Bir shaharda donishmand yashagan ekan. Turli joylardan uning oldiga maslahat uchun odamlar kelishar ekan. U odamlarga qimmatli maslahatlar berar ekan. Uning ovozasi uzoq-uzoq o‘lkalarga yetibdi.
Boshqa bir shaharda donishmandligi bilan dong taratgan bir odamning qulog‘iga ham bu xabarlar yetib boribdi. U odamlar orasida o‘z obro‘sini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, o‘zining o‘sha donishmanddan ustunligini isbotlamoqchi bo‘libdi va shunday reja tuzibdi. "Bir kapalakni tutib, ikki kaftim orasiga olib, hammaning oldida donishmandning oldiga boraman. "Kaftim orasida nima bor?" deb so‘rayman. Albatta u kapalak, deb javob beradi. Shunda men: "U tirikmi yoki o‘likmi?" deb so‘rayman. Agar u tirik, desa, men kaftimni bildirmasdan siqib, ochganimda hamma kapalakning tirik emasligini ko‘radi. Agarda u kapalakni o‘lik, desa, men kaftimni ochib, uni uchirib yuboraman, hamma kapalakning tirik ekanini ko‘radi, shunda barcha uning xato qilganini sezadi", deb o‘ylabdi.
U aytganini qilib, kapalakni olib donishmandning oldiga boribdi va "Qo‘limdagi nima?" deb so‘rabdi. "Kapalak", deb javob beribdi donishmand. "U tirikmi yoki o‘likmi?", deb so‘rabdi kelgan donishmand. "Bu endi senga bog‘liq", deb javob beribdi donishmand uning ko‘ziga qarab.
Bilginki, o‘zingning kuchingga ortiqcha baho berishing seni ham mana shunday uyaltirib qo‘yishi mumkin. Donishmandlar: "O‘zingni er bilsang, o‘zgani sher bil", deb bejiz aytishmagan.
Akbarshoh RASULOV
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.
- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.
Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati