2017 yil 14 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi futbol jamoalari o‘rtasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” munosabati bilan o‘tkazilgan futbol turniri ham o‘z nihoyasiga yetdi. Final o‘yinida, “Hazrati imom” va “Buxoriy avlodlari” jamoalari o‘zaro to‘p surishdi.
Ushbu uchrashuvga xalqaro toifadagi futbol referilari va futbol ixlosmandlari tashrif buyurishdi. Tomoshabinlarning gulduros qarsaklari ostida boshlangan final o‘yini, juda ham qiziqarli va murosasiz kechdi. Yurtimizda qish fasli bo‘lgani sababli, havo biroz yomg‘irli bo‘lgan bo‘lsada, lekin bu futbolchilarning o‘yinlari va kayfiyatlariga aslo ta’sir ko‘rsatmadi, aksincha, samodan yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilari ularga o‘zgacha kuch-quvvat va tetiklik bag‘ishladi. Demak, quyida final uchrashuvi natijalari va turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan futbolchilar bilan tanishasiz:
1-o‘rin "Buxoriy avlodlari" jamoasi.
2-o‘rin “Hazrati Imom” jamoasi.
3-o‘rin “Movarounnahr” jamoasi.
Turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanganlar:
Final o‘yini yakunida, joriy turnirga mezbonlik qilgan Toshkent islom instituti tomonidan g‘olib jamoalar va mehmonlarga faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
axborot xizmati
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.