Abdulla Avloniy: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, degan edi. Darhaqiqat, oilada farzand tug‘ilishi bilan uning ota-onasi va yaqinlari, avvalo, uni tarbiya qilish haqida qayg‘uradilar. Ismni ham yaxshi inson bo‘lsin, degan pok niyatlar bilan eng chiroylisini tanlaydilar. Olam-olam orzular, chaqaloqni hech narsadan kam qilmay ulg‘aytirish kerak degan maqsadlar bilan ota-ona farzandi uchun yashay boshlaydi. Biroq asosiy mohiyatni ba’zan unutib qo‘yadi. Tarbiya...
“Garchi har bir inson beshikdan to qabrgacha ilm olish qobiliyatiga ega bo‘lsa‑da, lekin uni bolalikdan tarbiyalash ta’sirliroq va juda muhimdir”, degan ekan Fitrat. Har bir ota-ona ana shu fikrni hamisha yodda tutmog‘i lozimdir. Binobarin, murg‘ak bolalar ongiga atrofdagilarning har bir so‘zi, qilayotgan ishlari saqlanib, kelajakda mustaqil bo‘lganida ana shu xotiralari bilan ish yuritadi. Demak, farzand tarbiyasi uchun avvalo oila a’zolarining o‘zi ham bevosita o‘rnak bo‘lishi kerak.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”. Haqiqatdan ham, farzandlarning go‘zal odob bilan bezanganligi Yaratgan nazdida muhim fazilatdir. Ushbu hadisni idrok etgan holda, har bir ota-ota o‘z dilbandining xulq-atvori, ma’naviyatiga chuqur e’tibor qaratishi, tarbiyasini doimo nazorat qilib borishi maqsadga muvofiqdir.
Yana bir muhim jihat – bolalarni bekor qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki bekorchilik har qanday yot fikrlarga yo‘l ochib berishi shubhasizdir. Bu borada hadisi shariflardan birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Avlodlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar”, deganlar. Xuddi shunday, mazkur hadis bugun uchun ham ahamiyatlidir. Binobarin, bugungi kunda ham sog‘liqni saqlash, xastaliklarga chalinmaslik uchun badantarbiya qilish, sport bilan shug‘ullanish muhim hisoblanadi. Shu sababdan ham yosh avlod vakillari turli sport to‘garaklari, jismoniy mashg‘ulotlar va musobaqalarga jalb etilmoqda. Har tomonlama barkamol, yetuk yoshlarimiz jahon minbarlarida yuqori o‘rinlarni egallamoqdalar. Demak, yoshlarni sport to‘garaklari bilan band etish bir tarafdan uning vaqtini foydali mashg‘ulotlarga jalb etadi, ikkinchidan esa uning sog‘lom va fikri teran bo‘lishi uchun xizmat qiladi.
Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy esa tarbiyaning samarasi haqida qimmatli misrasini bitgan:
Qatraga chun tarbiyat etdi sadaf,
El boshiga chiqquncha topdi sharaf.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bunday degan: “Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, imon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir”. Chindan ham, bugun farzandlarning baxtu saodati, yorug‘ kelajagi uchun yurtimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘g‘il-qizlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, yuksak iste’dod sohibi bo‘lishi ota-ona hamda Vatani oldidagi farzandlik burchidir.
Ming afsuski, bugungi kunda ko‘plab buzg‘unchiliklar va razilliklarga sabab bo‘layotgan kimsalar uchrab turibdi. Ularning asosiy e’tiborlari yoshlar ongiga qaratilgani achinarlidir. Oilada yetarli tarbiya va mehr olmagan aksariyat yoshlarning buzg‘unchi oqimlarga kirib qolayotgani ham ayni haqiqatdir. Ushbu hodisalarni ko‘rib, bilib turgan har bir ongli inson farzandlarini bu xurujlardan himoya qilish maqsadida avvalo tarbiya ishlarini olib borishi, ayniqsa, bolaligidanoq nima halolu nima harom, Islom dinining musaffo e’tiqodlari haqida tushunchalar berishi zamon talabidir. Binobarin, ertangi kunning egalari kelajak taraqqiyotini belgilaydi.
Xoja Samandar Termiziy aytganidek:
Tarbiyadan tuproq gavhar bo‘ladi.
Nof ichra qon mushki asg‘ar bo‘ladi.
Qiymatsiz qora bir temirni iksir,
Tarbiya aylagach sof zar bo‘ladi!
Dilshod SOLIHOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom
bilim yurti 4-kurs talabasi
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.