Bir shaharda donishmand yashagan ekan. Turli joylardan uning oldiga maslahat uchun odamlar kelishar ekan. U odamlarga qimmatli maslahatlar berar ekan. Uning ovozasi uzoq-uzoq o‘lkalarga yetibdi.
Boshqa bir shaharda donishmandligi bilan dong taratgan bir odamning qulog‘iga ham bu xabarlar yetib boribdi. U odamlar orasida o‘z obro‘sini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zining o‘sha donishmanddan ustunligini isbotlamoqchi bo‘libdi va shunday reja tuzibdi. "Bir kapalakni tutib, ikki kaftim orasiga olib, hammaning oldida donishmandning oldiga boraman. "Kaftim orasida nima bor?" deb so‘rayman. Albatta u kapalak, deb javob beradi. Shunda men: "U tirikmi yoki o‘likmi?" deb so‘rayman. Agar u tirik, desa, men kaftimni bildirmasdan siqib, ochganimda hamma kapalakning tirik emasligini ko‘radi. Agarda u kapalakni o‘lik, desa, men kaftimni ochib, uni uchirib yuboraman, hamma kapalakning tirik ekanini ko‘radi, shunda barcha uning xato qilganini sezadi", deb o‘ylabdi.
U aytganini qilib, kapalakni olib donishmandning oldiga boribdi va "Qo‘limdagi nima?" deb so‘rabdi. "Kapalak", deb javob beribdi donishmand. "U tirikmi yoki o‘likmi?", deb so‘rabdi kelgan donishmand. "Bu endi senga bog‘liq", deb javob beribdi donishmand uning ko‘ziga qarab.
Bilginki, o‘zingning kuchingga ortiqcha baho berishing seni ham mana shunday uyaltirib qo‘yishi mumkin. Donishmandlar: "O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil", deb bejiz aytishmagan.
Akbarshoh RASULOV
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV