oqu-qorasi deya yig‘lardi. O‘g‘il onasining yig‘isini eshitib, o‘zini onasining oyoqlari ostiga tashladi Ona yig‘lab bolasini quchog‘iga oldi. Shunda bola qalbining tub-tubidan chiqarib: Yo Alloh, dedi-yu hushdan ketib yiqildi. Shu yotishda tong otganda ham o‘ziga kelmadi. Onaxon tinmay yig‘lardi, so‘ng u o‘rnidan turib yana shayx yoniga keldi, unga o‘g‘lining holatini gapirib berdi. Shayx unga: o‘g‘lingizni bir ulovga yuklang va uni Ka’baga olib boring, shoyad, Baytullohning barakoti bilan o‘ziga kelsa,  qaytishda esa Lubnon tog‘i orqali qayting, dedi. So‘ngra onaxon o‘g‘lini bir ulovning ustiga ortib Ka’baga olib bordi. Keyin  Lubnan tog‘i orqali qaytdi. Onaxon u yerda qo‘llarida ichida mayyiti bor tobutni olib turishgan olti kishini ko‘rdi. Onaxon ulardan: “bu qanday tobut”, deb so‘radi. Ular: bu shayximizning tobuti, u zot vafot etdilar, biz esa janoza o‘qib beradigan imomni kutib o‘tiribmiz, uni o‘zimizga shayx qilib olamiz, u shayximiz o‘rinlariga o‘tiradi, deyishdi. Onaxon taajjublanib: “kim u imom?”, deb so‘radi. Ular: o‘g‘lingiz, chunki u duoingiz sababli valiylar darajasiga erishdi, deyishdi. Shu payt onaxonning o‘g‘li o‘ziga kelib, ulovdan tushdi va tahorat oldi. So‘ng janoza namozini o‘qishga kirishib: “Allohu akbar” degan edi, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajadagi ko‘pchilikning “Allohu akbar” deganlarini eshitdi. Ularning ovozlarini eshitdi-yu, biroq o‘zlarini ko‘ra olmadi. Namoz o‘qib bo‘lishgach: onajon boring, endi ko‘rishish qiyomatga qoldi, dedi. Onaxonning o‘g‘li ham, uning yonidagi haligi olti kishi ham shu yerda qoldi. Onaxon aql hushidan ayrilgandek yig‘lab hayron bo‘lib qoldi.

Bolasi iymonidan  ajralib qolish xavfini qilgan kishining holati shu darajada bo‘lsa, iymondan Islomdan ajralib qolish xavfidagi kishining holati qay darajada bo‘lar ekan? Ey Allohim, O‘z rahmating bilan bizlarni o‘lim chog‘ida ham, hayotda ham Islomda, iymonda sobitqadam qilgin, ey mehribonlar mehriboni. 

O‘MI kutubxonasi

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Holva” degan bilan...

15.09.2026   14163   2 min.
“Holva” degan bilan...

Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:

1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).

2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.

3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.

Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi

Maqolalar